Hayraton shahridagi og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalarga insonparvarlik yordami yetkazib berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekistonning Mozori-Sharifdagi konsulligi vakillari tomonidan 24 tonnadan iborat insonparvarlik yuklari Afg‘onistonning Balx viloyati, Hayraton shahrida og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalarga yetkazib berildi.
120 ta oilaga mo‘ljallangan 8 turdagi zarur oziq-ovqat mahsulotlari (50 kilogrammdan un, 25 kilogrammdan guruch, 10 kilogrammdan shakar, 10 litrdan yog‘, 10 bankadan tushonka, 10 bankadan murabbo, 2 qutidan makaron, 2 qutidan lapsha) Hayraton shahri ma’muriyati rahbari Xaliulloh Foruqiy, Afg‘oniston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirokida fuqarolarga topshirildi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan 58 tonnalik zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yuklari Afg‘onistonning Balx viloyati shimolidagi Kaldor tumanida og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 420 ta oilaga yetkazib berilgandi.