10:03 / 07.11.2022
7053

O‘zbekistonda yil oxirigacha 4,8 mlrd dollarlik qariyb 3,5 mingta loyihani ishga tushirish rejalashtirilyapti

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligida investitsiyaviy va eksport faoliyatining bugungi holati va uni rag‘batlantirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensiya tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Eksport faoliyati joriy ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yil shu davriga nisbatan 129 foizga oshgan bo‘lsa-da, hududlar va tarmoqlar bo‘yicha olib borilgan tanqidiy tahlillar qator kamchiliklarni ko‘rsatdi. Tadbirkorlar va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular muammolarini hal etishda yordam berish borasidagi ishlar qoniqarsiz ekani inobatga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmalari, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarlari faoliyati tanqid qilindi.

Investitsiya faoliyati doirasida erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tildi. Joriy yil yanvar-oktabr oylarida davlat investitsiya dasturi doirasida 8,2 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, 3,2 milliard dollarlik 91 ta yirik loyiha foydalanishga topshirildi, 14,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. 

Biroq, ijobiy faktlar fonida mas’uliyatsizlik holatlari uchrab turmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zsuvta’minot”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” va bir qator vazirliklar tegishli rahbarlari jalb qilingan xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirish bo‘yicha erishgan natijalari qoniqarsiz deb topildi.

Har bir investitsiya loyihasi amalga oshirilishini monitoring qilish, investitsiyalarni o‘zlashtirishda kechikishlarga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi ta’kidlandi. Joriy yil oxirigacha umumiy qiymati 4,8 milliard dollarlik 3466 ta loyihani ishga tushirish va 127,9 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Tijorat banklari tomonidan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ular tashabbuskorlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan har tomonlama yordam ko‘rsatish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi uchun har bir rahbar shaxsiy mas’uliyati alohida ta’kidlandi. Ular o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazorat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.

Top