Vazirlar Mahkamasi «2022-2023 yillarning qish-bahor mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalari asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.
Aholi va ijtimoiy soha muassasalarini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlar asossiz o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2022-2023 yillar qish-bahor mavsumida aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy turlari bilan ta’minlash prognoz parametrlari;
- aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy turlari bilan ta’minlashda aniqlangan taqchillikni qoplash manbalari;
- ichki iste’mol bozori uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy turlarini g‘amlash va mablag‘larga bo‘lgan talab-ehtiyoj prognoz hajmlari;
- ijtimoiy soha muassasalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy turlarini g‘amlash va ushbu maqsadlarga budjet mablag‘lari talab-ehtiyojlari prognoz hajmlari;
- respublika borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlari va olis cho‘l zonalarida yashaydigan aholi iste’moli uchun oldindan yetkazib beriladigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari prognoz hajmlari;
- qish-bahor mavsumiga g‘amlab qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari asosiy turlarini ichki iste’mol bozorida sotish tarmoq jadvallari.
Quyidagilar rejalashtirilgan zaxiraga jamg‘arish hajmlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etilgan Oziq-ovqat xavfsizligi jamg‘armalari;
maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi vazirliklari tashkilotlari uchun – davlat budjeti va ushbu vazirliklar budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari;
tijorat banklari tayyorlov tashkilotlariga kreditlari.