18:53 / 22.09.2022
62568
«Beshikda yotgan bola suyagi deformatsiyaga uchraydi» – Nega ayrim onalar beshikdan voz kechyapti?

Bolalarda paydo bo‘layotgan kasalliklar ota-onalarni beshikdan foydalanish masalasida ikkilantirib qo‘yyapti. Antropologlar beshik bosh suyagi deformatsiyasiga sabab bo‘lishini ma’lum qilgan bo‘lsa, shifokorlar bolani beshikka belash bo‘yicha turli fikrlarni bildirgan.

Chorsuning beshik bozori deb ataladigan rastalarida belanchaklar ko‘paygan. Bozorda beshik sotadigan Ziyoda Abdurasulova odamlar soni oshayotgan bo‘lsa ham, beshikka talab biroz pasayib, belanchak ham yasashga o‘tishganini aytadi. Ayol o‘zini 8 avloddan beri beshik yasab, sotib kelayotgan beshikchilar avlodidan deb tanishtirdi. Savdogarning gaplarida jon bormi, bugun o‘zbeklar orasida beshikdan foydalanish kamayib, ular o‘rnini belanchaklar egallayaptimi, shunday bo‘lsa buning sabablari nimada?

Beshikning kashf qilinishi

Markaziy Osiyoda, asosan o‘zbek va tojik xalqlari azaldan beshikdan keng foydalanib kelgan. Beshik qadriyat darajasiga chiqqan. Ko‘p manbalarda «beshik» so‘zi ilk marta tilshunos Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘ati turk» asarida uchrashi aytiladi. Olim XI asrlarda yashagan bo‘lsa, demak beshik atamasi ham yozma adabiyotga shu paytda kirib kelgan bo‘lishi mumkin.

Biroq beshikning o‘zi ancha oldinroq kashf qilinib, foydalanilgani haqida ma’lumotlar bor. Jumladan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori, antropolog olim Samariddin Mustafoqulov o‘rganishlari natijasida beshik VI–VII asrlarda kashf etilgan degan taxminni ilgari suradi. Lekin bu masalada hozircha faqat taxminlarga suyaniladi. Samarqand muzeylarida IX-X asrlarga oid shisha sumaklar saqlanadi.

Bosh orqa chanog‘i shakllanishiga ta’siri

Bola beshikda bir yo‘nalishda uxlashi jihatidan olib qaralsa, beshik boshning orqa suyagi shakliga ta’sir qilishi ehtimoldan yiroq emas. Bu borada aniq bir tadqiqot o‘tkazilmagani uchun ham beshikning inson antropologiyasiga ta’siri haqida hukm usulida biror gap aytishdan yiroqmiz. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bu mavzuda ayrim tarixchi antropologlarning kuzatuvlari bor.

Masalan, Samariddin Mustafoqulov qazilma sifatidagi bosh chanoqlarini o‘rganish asosida beshik VI–VII asrlarda Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida yashagan xalqlar antropologiyasiga ta’sir qilgan, degan fikrda.

«O‘sha davrdan ikki daryo oralig‘idagi pasttekisliklarda yashagan xalqlarda, aniqrog‘i, o‘zbek va tojiklarda bosh ensa qismining yassilanishi, ilmiy tildagi broxokranlashuv boshlanadi. Boshqacha aytganda, beshik boshning deformatsiyalanishiga sabab bo‘lgan», –degan olim.

Mustafoqulovning fikrini Samarqand arxeologiya instituti antropologi Niyoz Rashidov ham qo‘llab-quvvatlab, beshikning aynan bosh suyagi deformatsiyaga uchrashi jarayonini tushuntirishga harakat qildi.

Unga ko‘ra, beshikka belanganda bosh suyagi deformatsiyaga uchraydi. Biroq bu aqliy faoliyat yoki boshqa bir jismoniy faoliyatiga ta’sir qiladi degani emas.

«Bosh suyagining yassilanishi beshik ko‘p qo‘llangan Markaziy Osiyo davlatlarida uchragan. Beshikka tinimsiz belash natijasida suyak shakli o‘zgargan.

Lekin buning orqasidan evolyutsion jarayon bo‘lmaydi. Deformatsiya bir necha turga ajraladi. O‘zbekistonda uchraydigani bosh orqa chakka deformatsiyasi hisoblanadi. Agar beshikka belanmasa, boshning o‘sha joyi deformatsiya bo‘lmaydi. Buni inson evolyutsiyasiga ta’sir qilgan deyolmaymiz», – deydi u.

Onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma

Bolalarda ilgari kuzatilmagan yoki kam kuzatilgan kasalliklarning ko‘paygani ota–onalarda beshikdan foydalanishda ikkilanishni keltirib chiqaryapti. Bolalar shifokori Maqsud Muxtorov hozir ota-onalar ko‘pincha belanchakni tanlashayotganiga urg‘u berib, bu holat mamlakatning urbanizatsiyalashgan hududlarida ko‘proq uchrashi haqida gapirdi. Lekin ayrim hududlarda beshik hali o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.

Beshikning foyda va zararli tomonlari bo‘yicha Facebook’dagi «Karvonsaroy» guruhi ishtirokchilari orasida o‘tkazilgan kichik so‘rovnomada 250 nafarga yaqin ayol ishtirok etgan. Ularning aksari beshikning foydali tomonlari haqida yozib qoldirishgan.

So‘rovnomada qatnashgan ayollar beshikda bolaning osti doim quruq turishi, tayyor tagliklar (pampers) bola terisiga allergiya berishi haqida aytishgan.

«Bolaning qo‘llari beshikda bog‘liq turgani uchun cho‘chib uyg‘onib ketmaydi. Xotirjam uxlaydi. Onalar kun bo‘yi bolasiga o‘ralashmay, boshqa ishlarini ham qilib oladi», – degan ishtirokchilardan biri.

Beshikdan foydalanishga qarshi bo‘lgan ayollar beshik yopiq turgani uchun bolaga havo yetmay qolishi, bolani siqib bog‘lash uning erkin o‘sishiga to‘siq bo‘lishi haqidagi fikrlarda jon borligini yozishgan.

«Xavfsizlik – havo yetmay bo‘g‘ilib qolishi, beshikni kattaroq bola ag‘darib yuborib bo‘g‘ilishi, salomatlik – boshning yassi bo‘lishi, oyoqlarni noto‘g‘ri bog‘lash orqali zarar ko‘rishi, ba’zi bolalarning miyasini chayqatish mumkin emasligi, onaning taftini his qilmaslik, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, bo‘ysunishga majbur qilish, mehmonga keta olmaslik, beshikni ko‘tarib yurishga majburlik sabab beshikka qarshiman», – deya beshikning noqulay tomonlarini sanagan ayollardan biri.

Shifokorlar nima deydi?

So‘rovnomada beshikning salbiy tomonlarini sanagan ayollar fikrining ilmiy asosi haqida bolalar shifokorlari kuzatuvlariga murojaat qildik.

Masalan, pediatr Maqsud Muxtorov beshik bolaning erkinligini cheklaydi degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi va beshikda uxlash soatlari me’yordan oshib ketmasligi kerakligini ta’kidlaydi.

«Beshik bola o‘ziga-o‘zi ziyon yetkazishidan asraydi. Boshqa jihatdan, agar belash vaqti me’yordan oshib ketsa, mushaklari rivojlanishiga va qon aylanishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Havo olmay qolishi mumkin degan fikrga kelsak, agar govrapo‘sh (beshik ustiga yopiladigan mato) uchun faslga mos, havoni yaxshi o‘tkazuvchi mato tanlansa, bolada havo bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Bunday fobiya asossiz bo‘ladi. Eng asosiysi – beshikka belash qoidalariga qat’iy rioya qilish», – deydi u.

Ayrim onalar tagliklarning bolalarga ta’siridan ham xavotirga tushishgan. Shifokorning aytishicha, bunday qo‘rquv bolaning terisi nozik, ingichka va teri osti yog‘ qavati hali yaxshi rivojlanmagani jihatidan asosli. Shu sabab tagliklarni tanlashda e’tiborli bo‘lish kerak.

«Tagliklar faslga, bolaning yoshiga mos va sintetik matodan tayyorlanmagan bo‘lishi lozim. Tagliklarni noto‘g‘ri tanlash yoki noto‘g‘ri qo‘llash, kontakt dermatit va issiqlik toshmalariga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun tagliklarni 1-2 oylik bolalarda har 2 soatda, 3-6 oylik bolalarda esa har 4 soatda almashtirish lozim. Eng muhimi almashinuv oralig‘ida 15-20 daqiqa vaqt bo‘lishi va bolaning terisi quruq bo‘lishi kerak», – deydi shifokor.

«Vujud ayni o‘sib-rivojlanadigan davrda o‘rab-chirmash noto‘g‘ri»

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov displaziya aniqlangan bolalarni beshikka belash xavfli ekanini aytadi.

«Beshikka belash chanoq (bo‘ksa) bo‘g‘imida displaziya aniqlangan va displaziya bilan davolanayotgan bolalarda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, qiz bolalarda bo‘ksa bo‘g‘imining og‘ir darajadagi artrozlarini keltirib chiqarishi va nogironlikka sabab bo‘lishi mumkin. Shunday kasalligi bo‘lgan bolalarni beshikka belashda ehtiyot bo‘lish kerak.

Bolani beshikka yotqizishdan oldin uning vujudi siqib yo‘rgaklanadi, qo‘llari bog‘lanadi, oyoqlari ham bir-biriga juda yaqin qilib o‘raladi. Bu juda noto‘g‘ri. Bola vujudi ayni o‘sib-rivojlanadigan davrda bunday o‘rab-chirmab qo‘yish sog‘lig‘iga jiddiy salbiy ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, ba’zi onalar uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bandligini ro‘kach qilib, bolani beshikda uzoq vaqt qoldiradi. Natijada jadal o‘sadigan davrda bola organizmi erkin harakat qilishdan mosuvo bo‘lishi, keyinchalik sog‘lig‘iga, ayniqsa, tayanch-harakat tizimlarining risoladagidek rivojlanishiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

Shu bois, ona bolani yo‘rgaklashda yuqorida aytganimizdek, oyoqlar orasini katta ochib, qo‘llarini bo‘sh qo‘yishi, gavda bemalol harakatlanishi uchun sharoit yaratishi maqsadga muvofiqdir», – degan mutaxassis.

Beshikning foydasi zararidan ko‘pmi yoki aksincha?

Beshikdan foydalanish masalasi bahsli bo‘lgani sabab, uning foydali va zararli tomonlarini o‘rgangach, har bir ota-ona o‘zi uchun qaror qilgani ma’qul. Pediatr Maqsud Muxtorovning tahlili bo‘yicha, beshikning quyidagi foydali va ehtiyotkorlik zarur bo‘lgan tomonlari bor.

Foydali tomonlari:

- qaddi-qomati va umurtqa pog‘onasi bir tekisda, ravon o‘sadi;

- qo‘li bilan o‘zini o‘zi jarohatlamaydi, barmog‘ini so‘rmaydi;

- pampersga ketadigan xarajat va taglik yuvishga ketadigan vaqt tejaladi;

- uxlatish uchun qulay, tebranish vaqtida o‘z inersiyasi bilan uxlaydi;

- tagligi doim quruq bo‘ladi, har xil teri kasalliklarining oldi olinadi;

- qo‘lga o‘rganib qolmaydi, ko‘tarib o‘rgatilgan bola doimo shunday e’tibor talab qiladi.

Me’yorga yoki qoidalarga rioya qilinmasa:

- bolaning kun bo‘yi, uzluksiz beshikda yotishi zararli. Kuz va qish oylarida bola terisiga yorug‘lik tushishi kamayadi. Oqibatda D vitamini yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin;

- bolaning qo‘l-oyoqlarini siqib bog‘lash o‘z navbatida qon aylanishi buzilishiga olib keladi;

- bola uzoq yotishi hisobiga boshining ensa qismida deformatsiyalar yuzaga kelishi mumkin;

- beshikda bolani doimiy bir tomonlama emizish qiyshiq bo‘yinlikka sabab bo‘lishi mumkin;

- sumakdan foydalanishda gigiyena qoidalariga rioya qilinmasa, jinsiy a’zolardagi infeksion kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin;

- beshikni qattiq va tez tebratish markaziy asab tizimidagi jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Chaqaloqni beshikka belash bo‘yicha tavsiyalar

Shifokor Maqsud Muxtorov bolani necha soat beshikda yotqizish va qanday holatlarda beshikka belamaslik bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ham berdi. Pediatr bolaning beshikda yotish davomiyligi 2-3 soatdan oshmasligi kerakligi, bola uzoq vaqt beshikda qolib ketsa, qon aylanishi buzilishi va tayanch-harakatlanish tizimidagi muammolar yuzaga kelishi mumkinligini aytdi.

Unga ko‘ra, chanoq-son displaziyasi yoki sonning tug‘ma chiqishi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni beshikka belash tavsiya etilmaydi. Chunki beshikka belash jarayonni og‘irlashtiradi va bolaning tuzalishi kechikadi. Shuning uchun bu kasalliklarda bola oyoqlari orasini keng ochib qo‘yish tavsiya etiladi.

«Tug‘ma yurak nuqsonlari (fallo tetradasi) bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni beshikka belash tavsiya etilmaydi. Chunki ularda nafas olish va kislorod bilan bog‘liq muammolar bo‘ladi.

Tug‘uruq travmalari (ayniqsa miya ichi gematomalari va kefalogematoma) bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni ham beshikka belash tavsiya etilmaydi. Kalla suyagi ichida bosim baland bo‘ladi, tebratish vaqtida bola qattiq bezovta bo‘lishi va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin», – deydi shifokor.

Xulosa o‘rnida

Beshikdan o‘zbek millati asrlar davomida foydalanib kelgan. Undan foydalanish bahsli masalaga aylanishi bolalarda uchraydigan turli kasalliklar bilan bog‘liq. Umuman, beshikning butunlay zararli yoki butunlay foydali ekani hali isbotlanmagan. Bunday deyish uchun avvalo ma’lum tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak. Pediatr va boshqa shifokorlar ham o‘z tajribasidan kelib chiqib tavsiyalarini bildirishadi. Tanlov esa ota-onaning o‘zida qoladi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist 

Mavzuga oid
Top