15:28 / 25.10.2022
24362

Turkiy davlatlar uchun yagona alifbo: O‘zbekiston qanday yo‘l tutishi kerak? - Ulug‘bek Hamdam bilan suhbat

Turkiy davlatlar tashkiloti yagona o‘rta alifbo yaratish masalasini muhokama qilmoqda.

20 oktyabr kuni Turkiyaning Bursa shahrida Turk tili kunining 90 yilligiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazilgan va unda Turkiy davlatlar tashkilotiga yagona alifbo yaratish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi qaror taqdim etilgan.

Bu haqda xabar bergan Turkiya OAVlariga ko‘ra, seminarda olimlar o‘z mamlakatlaridagi alifbo va tarixiy til jarayonlari haqida ma’lumot berib, yagona alifboga o‘tish ishlarini jadallashtirish muhimligini ta’kidlagan.

Kun.uz manbalari bu seminarda O‘zbekiston vakillari ishtirok etmagani, ammo hukumat mavzu atrofidagi muhokamalarni jiddiy tarzda kuzatib borayotganini ta’kidladi.

Basharti, turkiy davlatlar o‘rtasida yagona alifbo masalasi ko‘tarilgan ekan, bu qanday g‘oya, nimaga xizmat qiladi, nega kerak, qanchalik yashovchan va O‘zbekistonning bunga pozitsiyasi qanday bo‘ladi, degan savollar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Kun.uz muxbiri ayni mavzu atrofidagi savollarni adabiyotshunos olim, yozuvchi Ulug‘bek Hamdamga berdi.

— Ulug‘bek aka, turkiy davlatlarning yagona alifbosi bu – qanday g‘oya, uning tarixiy ildizlari qayerga borib taqaladi? Unga bugun qanchalik zarurat bor?

– Alifboning birlik g‘oyasi bu juda yaxshi g‘oya. Chunki bu birlikka xizmat qiladi. Bursada alifboning 90 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada shunday g‘oya o‘rtaga tashlangan. Buni bir ziyoli sifatida qo‘llab-quvvatlayman. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Alisher Navoiy asarlarini XVIII asrga qadar Turkiyada ham o‘qib bemalol tushunishgan. Ozarboyjonda ham, Qozog‘istonda ham xuddi shunday bo‘lgan. Bu o‘sha alifboning bir xilligi sababli kelib chiqqan. Chunki o‘sha paytlarda alifbo hammada bir xil, arab imlosida edi. XX asrning boshlarida Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar»ini boshqa turkiy xalqlar ham tushungan. Masalan, Tataristonda bu asar qanday sevib o‘qilgan? Hammasining sababi alifbo birligida. Buni adabiyot nuqtai nazarida tahlil qilyapman. Ammo boshqa sohalardan ham bu ijobiy natija beradi. Misol uchun Qozog‘istondagi bir iqtisodchining yozgan kitobini bizning iqtisodchilar bemalol o‘qib tushunishgan. Bu yerda til birligi va yakdillik bor.

Agar shunday bo‘lsa, bugungi o‘zbek yozuvchilarining asarlarini  tarjima qilishga hojat qolmaydi. Turkiy tildan xabardor bo‘lgan qardosh xalqlar bemalol o‘qib tushuna oladi. Qardosh xalqlar alifbo turlicha bo‘lgandan keyingina Abdulla Oripov va Erkin Vohidov asarlarini tarjima qila boshlashdi. Bundan tashqari, alifbo har xil bo‘lishi ortidan xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar ham qiyin bo‘lib qoldi. Tushunish mushkullashdi. Alifbo birligi haqida gapirganda yana bir masala yuzaga chiqadi. Bu yerda qanday alifbo bo‘lishi va qaysi tilning xususiyatlarini qamrab olishi alohida masala sifatida o‘rganishni talab qiladi.

— Mana shu g‘oya bugun turkiy davlatlar o‘rtasida qaysi bosqichda muhokama qilinayotganligidan xabardormisiz?

— Afsuski, bundan xabardor emasman. Lekin tarixda o‘rta turk tilini joriy qilish borasida ish olib borilganidan xabardor edim. Bunga oid lug‘atlar ham tashkil qilingan edi. Demak, bu masalaga urinish, yangilik emas va anchadan beri diqqat markazda turibdi.

— Turli manbalar asosida bilishimcha, bu Turkiy davlatlar yig‘ilishining bitta bo‘limida tashkil etilgan yig‘inda muhokama qilingan va bu yig‘ilishda O‘zbekiston vakillari ishtirok etmagan. Lekin bu masalani biznikilar jiddiy kuzatib bormoqda. Agar bu masala yuzasida jiddiy muhokamalar boshlanadigan bo‘lsa, O‘zbekiston qanday pozitsiyada turishi kerak?

—  Bunga har bir qardosh xalq va o‘zbeklar ham o‘z til xususiyatlaridan kelib chiqib harakat qiladi deb o‘ylayman va bu to‘g‘ri. Chunki bizdagi bor tovushlar boshqa xalqlar alifbosida uchramasligi mumkin. Biz esa o‘z alifbomizning barcha xususiyatlarini tatbiq etadigan til bo‘lishini xohlaymiz. Aynan shu yerda ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin. Masalan, bizda –q va -ng tovushlari bor. Hozirgi turk alifbosida esa bu tovushlar aks etmagan. Ammo bu xalq tilida saqlanib qolgan. Biz bu tovushlarni olib kirishni xohlaymiz, ular esa o‘zlarinikini taklif etishadi.

Bu masalada shoshmashosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bir qarorga kelishdan oldin tilshunos olimlar va ziyolilar bilan maslahatlashib, ko‘p g‘oyalar o‘rtaga tashlanib, ma’lum bir xulosalarga kelish kerak. Agar ko‘zlangan maqsad tor doirada va faqat hukumat vakillari o‘rtasida amalda bo‘ladigan alifbo bo‘ladigan bo‘lsa, bu o‘zini oqlamasligi mumkin. Til qachon yashaydi, qachonki, unda xalq gapirsa, unda yozadigan adiblar bo‘lsa, yashab keta oladi.

—  Yozuvni birlashtirish faqat yaxshilikka xizmat qiladi deyapsiz, lekin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammo va ziddiyatlar ham mavjudligini unutmasligimiz kerak. Masalan, bugungi kunda Rossiya-Ukraina urushida qaysidir jihatlardan Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani hamda buning uchun g‘arb bilan tez-tez ziddiyatlashayotgani fonida bu balki Turkiyaning biz ham kamchilik emasmiz, degan maqsadda ko‘tarayotgan masalasi bo‘lishi ham mumkin?

— Albatta, bu borada siyosatchilarimiz ham chuqurroq tahlillar qilishi kerak. Kengroq o‘rganish lozim. Bu alaloqibat o‘zbek xalqining zarariga ishlamasligi kerak. Ma’lum bir qadamdan keyin biz uchun katta zarbalar bo‘lmasligi lozim. Shunga qaramasdan, alifbo masalasiga iqtisod ham, siyosat ham aralashadi. Ammo hammasini bir chetga surib, tasavvur qilib ko‘ring. Turkiy xalqlarning yaxlit bir alifbosi bo‘lsa va bu har bir turkiy xalqning alifbosini qamrab olsa, tarjimaga deyarli hojat qolmaydi. Faqatgina talaffuzda tovushlar turlicha bo‘lgani uchun turkiy xalqlarni tushunmaymiz. Aslida, fe’l va otlarimiz bir. Shuning uchun siz nazarda tutgan tomonlarni ham o‘rganib ko‘rish kerak. Ammo bu baribir yaxshi g‘oya.

— Hukumat qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ish yuritishda to‘liq lotin yozuviga o‘tish tartibi belgilangan. Ammo yil oxirlayotganiga qaramasdan hukumatda ikkilanishlar, harakatsizlik borga o‘xshaydi. Negadir, bu masala doim ortga surib kelinyapti. Siz bu kechiktirishdan kim nima yutqazyapti deb hisoblaysiz?

— Agar bu masala Bursada o‘tgan konferensiyaga bog‘liq bo‘lmasa, nisbatan mukammallashtirilgan lotin alifbosiga o‘tish g‘oyasini paysalga solmasdan, qabul qilish kerak deb hisoblayman. Chunki haligacha ikki alifboda yozyapmiz. Qolaversa, lotin alifbosida yozayotganlar yil sayin ortib bormoqda. Chunki eski alifboda anchayin xatolar bor. Bekorga hukumat bu masalani o‘rtaga tashlamadi. Chunki u mukammal emas. 1929 yillarda qabul qilingan lotin alifbosi keyin qabul qilinganiga nisbatan aniqroq edi. U yerda bir tovushni ikki harf ifoda etmas edi. Biz turklardan olyapmiz degan masalani shunday qo‘yishdiki, bu o‘zlarining izzat-nafsiga tekkandek bo‘ldi. Aslida bu masala avvaldan bizda ko‘tarilgan va mavjud bo‘lgan. Birinchidan, biz ulardan olayotganimiz yo‘q. Ikkinchidan, agar to‘g‘ri bo‘ladigan bo‘lsa, ulardan nega olmasligimiz kerak? Olamiz. Qolaversa, biz qardosh xalqmiz. To‘g‘ri variant u yerda bo‘lsa, har qanday xalqdan olish mumkin. O‘rganishning aybi yo‘q. Agar kelajagimiz, bugunimiz va mamlakatimiz rivojiga xizmat qiladigan bo‘lsa, har qanday g‘oyani olib, tatbiq etishdan ikkilanmaslik kerak. Bir paytlar Sharq butun dunyoga sivilizatsiya bergan bo‘lsa, keyingi 600 yilda dunyo xalqlari g‘arb sivilizatsiyasi ortidan ketmoqda.

— Bu masala nima uchun kechikyapti, degan savolni o‘rtaga tashlasam, kirillda ishlab o‘rgangan mansabdorlar orasida biz maydonni bo‘shatgandan so‘ng, yoshlar qaysi alifboga o‘tsa o‘taversin, degan qarash bordek tuyuladi. Buni rasmiy, norasmiy manbalar orqali eshitib qolamiz. Bunga qanday qaraysiz?

— Bu juda sodda qarash bo‘lar edi. Hukumatda imkon yo‘q deb o‘ylaysizmi? Lotinda to‘g‘ri variantni bersin-da, o‘qib-ishlash uchun yoniga kirillni ham bersin. Katta avlodni qiynash shart ham bo‘lmaydi. Bu juda oson. Agar o‘sha mansabdorning g‘oyalari zo‘r bo‘lsa va u hukumatga kerak bo‘lsa, unga ikki tilda tayyorlab bering. Hech narsa qilmaydi. Bu inson omili. Biz unga jamiyatga berayotgan foydalari orqali baho berishimiz kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Top