17:21 / 24.10.2022
7263
O‘zbekistonda uy-joyga talab sezilarli oshdi – hududlarda narxlar qanday?

Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga oshgan. 1 kv m uchun ijara haqining yuqori qiymati Shayxontohur (12,5 dollar), Mirobod (10,8 dollar) va Yakkasaroy (10,8 dollar) tumanlarida qayd etilgan.

Foto: KUN.UZ

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari 2022 yilning dastlabki 9 oyi davomida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatni tahlil qildi.

Qayd etilishicha, sentabr oyida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga (3,7 ming) oshgan. Umuman, yil boshidan beri, uy-joy savdosining o‘sishi 9,7 foizni (195,7 mingta) tashkil etgan.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (50 foiz), Namangan (50 foiz), Sirdaryo (42 foiz) va Jizzax (39 foiz) viloyatlarida (50 foiz) qayd etilgan.

Shu bilan birga, sentabr oyida avgust oyiga nisbatan ko‘chmas mulk savdosining biroz pasayishi kuzatilgan. Bu asosan o‘quv yili boshlanishi va chet el fuqarolari sonining sezilarli darajada ko‘payishi tufayli ijaraga beriladigan uy-joylarga talabning oshishi bilan bog‘liq.

Toshkent shahrida 1 kv m uchun o‘rtacha ijara narxi yil boshidan buyon 22,4 foizga oshgan.

Uy-joy ijarasi narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Olmazor (49 foiz), Yashnobod (44 foiz), Sergeli (34 foiz) va Shayxontohur tumanlarida (33 foiz) kuzatilgan.

Toshkent shahrida 1 kv m uchun ijara haqining yuqori qiymati Shayxontohur (12,5 dollar), Mirobod (10,8 dollar) va Yakkasaroy (10,8 dollar) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (6,7 dollar) va Bektemir (4,6 dollar) tumanlarida.

Ikkilamchi bozorda narxlar o‘zgarishi

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, sentabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘rtacha o‘sish sur’ati oyiga 1,1 foizni tashkil etgan.

Namangan (5,9 foiz), Jizzax (4,5 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (4,4foiz) uy-joy narxi sezilarli darajada qimmatlashgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4,3 foiz), Xorazm (1,7 foiz) va Qashqadaryo viloyatlarida (0,4 foiz) narxlar arzonlashgan. 

Yil boshidan beri ikkilamchi bozorda 1 kv m uchun o‘rtacha uy-joy narxi 8,9 foizga oshgan.

Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘zgarishi (1 kv metr uchun AQSh dollarida)

Top