O‘zbekiston | 11:45 / 16.09.2022
7327
17 daqiqa o‘qiladi

Bugungi kunda O‘zbekistonda qon saratoni bilan og‘rigan bemorlarga qanday yordam ko‘rsatilyapti?

Har yili O‘zbekistonda ko‘p insonlar qon saratoniga chalinadi. So‘nggi yillarda o‘zbek shifokorlari onkogematologik kasalliklarni davolashda sezilarli yutuqlarga erishganiga qaramay, respublikada suyak iligi transplantatsiyasi hali ham yo‘lga qo‘yilmagan va G‘arb mamlakatlarida davolash standarti hisoblangan ba’zi zamonaviy dorilar bilan terapiya mavjud emas. Bugungi kunda O‘zbekistonda qon saratoni bilan og‘rigan bemorlarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani, ularga COVID-19 qanday ta’sir qilgani va mamlakatimizda onkogematologik kasalliklar bilan bog‘liq vaziyatni qanday yaxshilash mumkinligi haqida O‘zbekiston Respublikasi bosh gematologi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti gematologiya va transfuziologiya kafedrasi mudiri Eldor Jasurovich Isxakov so‘zlab berdi.

 

- Hozirgi kunda O‘zbekistonda onkogematologik kasalliklar bilan kasallanish va undan o‘lim oqibatlari bo‘yicha statistika qanday?

- 2020 yilning oxirida O‘zbekistonda onkologik profildagi bemorlarning kontingenti 107 196 nafarni tashkil qildi. 2020 yilda dispanser hisobida turgan bemorlar kontingentining asosiy hajmi sut bezi (19,5 foiz), bachadon bo‘yni (8,5 foiz), teri (8,1 foiz), bachadon tanasi (4,7 foiz), tuxumdonlar (4,1 foiz), me’da (4,0 foiz), bosh miya (4,0 foiz), buyraklar (3,2 foiz), noxodjkin limfomalarining (3,1 foiz) yomon sifatli yangi hosil bo‘lishlari bo‘lgan patsiyentlardan shakllangan. Onkologik kasalliklarning taxminan 10 mingta holati o‘tkir leykozlarning 1 000ta holatiga to‘g‘ri keladi. Leykoz bilan kasallangan 300ta patsiyentlar - bolalarni, qolgan 700tasi esa - kattalarni tashkil qiladi. Agar onkogematologiya haqida umuman so‘z yuritadigan bo‘lsak, har yili taxminan 1500ta surunkali leykozi bo‘lgan birlamchi bemorlar va taxminan 1000ta holatlarda limfomasi bo‘lgan patsiyentlar aniqlanadi.

O‘zbekistonda onkogematologik kasalliklar bilan kasallanganlar o‘rtasida o‘lim holatlari boshqa mamlakatlarga qaraganda yuqoriroqdir, chunki bizda suyak iligi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagan. O‘tkir leykozi bo‘lgan kattalardan 700tasining kamida 30 foizi sog‘ayib ketishi mumkin, qolgan 70 foizi esa transplantatsiya o‘tkazilishiga muhtojdir. Ya’ni, 30 foiz patsiyentlar nisbatan uzoqroq umr ko‘rishlari mumkin, qolgan 70 foizi esa bir necha yillar mobaynida vafot etadi.

Kattalardan farqli leykozi bo‘lgan bolalarda yashab qolish ancha yuqoriroqdir: o‘tkir leykozi bo‘lgan 70 foiz bemor bolalar sog‘ayib ketadi, qolganlari transplantatsiya o‘tkazilishiga muhtoj. Statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, unda taxminan 70 foiz bolalar leykemiyadan, o‘tkir leykemiyadan, xususan, o‘tkir dimfoblast leykozdan sog‘ayib ketishi mumkin. Ammo o‘tkir leykozning kam hollarda uchraydigan shakllari ham bor, ularni butun dunyo bo‘ylab davolab bo‘lmaydi, masalan, leykozlarning T-limfoblast, miyeloid shakllari. Patsiyentlarning ushbu guruhidagi o‘lim darajasi baland.

- Siz O‘zbekistonda suyak iligi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagan deb ta’kidlab o‘tdingiz. Bu amaliyot patsiyentlarning ko‘pchiligiga zarurmi? U qayerda amalga oshirilmoqda?

- Bugungi kunda O‘zbekistonda suyak iligining transplantatsiyasi ehtiyoji juda ham yuqoridir. Har yili unga taxminan 200 nafar bolalar muhtojdir (nafaqat leykozi bo‘lgan, balki boshqa kasalliklarga ega bo‘lganlar ham). Transplantatsiya zarur bo‘lgan kattalar kamida uch marta ko‘proqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashkil etilgan og‘ir gematologik kasalliklari bo‘lgan patsiyentlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fond faqat bolalar uchun xorijda transplantatsiyani olishga ko‘maklashib kelmoqda. Shuning bilan birga, bizda og‘ir kasalligi bo‘lgan bolalarning xorijda davolanishi, jumladan suyak iligi transplantatsiyasi o‘tkazilish xarajatlarini qoplab beruvchi bolalar fondi paydo bo‘ldi.

Hozirda Respublikamiz rahbariyati mutaxassislarni xorijga o‘qitishga yuborish uchun juda katta kuchlarni sarf qilib kelmoqda. Prezidentimiz tomonidan aseptik korpuslarni qurish uchun qo‘shimcha mablag‘larni ajratish to‘g‘risida qaror imzolangan, shuningdek xorijiy mutaxassislarni taklif qilishga budjet ajratilgan, ular yurtimizga faoliyat yuritishga kelishadi va mutaxassislarimizni o‘qitishadi. Agar hammasi rejadagidek ketsa, korpus qurib bitirilsa, qimmatbaho dori preparatlari bilan uzluksiz ta’minot yo‘lga qo‘yilsa, mutaxassislarimiz ushbu murakkab usullarni o‘zlashtirib olsalar, u holda bir necha yil o‘tib gematologiyaning ikki - kattalar va bolalar markazlarida suyak iligi transplantatsiyasi bo‘yicha bo‘linmalar ochiladi. Ammo shuni aytib o‘tishim joizki, bularning barchasi yetarli emas. Shuning uchun, biz bunday bo‘linmalar nafaqat ikki markazda, balki mamlakatimizning hududlarida ham ochilishi bo‘yicha masalani Vazirlar Mahkamasi, Prezidentning oldiga qo‘yamiz.

- Eldor Jasurovich, hududlarda onkogematologik kasalliklari bo‘lgan patsiyentlarga yordam ko‘rsatish imkoni bormi yoki bunday bemorlar faqat Toshkentda davolanadimi?

- Bizda har bir hududda ko‘p tarmoqli viloyat klinikalarida 25-35 o‘ringa ega bo‘lgan gematologiya bo‘linmalari bor. Ammo ko‘pchilik hududlarda davolash uchun sharoitlar yo‘q - malakali shifokorlar yetmaydi, diagnostika masalalari oqsoqlanadi, o‘tkir leykozning davolanishi esa - bu yuqori mahoratni talab etadi. Shuning uchun hududlardan bizning hamkasblarimiz barcha birlamchi onkogematologik bemorlarni Toshkentga, bizning markaziy muassasaga, diagnostika, dastlabki hisobga olish va birlamchi og‘ir davolash uchun yuborishadi. Bundan so‘ng, ushbu patsiyentlar kimyoviy davolashning asosiy og‘ir kurslarini qabul qilishganidan so‘ng, ular hududlarga jo‘nab ketishadi, u yerda mahalliy gematologlar ularni davolashadi.

Bolalar bilan esa holat biroz boshqacha bo‘ladi. Onkogematologik kasalliklari aniqlangan bolalar bizga, Toshkentga jo‘natiladi. Biz ularga aniq tashxis qo‘yamiz, xavf guruhini (yuqori, past, standart) aniqlaymiz, birlamchi davolashni o‘tkazamiz, so‘ngra esa bemorlarning bir qismi hududlarga jo‘natiladi, qolgan qismi esa Toshkentda ambulator, kunduzgi statsionarda davolanishni davom ettirishadi. Hududlarda bolalar gematologlari ancha taraqqiy etgan bo‘lib chiqishdi. Ulardan ko‘pchiligi Moskva shahridagi Rogachev nomidagi markazda amaliy ish tajribasidan o‘tib kelishgan, ba’zi mutaxassislar Germaniyada ta’lim olib qaytishgan. Shuning uchun, agar hududlarda malakali onkogematologlar bor bo‘lsa, biz ularga bolalarimizni sog‘ayguncha davolash imkonini beramiz. Ammo, agar biz u yoki bu hududda onkogematologiya oqsoqlanayotganligini bilsak, biz ularga bunday mas’uliyatni zimmalariga olish imkonini bermaymiz va og‘ir kasallanganlarni o‘zimizda qoldirishga harakat qilamiz. Shuning uchun, umuman olganda, onkogematologik patsiyentlarni davolash nafaqat Toshkentda uyg‘unlashadi, balki hududlarda ham uyg‘unlashishi haqida so‘z yuritishimiz mumkin.

- Eldor Jasurovich, davolashda samarali natijalarga erishish qay darajada?

- Avval mavjud bo‘lganlar va hozirgi holat - bu yer bilan osmon o‘rtasidagi farqdir. Hozirgi kunda O‘zbekistonda preparatlar bilan ta’minlash yancha yaxshilangan, biroq to‘liq emas.

Biz butun dunyoda allaqachon ko‘p narsa o‘zgarganligini bilamiz. Hozirda bizning ixtiyorimizda faqat uch turdagi target preparatlar mavjuddir. Xorijda ancha taraqqiy etgan preparatlar paydo bo‘lib bo‘lgan, biroq ular hozircha bizga yetib kelmayapti. Agar monoklonal antitanalarni qo‘llash bilan target davolash haqida so‘z yuritilsa, bunda rituksimabdan boshqa arsenalimizda hech qanday vositalar yo‘q, o‘tkir miyeloid leykozlarni davolash uchun antitanalar ham yo‘q. Bizda ancha taraqqiy etgan Bruton tirozinkanizasi ingibitorlari preparatlari yo‘q. Biz butun dunyo bo‘ylab surunkali limfoleykozni, o‘tkir miyeloid leykozni rezistent shakllarini davolashda venetoklaks preparati qo‘llanilishini yaxshi bilamiz, u ham bizda yo‘q. Surunkali limfoleykozni va noxodjkin limfomalarning ba’zi shakllarini davolash uchun ibrutinib va akalabrutinib preparatlari borligini bilamiz, ammo mazkur preparatlar ham bizda yo‘q.

Shuning uchun, biz g‘arb dunyosidan qaysidir jihatlarda ortda qolayotganligimizni tan olishimiz kerak. Barchasi bizga ba’zi kechikish bilan yetib keladi. Avvallari bizda na monoklonal antitanalar, na target preparatlar bo‘lmagan, hozirda ular asta-sekin paydo bo‘lib bormoqda. Biz davolashning yangi usullarini tatbiq qilishga, xorijda paydo bo‘layotgan trendlarni kuzatib borishga harakat qilmoqdamiz, ammo kundalik klinik amaliyotda biz ularni har doim ham qo‘llash imkoniga ega emasmiz, chunki ko‘pchilik preparatlar bizda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, ular ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, biz ularni davolashning milliy protokoliga kiritish imkoniga ega emasmiz. Zamonaviy qimmatbaho preparatlarning ro‘yxatdan o‘tkazilishi va ularning moliyalashtirilishi mavjudligida biz davolash standartlariga o‘zgartirish kiritishimiz mumkin va ularni qilishimiz shartdir. Shunda bizning onkogematologiyamiz g‘arb mamlakatlari bilan solishtirish darajasiga yetishi mumkin.

- Qanday qilib kovid onkogematologik kasalliklarning aniqlanishiga ta’sir qildi? Ma’lumki, onkogematologik kasalliklari bo‘lgan patsiyentlar COVID-19 og‘ir o‘tishi bilan xavf guruhiga kiradi. Bunday patsiyentlar pandemiya davrini qanday qilib boshdan o‘tkazdilar? Ularga vaksinatsiyadan o‘tish mumkinmi?

- O‘tgan va oldingi yillar bizda juda og‘ir kechdi, koviddan ko‘p odamlar vafot etdi. Gematologik patsiyentlar kimyoviy davolashni qabul qilishadi, undan keyin ularda nolli immunitet rivojlanadi. Agar bunday patsiyentlar koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishsa, ular ko‘pincha vafot etdi. Bizdagi kovid-markazlarida gematologik patsiyentlar uchun ixtisoslashgan bo‘linmalar bo‘lmagan, shuning uchun ushbu patsiyentlar umumiy bo‘linmaga yotqizilgan. Bizning achchiq tajribamiz shuni ko‘rsatdiki, biz u yerga yuborgan kimyoviy davolashdan keyingi holatda bo‘lgan bemorlarning aksariyati septik asoratlardan (qon zaharlanishidan) vafot etgan. Pandemiyaning birinchi yili shunday bo‘ldi.

Ikkinchi yili biz kovid-markazlari bilan ancha uzviy bog‘liqlikda ishladik, gematologlarimiz ularning mutaxassislari bilan aloqada bo‘lib turishdi, maslahat berish uchun joylarga chiqishdi va tavsiyalarimizni hisobga olgan holda ushbu bemorlarni davolashda ko‘maklashishdi, shuning uchun o‘lim holatlari ancha kamaydi. Hozirda koronavirusi bo‘lgan bemorlarning bunday miqdori yo‘q va hattoki agar kovid bo‘lsa ham, unda kasallanish ancha yengil shaklda oqib o‘tmoqda. Biroq, bizning onkogematologik bemorlarimiz taalluqli bo‘lgan immunokomprometatsiya qilingan deb nomlanuvchi bemorlarda kovidsiz ham rezistent infeksiyalar qo‘shilishi va sepsis rivojlanishi xavfi juda yuqoridir.

Vaksinatsiyaga kelsak - gematologik patsiyentlarda, ayniqsa bolalarda, muayyan bir davrlarda barcha emlashlardan tibbiy qarshi ko‘rsatmalar bor. Shifokorlarda COVID-19'ga nisbatan yagona fikr yo‘q. Men o‘zim shaxsan, o‘tkir leykoz remissiyasida bo‘lgan patsiyentlarga hamda surunkali leykozi bo‘lgan patsiyentlarga koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinatsiyadan o‘tish mumkin deb hisoblayman. Biroq o‘tkir leykozi bo‘lgan dastlabki bemorlarga yoki chuqur immunodepressiyada bo‘lgan patsiyentlarga emlashni o‘tkazish mumkin emas. U samarali bo‘lmaydi, chunki bunday bemorlarda sog‘lom antitana ishlab chiqaruvchi hujayralar yetarlicha miqdorda yo‘q, M yoki G immunoglobulinni ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan b-limfotsitlar yetarlicha darajada yo‘q. Qolgan patsiyentlarga vaksinatsiyadan o‘tishni maslahat beraman. 

- Ma’lumki, ba’zi mamlakatlarda COVID-19'ni davolash va profilaktikasi uchun monoklonal antitanalar asosidagi preparatlar qo‘llanilib kelinmoqda. Shunga o‘xshash preparatlar bizning mamlakatda ham qo‘llaniladimi?

- Immunosupressiyasi yoki sepsisi bo‘lgan barcha bemorlar uchun tayyor antitanalar qo‘llaniladi. Ushbu samarali preparatlarning katta minusi shundaki, ular juda ham qimmat va DPM (davolash-profilaktika muassasa)larining hammasi ham ular bilan bir vaqtda bir nechta patsiyentlarni ta’minlay olmaydi. Oldinlari bu preparatlar umuman bo‘lmagan, ammo hukumat tomonidan moliyalashtirishdan keyin ushbu preparatlar paydo bo‘ldi va biz ularni muvaffaqiyat bilan qo‘llab kelmoqdamiz. Men o‘zim kovid-markazlarida bemorlarga maslahatlar berganman, ularga ushbu preparatlarni tavsiya qilganman va ularning ko‘pchiligiga ular yordam berdi.

- Eldor Jasurovich, onkogematologik kasalliklar profilaktikasining qanday usullari bor O‘zini himoyalash uchun biron bir harakatlarni amalga oshirish mumkinmi?

- Afsuski, butun dunyo bo‘ylab onkogematologik kasalliklarni biron bir o‘ziga xos profilaktikasi va uni erta diagnostika qilish imkoniyatlari mavjud emas. Ulardan hech kim, hattoki sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri oziqlanishni olib borayotgan odamlar ham himoya qilinmagan. Sovet davrida dispanserizatsiya degan tushuncha bo‘lgan, bunda yiliga bir marta tor mutaxassislarni o‘tish va asosiy tahlillarni topshirish kerak bo‘lgan. Bunday yondashuv sharofati bilan ko‘pchilik onkologik kasalliklar, masalan, me’da-ichak yo‘li, sut bezi, prostata saratoni, dastlabki bosqichdayoq aniqlangan. Gap shundaki, bunday kasalliklar uzoq vaqt davomida namoyon bo‘lmasligi mumkin, biroq ular dispanserizatsiya doirasida aniqlanishi mumkin bo‘lgan.

Ammo o‘tkir leykozlarning o‘tishi ozgina boshqacharoq, ular yetarlicha tez o‘zlarini namoyon qiladi, shuning uchun aynan onkogematologik kasalliklarning profilaktikasi yoki erta diagnostikasi mavjud emas. Axir har oy o‘ttiz million odamlarda ularning o‘ntasida leykozni aniqlash uchun suyak iligi punksiyasini qilish mumkin emas-ku. Ammo, agar bemorning to‘liq sog‘lig‘i fonida ko‘karishlar, qon ketish yoki limfa tugunlarining kattalashishi bo‘lsa - bu albatta shifokorga murojaat qilish uchun sabab bo‘ladi. Biroq, bu har doim ham leykoz deb tushunish kerak bo‘lmaydi, bu boshqa kasallik ham bo‘lishi mumkin.

- Siz onkogematologik kasalliklarga duch kelgan insonlarga qanday maslahat berasiz? 

- Agar muammo bor bo‘lsa, undan yashirinish mumkin emas, uni hal qilish kerak. Kasallikni o‘tkazib yuborilgan bosqichigacha olib bormasdan simptomlarga befarq bo‘lmaslik kerak. Davolashning tekshirilmagan usullarini qidirishning keragi yo‘q, aksincha darhol aynan ushbu kasalliklarni davolash tajribasiga ega bo‘lgan tor mutaxassislarga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, har yili amaliyotga yangi preparatlar kiritilmoqda va o‘tkir leykemiyani davolash samaradorligi 10-20 yil avvalgiga qaraganda tubdan o‘zgargan. Ilgari, bunday bemorlarda uzoq muddatli omon qolish nolga yaqinlashib kelgan va endilikda bolalarda omon qolish darajasi 70 foizni tashkil qiladi, shuningdek, kattalarda ham biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik.

Kayfiyat juda muhimdir - o‘z-o‘zidan psixosomatik kasallanishni chaqiruvchi va kuchdan mahrum qiladigan depressiyaga umuman tushmaslik kerak, ular onkologik kasalliklar bilan kurashishda juda ham kerakdir. Ko‘pchilik "kimyoviy davolash" so‘zining o‘zidan qo‘rquvga tushishadi, biroq kimyoviy davolash va target preparatlar sharofati bilan bugungi kunda biz ko‘pchilik insonlarni qutqarib qolish imkoniga egamiz.

Mavzuga oid