19:49 / 02.11.2022
8560

Livanda vabo tarqaldi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Livanda vabo «tezlik bilan» tarqalayotgani haqida ogohlantirdi.

Foto: AP

Oktyabr oyida Yaqin Sharqning ushbu mamlakatida 1993 yildan beri birinchi marta vabo kasalligi aniqlangan edi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik mamlakatning barcha hududlariga tarqalib, jami 1400 ta gumon qilingan holatlar qayd etilgan. Kasallik tarqalishi Bebnin shahrida boshlangan bo‘lib, rasmiylar u yerda dala shifoxonasini tashkil qilgan.

JSST Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mintaqaviy direktori Rik Brennan so‘zlariga ko‘ra, vabo Suriyadan kelib chiqqan bo‘lib, hozirda 20 mingga yaqin shubhali holatlar bor.

Vabo bakteriyalari iflos suv, oziq-ovqat yoki oqova suvlari orqali tarqaladi. U buyrak yetishmovchiligi yoki hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Ammo uni dori-darmonlar bilan davolash imkoni bor. Infeksiya fekal-og‘iz yo‘li bilan yuqadi, bu esa epidemiya xavfini oshiradi.

JSST bayonotiga ko‘ra, bu yil butun dunyo bo‘ylab vabo epidemiyalari soni keskin oshgan. Buning ortida suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, mojarolar, migratsiya va toza suvdan foydalanish imkoniyatining pasayishiga olib keladigan boshqa omillar bor. Vaksinalar taqchilligi tufayli BMT agentligi tavsiya etilgan emlash tartibini hozircha ikki dozadan bir dozaga o‘zgartirdi.

Qayd etilishicha, Livan vaksinalarning birinchi partiyasini 2 noyabr kuni olgan. 13 ming dozadan iborat partiya Fransiyaning Sanofi tibbiyot kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan va Fransiya hukumati ko‘magida yetkazib berilgan.

Livan sog‘liqni saqlash vaziri Firas Abiad so‘zlariga ko‘ra, emlash kasallik tarqalishini cheklashda «muhim rol» o‘ynaydi.

JSST Livanni tibbiy xodimlar, asbob-uskunalar va laboratoriya resurslari, vaksinalar bilan ta’minlashda, shuningdek, klinika va shifoxonalarda o‘quv jarayonini tashkil etishda qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mavzuga oid
Top