16:03 / 18.09.2022
61824
Xitoy Oydan keltirilgan yangi mineralni topganini e’lon qildi

Xitoyning «Sinhua» davlat axborot agentligi Pekin uran geologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti (BRIUG) olimlari tomonidan yangi Oy minerali topilgani haqida xabar berdi.

Ren Junchuan / Xinhua / AP / Scanpix / LETA

U mineralni Yerga olib kelgan kosmik kemaning sharafiga chan’ezit-(Y) deb nomlandi. «Chan’e-5» kosmik apparati esa Xitoy oy ma’budasi sharafiga nomlangan.

Olimlar yangi mineralni «Chan’e-5» tomonidan 2020 yil oxirida Oydagi Bo‘ronlar okeanidan Yerga yetkazilgan tuproq namunasidan topishgan. BRIUG 1,7 kg vaznga ega ushbu regolitdan tadqiqot uchun juda oz qismini – atigi bir necha o‘n milligrammini olishga erishgan.

Tadqiqot guruhi a’zolari ikki oy davomida 50 milligrammlik namunadan topilgan 140 mingta mikroskopik zarrachalarni saralab, ko‘zdan kechirishdi.

Tadqiqotchilar tomonidan topilgan mineral 10x7x4 mikrometr o‘lchamli kristalldir (ya’ni uning o‘lchami millimetrning yuzdan bir qismiga teng).

Kichik bo‘lishiga qaramay, olimlar kristallning atom tarkibini aniqlashgan va yangi turdagi minerallar vakili bo‘lishi mumkinligini isbotlagan. «Sinhua» xabarida kristallning elektron mikroskop yordamida olingan fotosurati keltirilgan.

Xitoy milliy kosmik boshqarmasi namoyish etgan kristall tasviri. Foto: CNSA

Yangi mineral kashfiyoti hali tasdiqlanmadi

1970-yillar o‘rtalarida Amerikaning Apollo va sovetlar ittifoqining «Luna» dasturi doirasida Yerga keltirilgan Oy tuprog‘i namunalarining ko‘p yillik tadqiqotlardan so‘ng, olimlar 90 ga yaqin minerallarni aniqlagan edi. Biroq, ularning ko‘pchiligini identifikatsiya qilish jarayonida allaqachon Yerda ham bor ekani ma’lum bo‘lgan. Shu sababli ularni «faqat Oyga tegishli» deb atash mumkin emas.

Dastlab, faqat uchta istisno mavjud edi: piroksferroit silikati va trankvilitiit (Osoyishtalik dengizi nomi bilan atalgan), shuningdek, armolkolit (kosmonavtlar Nil Armstrong, Bazz Oldrin va Maykl Kollinz ismining birinchi harflari bilan atalgan oksid). Biroq, vaqt o‘tishi bilan, «faqat Oyga tegishli» deb hisoblangan bu minerallar Yerda ham bor ekani aniqlandi, ulardan eng oxirgisi 2012 yilda topilgan trankvilitiit edi.

«Sinhua» agentligining xabar berishicha, chan’ezit minerali allaqachon Xalqaro mineralogiya assotsiatsiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan va Nomenklatura va tasniflash komissiyasi tomonidan yangi minerallar ro‘yxatiga kiritilgan.

Biroq, tasnifning 14 sentabr kuni e’lon qilingan yangi ro‘yxatida ushbu mineral haqida ma’lumot yo‘q. Shuningdek, turli ilmiy nashrlar bazalarida, jumladan, minerallarning eng yirik mindat.org bazasida ham yangi mineral haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shunga ko‘ra, mineralning kimyoviy va izotopik tarkibi, kristall panjarasi va boshqa mineralogik ko‘rsatkichlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar hali mavjud emas.

Oy tuprog‘ini o‘rganish – Xitoyning Oyni o‘zlashtirish uchun mo‘ljallangan ulkan missiyasining faqat bir qismidir

Chan’ezitni Yerga keltirgan «Chan’e-5» avtomatik stansiyasi «Chanchjen-5» raketa-tashuvchisida 2020 yil noyabr oyida Haynan orolidagi Venchan kosmodromidan Oyga yo‘l olgandi. Ushbu parvoz Oy tuprog‘ini yig‘ish va o‘rganish maqsadida so‘nggi 40 yilda amalga oshirilgan birinchi missiya bo‘ldi.

Biroq, «Chanchjen-5» shunchaki Oy tuprog‘ini yig‘ish uchun mo‘ljallanmagan, balki 2000-yillar boshida Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan katta va ambitsiyali Oy dasturining bir qismidir. U Oy resurslarini, shu jumladan minerallarni ham o‘zlashtirishga qaratilgan (bu haqda «Sinhua» agentligi xabarida alohida ta’kidlangan, jumladan, geliy-3 termoyadroviy yoqilg‘i bo‘lishga nomzod sifatida eslab o‘tilgan).

Xitoy dasturi doirasida Yerning tabiiy sun’iy yo‘ldoshiga birinchi bo‘lib «Chan’e-1» (2007) va «Chan’e-2» (2010) apparatlari uchirilgan edi. Ular xaritalash maqsadida Oyda global fotosuratga olish ishlarini bajarishdi.

Dasturning ikkinchi bosqichi 2013 yilda boshlandi va «Chan’e-3» apparati «Yuytu» o‘ziyurar roveri bilan Oyga qo‘ndi. Shu bilan birga, «Chan’e-4» apparati 2019 yil 3 yanvar kuni Oyning ko‘rinmas tomonidagi Fon Karman krateriga qo‘ndi. Missiyaning asosiy maqsadi – avtomatik ohista qo‘nish jarayonini sinovdan o‘tkazish edi.

Uchinchi bosqichda «Chan’e-5» uchirildi. Uning parvoz sxemasi asosan Amerikaning Oy missiyalarini takrorladi, ammo ikkita muhim farq bilan. Birinchidan, parvoz to‘liq avtomatik rejimda amalga oshirildi. Bu missiyani ancha «ixcham» qilish va yengilroq raketa-tashuvchisidan foydalanish imkonini berdi. Ikkinchidan, qo‘nish joyi boshqa hududdan tanlandi.

«Chan’e-5» o‘z namunalarini geologik jihatdan Apollo va «Luna» missiyalaridan keskin farq qiladigan hududdan oldi. Xitoy apparati Bo‘ronlar okeanining shimoli-sharqiy qismida joylashgan Ryumker tog‘i yaqiniga qo‘ndi. U yerda taxminan 20 ta vulqon bo‘lib, ularning yoshi 1,2 – 1,5 milliard yilga yaqin va lava maydonlari bilan o‘ralgan. Bu Oyda topilishi mumkin bo‘lgan eng yangi vulqon jinslaridir. Chunki, sun’iy yo‘ldoshda katta vulqon faolligi ancha oldin – taxminan uch milliard yil oldin tugagan.

Qo‘nish uchun g‘ayrioddiy joyning tanlanishi Oyda yangi minerallarni muvafaqiyatli izlash jarayonining muhim elementi deb taxmin qilishga asos bor. Biroq, bu faqat taxmin. Chan’ezitning tarkibi va xususiyatlari haqida faqat ilmiy-tadqiqot xulosalari nashr etilgandan keyingina biroz ishonch bilan gapirish mumkin bo‘ladi. Hozircha yangi mineralning «izlari» Xitoy davlat ommaviy axborot vositalaridan tashqarida topilmadi.

Mavzuga oid
Top