18:22 / 26.10.2022
23703
Sammitga kelgan mehmonlardan birini tezkor operatsiya qildik, u menga minnatdorchilik bildirdi – prezident

Tibbiyot sohasi vakillari bilan videoselektor chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tibbiyoti yetakchilari bilan ham videomuloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarqandlik shifokor Vladimir Kim Samarqand shahri aholisi 1 mln nafarga yaqinlashayotgani, ammo shaharda uzoq yillardan beri yangi tug‘uruq kompleksi qurilmagani, mavjud to‘rtta kompleks katta yuklama bilan ishlayotganini bildirdi. Yechim sifatida shifokor Qorasuv massivida 200 o‘rinli tug‘uruq kompleksi barpo etish taklifini bildirdi.

«Vladimir Safronovich, sening taklifing juda o‘rinli. Men Samarqanddagi vaziyatni juda yaxshi bilaman. O‘zim hokim bo‘lgan paytimda ham har bir muassasani o‘zim ko‘rib chiqqanman. Taklifga kelsak, bu kompleksni Qorasuv massivida emas, barpo etilayotgan Yangi Samarqand massivida qursak to‘g‘ri bo‘ladi.

Umuman, Samarqandda tibbiyot universiteti bor. Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida delegatsiya rahbarlaridan biri kasal bo‘lib qoldi, shifokorlarimiz uni tezkor operatsiya qilib, darhol oyoqqa qo‘yishdi.

U kelib menga rahmat aytdi va tibbiyotimiz sharoitlaridan mamnun bo‘lganini bildirdi. Nima demoqchiman, yutuqlarimiz bor, lekin kamchiliklarimiz ham yetarli. Bu sohada jadal ishlashda davom etishimiz kerak», – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top