10:24 / 12.09.2022
2517

Singapur raqamli mobil aloqa operatori O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekiston iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari Singapurda taqdim etildi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston elchixonasida Singapurning yirik Food Empire kompaniyasi ko‘magida “O‘zbekiston zamonaviy iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati – Singapur kompaniyalari uchun yangi biznes imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Unda Food Empire, Tech Storm, Wine Tatler, Universal Integrated Corporation Consumer Producs, Zero1, Oceanus Group, SCash, Power Hero, Farquhar VC kabi yigirmadan ortiq kompaniyalar rahbarlari, Enterprise Singapore davlat korporatsiyasi departamenti direktori o‘rinbosari Ikai Yao ishtirok etdi.

Zero1 kompaniyasi raisi va ta’sischisi Styuart Tan ta’kidlashicha, Singapurdagi raqamli mobil aloqa operatori bo‘lmish uning kompaniyasi virtual raqamli mobil aloqa operatori sifatida O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor.

Universal Integrated Corporation Consumer Producs kompaniyasi boshqaruvchi direktori  Ko Xiap iqtisodiyot turli tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi sohasida (chorvachilik, go‘shtni qayta ishlash va eksport qilish) hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish uchun o‘z kompaniyasi xodimlarini O‘zbekistonga yuborishga qiziqish bildirdi.

Top