23:05 / 13.10.2022
10831
Musulmonlar idorasi Samarqandda o‘zini o‘qitishga kelgan ayolga tegajog‘lik qilgan shaxs mulla emas, firibgar ekanini ma’lum qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi mulla, o‘zini o‘qitishga kelgan ayolga tegajog‘lik qilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Musulmonlar idorasi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: KUN.UZ

Unda aytilishicha, Musulmonlar idorasi holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borganda xabarda aytilgan shaxs Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi dinimizda qattiq qoralangan ishlar bilan shug‘ullanadigan F.H. ismli fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan.

Idora ushbu shaxs hech qanday diniy ma’lumot yoki diniy rutbaga ega emasligini, u tilga olgan “Al-Buxoriy” nomli madrasa O‘zbekiston hududida faoliyat olib bormasligini, arab tili kabi biror o‘quv kurslarda o‘qish shaxsga hech qanday diniy faoliyat olib borish uchun asos bo‘lolmasligini bildirgan.

Bundan tashqari, munosabatda ushbu shaxsga nisbatan “mulla” so‘zini ishlatish mutlaqo noto‘g‘riligi, uning dinga va mullalikka umuman aloqasi yo‘qligi, aksincha, u folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi illatlarga ruju qo‘ygan kimsa ekani aytilgan.

«Ta’kidlash kerakki, “mulla”, “imom”, “madrasa” kabilar Islom shiorlari hisoblanadi. Alloh taolo islom shiorlarini ulug‘lashga targ‘ib qilish barobarida ularni hurmatsizlik qilishdan qattiq qaytargan. Ayniqsa, turli noloyiq ishlarni “mulla”, “imom”, “madrasa” kabi islom shiorlariga bog‘lash esa katta gunohdir. Xulosa shuki, OAV va ijtimoiy tarmoq yurituvchilari turli voqea-hodisalarni ommani jalb qilish maqsadida, din bilan bog‘lab ko‘rsatishdan saqlanishlarini so‘raymiz. Shuningdek, asossiz xabar tarqatish Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini eslatib o‘tamiz», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid
Top