09:13 / 04.10.2022
5758

O‘zbekiston Xalqaro global innovatsion indeksda to‘rt pog‘onaga ko‘tarildi

2022 yil uchun Xalqaro global innovatsion indeks reytingi natijalari e’lon qilindi.

O‘zbekiston reytingda o‘tgan yilgi ko‘rsatkichni 4 pog‘onaga yaxshilab, 132 davlat orasida 82-o‘rinda qayd etildi. O‘zbekiston 2015 yilda 141 ta davlat orasida 122-o‘rinni, uzoq tanaffusdan keyin, ya’ni 2020 yilda 131 ta davlat orasida 29 pog‘onaga yuqorilab, 93-o‘rin bilan ushbu reytingga qaytgan.

Joriy yilda esa, bu reytingda umumiy 4 pog‘onaga ko‘tarilib, «Innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar» bo‘yicha 7 pog‘ona ko‘tarilib 68-o‘rinda, «Innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar» bo‘yicha 9 pog‘onaga yuqorilab 91-o‘rindan joy oldi.

Indeksda mamlakatlar 4 ta daromad guruhiga bo‘lingan (yuqori daromad, yuqori o‘rta daromad, quyi daromad va past daromad), O‘zbekiston o‘z guruhida 36 ta davlat ichida 10-o‘rinni, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida Hindiston va Erondan keyin 3-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston «Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar soni» bo‘yicha 6-o‘rin, «Kapitalni yalpi tarzda to‘plash»  bo‘yicha  6-o‘rin, «Mehnat unumdorligini o‘sishi» bo‘yicha  7-o‘rin, «Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati» bo‘yicha 22-o‘rin, «Klasterlarning rivojlangani» bo‘yicha 27-o‘rinda. Mamlakat «Oliy ma’lumotli ayollarning ish bilan ta’minlanganligi» ko‘rsatkichi bo‘yicha ilk bor 56-o‘rinda qayd etildi.

Global innovatsion indeks – AQSh Kornel universiteti, Fransiya Insead biznes maktabi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan davlatlar innovatsion rivojlanishi darajasini baholovchi tadqiqot.

Top