Tahlikalarga to‘lgan bu davrda har bir jamiyat o‘z havfsizligini o‘ylashi kerak, xususan oziq-ovqat xavfsizligini. Ikki qadam oldinga qarash vazifaga aylanyapti. Kun.uz Qozog‘istonning Aqto‘be shahriga safar uyushtirib, issiqxonalarning beshinchi avlodi bilan tanishdi. Yuqori texnologik kompleks tashqi muhit ta’siridan ayri holda mahsulot yetishtirish imkonini beradi.

Kelajak ustimizga bostirib kelyapti. Kecha faqat xayolda bo‘lgan narsalar bugun ko‘z o‘ngimizda. Dunyo shiddat bilan o‘zgarib boryapti va ortda qolib ketayotganlarga havas qilib bo‘lmaydi. Ular ertaga o‘zgalarga qaram bo‘ladi. Shu uchun ham har bir jamiyat esini yig‘ib olishi va rivojlanishi kerak.

Biz O‘zbekistondagi issiqxonalar bilan bog‘liq vaziyatni ko‘rsatgan edik. Hukumat hozir vaziyatni yaxshilashga urinyapti. Biz esa issiqxonalar mavzusini davom ettiramiz. Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, geosiyosiy notinchlik. Bunday vaziyatda har bir xalq ertasini o‘ylashi kerak, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini. Bugun sizga issiqxonalarning beshinchi avlodini ko‘rsatamiz. Biz Qozog‘istonning Aqto‘besidamiz.

Issiqxonalar evolyutsiyasi oddiygina konstruksiyalardan boshlanib, yuqori texnologik, avtomatlashgan komplekslarga aylanib boryapti.

Yuqori hosildorlik va sanoat miqyosi

10 gektar maydonda beshinchi avlod issiqxonasi joylashgan bo‘lib, yillik umumiy hosili 8500 tonnani tashkil etadi. Bu bir gektardan o‘rtacha 850 tonna mahsulot deganidir. Issiqxona har biri besh gektardan iborat ikkita blokka ajratilgan va har bir blokda o‘ziga xos sharoitlar yaratilgan.

Bitta blokning o‘zidan to‘qqiz oy davomida har ikki kunda 22 tonna mahsulot olinadi. Bunday yirik hajmdagi barqaror ishlab chiqarish tadbirkorga bozor sharoitlarini o‘zi belgilash imkonini beradi.