19:40 / 03.10.2022
20536

O‘nlab qurbonlar va milliardlab zarar. «Ien» dovuli oqibatlari

Avvaliga Floridada vayrongarchiliklar keltirib chiqargan, keyin Janubiy va Shimoliy Karolinaga yopirilgan hamda Jorjiyaga tahdid sola boshlagan «Ien» dovuli kamida 77 kishini hayotdan olib ketdi.

Foto: Reuters

Dovul kuchsizlangan va endi tropik siklon sifatida tasniflanayotgan bo‘lsa-da, u Janubiy Karolinada yarim millionga yaqin kishini elektr ta’minotisiz qoldirib ulgurdi. Kuchli yomg‘irlar va shamol natijasida tarixiy Charlston shahrining bir qismi suv ostida qolgan.

«Biz hech qachon bunday po‘rtanaga guvoh bo‘lmaganmiz»

Florida aholisi to‘fondan keyin hududni tozalamoqda

Floridada rasmiylar tabiiy ofat keltirgan zarar ko‘lamini 40 mlrd dollarga baholamoqda.

Hozircha dovul oqibatida Florida va Shimoliy Karolina shtatlarida jami 77 kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ortiq kishining taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda, ular elektr va aloqa yo‘q joylarda noqulay ob-havo sharoitida jon saqlashga majbur bo‘lishmoqda.

«Eskirgan qurilmalar deyarli ishonchsiz edi, ularni suv yuvib ketdi. Agar kimdir bunday joylarda qolishga qaror qilgan bo‘lsa, ularning omon qolish uchun imkoniyatlari juda past», degan Florida gubernatori Ron Desantis.

Prezident Jo Bayden Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha federal agentlik shtab-kvartirasidagi brifingda «Ien» Florida tarixidagi eng o‘limvor dovul bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Bayden Janubiy Karolina va dovuldan zarar ko‘rgan boshqa shtatlarda favqulodda holat joriy etdi. U tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga federal darajada yordam berish uchun maxsus fondlar ta’sis etdi.

Floridada «Ien»dan eng ko‘p darajada Fort-Mayyers shahri zarar ko‘rgan, bu yerda dovul sohilga chiqqan: ko‘chalarda suv daryo bo‘lib oqqan, dengiz suvi uylarga kirib borgan.

«Biz hech qachon bunday kuchli po‘rtanaga guvoh bo‘lmaganmiz», - dedi Florida gubernatori

Fort-Mayyersda yashovchi Tom Jonson dovul kelishini birinchilardan bo‘lib ko‘rgan - uning kvartirasi bandargohdagi ikki qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan.

«Biz juda qo‘rqdik, men bunaqasini hech qachon ko‘rmaganman: bu shunchaki eng qo‘rqinchli tovushlar edi, hammayoqda parchalar uchar, eshiklar buzilib ketardi», deya eslaydi 54 yoshli kishi AFP agentligi bilan suhbatda.

Uning uyi butun qolgan, ammo qo‘shnisi Janel Tilning omadi kelmagan, uning birinchi qavatdagi kvartirasini suv bosgach, u qo‘shnilaridan yordam so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

«Ular itimni olishdi, keyin men derazadan sakradim va suza boshladim», deya hikoya qiladi 42 yoshli ayol. Til xonim bo‘ron tingach, o‘z kvartirasiga qaytganida eshikni ochib, kvartirada to‘plangan suv oqib chiqib ketishini besh daqiqacha kutib turgan.

Dovuldan eng jiddiy zarar ko‘rgan Fort-Mayyers shahrining yuqoridan ko‘rinishi

«Men o‘z uyimni sevardim. Ammo asosiysi o‘zim omon qoldim», deydi u.

Qutqaruv vertolyotlari uylar tomlaridan yuzlab odamlarni qutqarishgan. Floridada 2,3 millionga yaqin uy elektr ta’minotisiz qolgan, hozirda maxsus xizmatlar elektr energiyasi ta’minotini tiklashga harakat qilmoqda, federal budjetdan suv bosgan shtatga yordam ajratilgan.

«Biz Floridadagi mamlakat tarixidagi eng dahshatlilardan biri bo‘lishi mumkin bo‘lgan vayrongarchiliklar miqyosini baholashni boshladik. Qalblarimiz mazkur bo‘ron oqibatida hayotlari vayron bo‘lgan odamlar uchun og‘rimoqda. Biz qancha kerak bo‘lsa shuncha vaqt sizlar bilan birgamiz», - deb yozdi AQSh prezidenti Twitter akkauntida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShning janubi-sharqiy shtatlarida yuz bergan kuchli «Ien» to‘foni oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy talafot ko‘rilgani munosabati bilan prezident Jo Baydenga ta’ziya yo‘lladi.

«Davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi», — deb yozadi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Biz bir necha kundan buyon elektr yo‘qligi va bu jonimizga tekkani uchun ko‘chaga chiqdik»

«Ien» AQShga Kubadan kirib keldi, bu yerda kuchli yomg‘irlardan keyin dovul boshlangandi

Floridaga «Ien» Kubadan keldi - orolga to‘fon o‘tgan haftaning seshanba kuni yopirilgan va 11 mln kishini elektrsiz qoldirgan. Ko‘plab hududlarga hamon chiroq qaytmagan.

Juma kuni Kubada ommaviy namoyishlar boshlandi: Gavana va boshqa shaharlar aholisi ko‘chalarga chiqishdi hamda kastryulka va tovalarni taraqlatib, hukumatdan elektr ta’minotini tiklash choralarini ko‘rishni talab qildi.

Kubada shusiz ham juda ko‘pchilikka oziq-ovqat yetmaydi. Dovul va uning oqibatlari esa ko‘chaga chiqqanlarning ko‘pchiligining sabr kosasi uchun so‘nggi tomchi bo‘ldi.

Kubaliklar hukumatdan elektr ta’minotini tiklashni talab qilib «kastryulka»larni taraqlatib, namoyish o‘tkazishdi.
Foto: Reuters

«Mening barcha yeguliklarim yo‘q bo‘lib qoldi. Nega? Chunki bizda elektr yo‘q»,  deydi Gavanadagi namoyishlarga qo‘shilgan Xorxe Luis Krus.

U Reuters jurnalistlariga uning oilasi a’zolari u ko‘chaga chiqishiga qarshi bo‘lishgan - uni qamab qo‘yishlaridan qo‘rqishgan, ammo u bunday tavakkalchilik qilishga tayyor.

Mulozimlar avvalroq Gavanada elektr ta’minotini tiklash bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qilishgandi. Lekin shaharning chekka hududlarida hamon chiroq yonmagan.

«Buning barchasi yolg‘on, ular hech narsa qilishgani yo‘q, chiroq yo‘q, hech kim negaligini izohlamayapti», deydi namoyishlarda qatnashganlardan biri Tiara Rodriges.

«Menda bolalarga yedirish uchun hech narsa yo‘q. Ularga kim ovqat tayyorlaydi?» deydi ayol.

Ki-Uest, Florida
Foto: AP/TASS
Gavana, Kuba
Foto: AP/TASS
Delrey-Bich, Florida
Foto: AP/TASS
Gavana, Kuba
Foto: AP/TASS
Pembrok-Payns, Florida
Foto: AP/TASS
Delrey-Bich, Florida
Foto: AP/TASS
Gavana, Kuba
Foto: AP/TASS
Sarasota, Florida
Foto: Sean Rayford/Getty Images
Hollivud, Florida
Foto: AP/TASS
Tampa, Florida
Foto: Ben Hendren/Anadolu Agency via Getty Images

 

Mavzuga oid
Top