11:59 / 02.11.2022
11075
«Tropikdagi Tramp» yutqazdi, uning tarafdorlari yo‘llarni to‘smoqda

Braziliyadagi saylovlarda amaldagi prezident, ashaddiy konservator Jair Bolsonaruni sobiq prezident, avvaliga korrupsiya uchun qamalib, keyin ozodlikka chiqqan sotsialist Lula da Silva mag‘lub etdi. Bu butun dunyodagi liberallar uchun g‘alaba hisoblanadi.

Foto: Reuters

Braziliyada 30 oktyabr kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatni 2003-2010 yillarda ham boshqargan va ayni vaqtda 77 yoshda bo‘lgan Luis Inasiu Lula da Silva g‘alaba qozondi. U o‘z raqibi — mamlakatning amaldagi prezidenti Jair Bolsonaruni atigi 1,8 foizlik farq bilan ortda qoldirgan. Lula da Silvani g‘alaba bilan ko‘plab mamlakatlar rahbarlari, jumladan AQSh prezidenti Jo Bayden, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols hamda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo tabrikladi. Argentina prezidenti Alberto Fernandes esa Lula da Silvaning g‘alabasini «Lotin Amerikasida yangi davr boshlanishi» deb atadi.

Lula da Silva Braziliyadagi prezidentlik saylovlaridagi g‘alabadan keyin. San-Paulu, 2022 yil 30 oktyabr
Mauro Horita / Getty Images

Lula da Silva o‘z siyosiy faoliyatini 1970-yillarda ishchi-metallurglar kasaba-uyushmasi yetakchisi sifatida boshlagan, 1980 yilda Mehnatkashlar partiyasi asoschilaridan biriga aylangan. Da Silva 1994 va 1998 yillardagi prezidentlik saylovlarida shu partiyadan nomzodini ilgari surgan. U faqat 2002 yilga kelib prezidentlik poygasida g‘olib chiqishga muvaffaq bo‘ladi, 2006 yilda esa ikkinchi muddatga qayta saylanadi.

Uning prezidentligi xomashyoga global talab o‘sishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy o‘sish davriga to‘g‘ri keldi va The Washington Post nashriga ko‘ra, uning boshqaruv davri millionlab odamlarni qashshoqlikdan qutqargan keng ko‘lamli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari bilan yodda qoladi. Lula da Silvaning prezidentlik muddati yakunida reytingi 85 foizdan oshardi.

2014 yilda Braziliyada «Avtomoyka» amaliyoti boshlanadi, u mamlakat tarixidagi eng yirik korrupsion mojaroga aylanadi. Tergov figurantlari hokimiyatning yuqori eshelonlari vakillari edi. Tergov davomida qariyb 300 kishi hibsga olinadi va 278 ta ayblov hukmlari chiqariladi. 2017 yilda Lula da Silva korrupsiyada aybdor deb topilib, to‘qqiz yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Keyinroq Oliy sud uning muddatini 12 yilu bir oyga oshiradi. 2019 yil fevralida esa sud Lula da Silvani 12 yilu 11 oylik qamoq jazosiga hukm qiladi.

Sobiq prezident 580 kunni qamoqda o‘tkazadi. U 2019 yil noyabrida ozodlikka chiqadi, 2021 yilda esa Oliy sud protsessual qonunbuzarliklar tufayli Lula da Silvaga qarshi barcha sud jarayonlarini bekor qiladi.

Bu korrupsion mojaro 2011-2016 yillarda Braziliyaga prezidentlik qilgan Dilma Russefning iste’fosi sabablaridan biri bo‘lgandi. Uning o‘rnini Mishel Temer egallaydi. 2017 yilda esa prokuratura Temerni ham korrupsiyada ayblaydi, ammo Braziliya parlamenti prezidentga qarshi ayblovni Oliy sudga oshirishdan bosh tortadi. The New York Times nashriga ko‘ra, bu vaqtga kelib Temerning reytingi 7 foizni tashkil etardi va u 2018 yilgi prezidentlik poygasida ishtirok etmaslikka qaror qiladi.

Aynan doimiy korrupsion mojarolar fonida 2019 yilda Braziliyada hokimiyat tepasiga o‘ta o‘ng siyosatchi, «Tropikdagi Tramp» laqabini olgan Jair Bolsonaruni olib kelinadi. Saylanishidan ancha oldin Amerika matbuotida unga «ayollardan nafratlanuvchi dunyodagi eng yirik siyosatchi» deb nom berilgan, Avstraliya nashrlari — «dunyoning eng nafratga sazovor siyosatchisi», Britaniya nashrlari esa — «diniy millatchi», «o‘ng demagog» va «diktatura maddohi» deb atashgan.

Bolsonaruning siyosiy faoliyati 1988 yilda boshlangan, o‘shanda uni Rio-de-Janeyro shahar kengashiga saylashgan, ikki yil o‘tib esa Braziliya kongressining quyi palatasiga saylangan va bu yerda keyingi 27 yil mobaynida ishlagan.

Bolsonaruning prezidentligi koronavirus pandemiyasiga to‘g‘ri keldi. U oxiriga qadar bo‘layotgan hodisalarning jiddiyligini rad etdi va samarasi tasdiqlanmagan preparatlardan foydalangan holda faol tashviqot olib bordi, dalillar keltirmagan holda vaksinalarni tanqid qildi, shuningdek ijtimoiy masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini inkor etdi. 2021 yilda Braziliya Federal senatining hukumatning pandemiyaga qarshi kurashdagi faoliyatini tekshirish bo‘yicha komissiyasi mamlakat prezidentini kasallik tarqalishiga olib kelgan va 700 mingga yaqin kishi o‘limiga sabab bo‘lgan qator jinoyatlar sodir etishda aybladi.

Prezidentlik lavozimida ekanida Bolsonaru tropik o‘rmonlarni kesish sur’atlarini oshirgan, shuningdek o‘qotar qurol sotib olishni soddalashtirgandi. Braziliya esa bungacha ham qasddan sodir etilgan qotilliklar ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan sanalardi. BBC hisoblariga ko‘ra, 2018 yildan buyon qurol uchun ruxsatnomalar berilishi qariyb 500 foizga oshgan.

CNN xabariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yilda Braziliyada ijtimoiy tengsizlik darajasi ham o‘sgan — bu davrda to‘qqiz milliondan ortiq kishi qashshoqlik chegarasida yashagan, savodlilik va maktabga borish darajasi sezilarli darajada pasaygan. 2020 yilda OCCRP Jair Bolsonaruni jinoyatchilik va korrupsiyani rag‘batlantirishga qo‘shgan hissasi bo‘yicha «yil odami» deb topdi.

So‘nggi yil davomida Bolsonaru bir necha bor Braziliyadagi saylov tizimini tanqid qildi. O‘z chiqishlari, intervyulari va ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postlarida u mamlakatda saylovlar natijalari soxtalashtirilishi haqida doimiy ravishda aytib keldi. 2022 yilgi saylovlar arafasida u bir necha bor saylovdagi mag‘lubiyatni tan olmasligiga ishora qildi.

Tan olmadi, lekin hokimiyatni topshiradi

Jair Bolsonaru saylovdagi mag‘lubiyatidan ikki kun o‘tibgina omma oldida ko‘rinish berdi, u mag‘lubiyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olmadi, lekin saylov natijalari bo‘yicha bahslashmaydigan bo‘ldi, uning apparati rahbari esa Bolsonaru hokimiyatni topshirish jarayonini boshlashga topshiriq berganini ma’lum qildi.

Saylovlardan oldin Jair Bolsonaruning muxoliflari u mag‘lubiyatga uchragudek bo‘lsa, Trampdan o‘rnak olgan holda natijalar soxtalashtirilganini aytishi va mamlakatda fuqarolar ikki lagerga ajralib, mojaro boshlanishidan xavotirlanayotgandi.

Bolsonaruning saylovlardan oldingi ritorikasi shunday xavotirlar uyg‘otardi, uning saylovlardan keyin uzoq vaqt sukut saqlashi esa asabiylikni yanada oshirgandi.

Ammo seshanba kuni kechqurun mag‘lubiyatga uchragan prezident kameralar qarshisida qisqagina bayonot bilan chiqdi, u o‘zi uchun ovoz bergan o‘ng liberal qarashlarga ega vatandoshlariga minnatdorchilik bildirdi hamda qonunga rioya qilishga va’da berdi.

«30 oktyabr kuni menga ovoz bergan 58 million braziliyalikka rahmat aytmoqchiman», - dedi siyosatchi. O‘z tarafdorlarining saylovdan keyingi noroziliklarini izohlar ekan, Bolsonaru bu namoyishlar «g‘azab va saylov jarayonining tashkil etilishiga nisbatan adolatsizlik tuyg‘usi natijasi» deb ta’kidladi.

«Men respublika prezidenti bo‘lsam ham, uning fuqarosi ekanimda ham konstitutsiyaning barcha talablariga rioya etaman. Men kabi iqtisodiy erkinliklar, diniy e’tiqod va so‘z erkinligi, adolat va bayrog‘imiz ranglarini himoya qilayotgan millionlab braziliyaliklar yetakchisi bo‘lish men uchun sharaf», degan Bolsonaru.

Uning chiqishidan so‘ng prezident apparati rahbari Chiru Nogeyra hokimiyatni topshirish jarayoni boshlanishini aytdi va yakshanba kungi saylovlarda ustun kelgan Luis Inasiu Lula da Silvani yangi saylangan prezident deb atadi.

«Jair Mesiash Bolsonaru menga qonun asosida hokimiyatni o‘tkazish jarayonini boshlashni topshirdi. Mehnat partiyasi prezident Lula nomidan kelayotgan payshanba kuni yangi vitse-prezident Jyeraldu Alkminaning inauguratsiyasini rasmiylashtiradi. Biz qonunga rioya etish uchun bu rasmiylashtiruvni kutamiz», degan Nogeyra.

Yuk mashina haydovchilari aksiyasi

Bolsonaruni qo‘llab-quvvatlagan yuk mashina haydovchilari saylovlardan keyin darhol butun mamlakat bo‘ylab yo‘llarni yopa boshladi va bu eng zarur mahsulotlar yetkazib berilishida jiddiy muammolarga olib keldi. Haydovchilarning lavozimini tark etayotgan prezidentga simpatiyasi shu bilan izohlanadiki, uning ma’muriyati dizel yonilg‘isini pasaytirilgan narxlarda sotishga buyruq bergandi.

Sobiq prezident tarafdorlari orasida yuk mashinalari haydovchilari ko‘p. Foto: Reuters

Dushanba kuni kechqurun holatiga ko‘ra yo‘l politsiyasi yo‘llarda 342 ta shunday tirbandlik holatlarini qayd etishgan, bu holatlar asosan mamlakat janubida qayd etilgan. Oliy sud sudyasi Aleshandru de Moraesh namoyishchilarni tarqatib yuborishni buyurgani va buyruqqa rioya qilmagan haydovchilar blokadaning har bir soati uchun 100 000 rial (20 ming dollar atrofida) miqdorida jarimaga tortilishi xavfi yuzaga kelganidan keyin politsiya bir qancha tirbandliklarni bartaraf etgan.

Bolsonaru o‘zining qisqa nutqida namoyishga chiqqan tarafdorlarini qoralamadi va ularni tarqalishga chaqirmadi, faqat ularni begonalarning mulkiga zarar yetkazmaslik va fuqarolarning erkin harakatlanishiga xalal bermaslikka chaqirdi.

Braziliyadan BBC muxbiri Keti Uotsonning xabar berishicha, u yerdagilarning hech biri u jangsiz taslim bo‘lishini kutishmagan, chunki u doimo o‘z lavozimidan faqat yaratgan ketkaza olishini ta’kidlab kelardi.

Saylovlargacha ham u ko‘p bor mamlakatdagi saylov tizimiga shubha bilan qarashini takrorlab kelgan.

Braziliya yo‘l politsiyasi dushanba kuni kechqurun mamlakat hududidagi avtomagistrallarda 342 ta joyda qasddan tirbandlik hosil qilinganini qayd etgan. Foto: Reuters

Ammo hozircha uning eng qat’iy tarafdorlari o‘z so‘zini aytishmoqda. Natijada ikki shtatdan boshqa barcha hududlarda yo‘llar to‘silganicha qolmoqda va hatto San-Paulu xalqaro aeroporti ham ayrim reyslarni bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Saylov g‘olibi esa saylov natijalari e’lon qilinishi bilanoq omma oldida chiqish qilgan va saylov kampaniyasi davrida ikki lagerga ajralgan jamiyat tomonlarini yarashishga chaqirgan.

«Mamlakatimiz tinchlik va birlikka muhtoj. Odamlar kurashishdan charchadi», degan Lula.

Yangi prezident faqat o‘ziga ovoz berganlar emas, barcha braziliyaliklar manfaatlarini ifoda etmoqchi ekanini bildirgan. U Bolsanaruning reaksiyasini kutmasdan o‘tish davri jamoasini shakllantirishga kirishgandi.

Mavzuga oid
Top