11:22 / 28.10.2022
18364

Qalbaki 200 ming so‘mliklar tarqalmoqda. IIV holat yuzasidan tergov ketayotganini bildirdi

O‘zbekistonda 200 ming so‘mlik kupyuralar qalbakilashtirilayotgani, shu bois oldi-berdi jarayonida e’tiborli bo‘lish haqidagi xabarlar tarqaldi. Mutaxassis Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qalbaki pullarni farqlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining bosh eksperti Oybek Yusupov soxta pullarni haqiqiysidan ajratishning usullari ko‘pligini ma’lum qildi.

Oybek Yusupov, IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazining bosh eksperti Foto: Kun.uz

“Birinchidan, ko‘cha-ko‘yda, bozorlar va magazinlarda naqd pullar bilan muomala qilinganda kupyurani bukib tortganda ovozidan bilish mumkin. Haqiqiysidan jarangdorroq tovush chiqadi. Bunda albatta kupyura suvga tushmagan va eskirmagan bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, banknotlarda ko‘k rangli,“siljish” effektiga ega bo‘lgan mikrooptik himoya ipi bor.

Uchinchidan, seriya raqami. U yaqqol ko‘rinib turadi va bo‘rtib chiqqan joylari bor. Qalbakilarida undaymas”, – deydi ekspert.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda kupyuraning qalbakilarini qanday qilib tezda bilish mumkinligi ko‘rsatilgan. Qalbaki kupyuraning markaziy qismidagi mashhur Quva anorining ramzi bo‘lgan «anor» tasviri, hamda O‘zbekiston nomining xalqaro abbreviaturasi yozilgan mikrooptik himoya ipi oddiy rang bilan bo‘yalgani ko‘rinali. Agar o‘sha tasvirlar tirnoq bilan ishqalansa, bo‘yoq ko‘chishi kuzatiladi.

Qalbaki pullar Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Lekin ko‘pchilik bu jihatga e’tibor beravermaydi. Ayniqsa, muomala jarayonida bog‘lam holatida ichida bo‘lgan qalbaki pullarni payqash qiyin. Bundan tashqari, haqiqiy va qalbaki kupyuralarni farqlashning yana boshqa usullari borligini mutaxassis ta’kidladi.

“Jumladan, maxsus uskunalar kerak bo‘ladi. Eng soddasi va qulayi lupa bo‘lishi mumkin. Chunki istalgan kishi undan bemalol foydalana oladi. Lupalarni do‘konlardan topish mumkin”, deydi ekspert Oybek Yusupov.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, ikki yuz ming so‘mlik banknotlarning old qismi o‘ng va chap tomoni chetida joylashgan yashil rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknot qiymatini aniqlash imkonini beradi. Qalbaki kupyuralarda bo‘rtmalik xususiyati bo‘lmas ekan.

Shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida naqshinkor bezakning yashil rangli fonida «UZB 200000 SO‘M» so‘zini qizil rangda ko‘rishimiz mumkin.

Mutaxassislar fuqarolar o‘zlaridagi naqd pullarning haqiqiyligidan shubha qilgan taqdirda, Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markaziga murojaat qilishlari mumkinligini ta’kidlashdi.

Qalbaki pullarni aniqlash jarayoni Foto: Kun.uz

Vazirlik mulozimi internetda tarqalgan videoda aks etgan holat – muomalaga kiritilgan qalbaki 200 ming so‘mliklar yuzasidan tergov ketayotganini bildirdi.

“Ikki yuz minglik kupyuralar qalbakilashtirilishi holati bo‘yicha pullarni chiqargan odamlar ushlangan. O‘sha pullar qayerda ishlab chiqarilganini aniqlash choralari ko‘rilib, tergov jarayonlari davom etmoqda”, deydi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi bosh eksperti Oybek Yusupov.

Ultrabinafsha nuri ostida 200 ming so‘mlik ko‘rinishi Foto: Kun.uz

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning 15 iyul sanasidan 200 ming so‘mlik kupyuralar muomalaga chiqarilgani ma’lum qilingan.

Top