O‘zbekiston | 16:00 / 12.03.2024
4112
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida loyihalarni amalga oshirish uchun 100 mln dollar ajratiladi

Prezidentning “Xorazm viloyatida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga asosan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi «Biznesni rivojlantirish banki» ATBga besh yil muddatga 14 foiz stavkada 100 million AQSh dollari ekvivalentida kredit resurslarini ajratadi.

Davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan samarali foydalanish, ularning o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlash maqsadida 2024 yil 1 iyuldan boshlab kredit ajratishning barcha bosqichlari (arizani ko‘rib chiqish, qaror qabul qilish, kafillik berish va kredit ajratish) raqamlashtirilgan holda elektron platformalarda amalga oshiriladi.

Uzoq muddatli kreditlar tadbirkorlarga quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:

  • Xorazm viloyatida har bir mahallaning sanoat, xizmatlar, savdo va umumiy ovqatlanish, turizm, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, zargarlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash hamda qayta ishlash yo‘nalishlaridagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, kamida 10 ta loyihalarni amalga oshirish uchun;
  • Xiva va Urganch shaharlari, Hazorasp, Xiva, Shovot, Bog‘ot va Urganch tumanlarida zamonaviy savdo markazlari va bozorlar hamda ularga tutash hududlarda ishlab chiqarish binolari (angar va sexlar)ni qurish, turistik va gastronomik ko‘chalarni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlarga uzoq muddatli kredit, ijara va lizingga berish uchun.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xorazm viloyatidagi   amalga oshiriladigan loyihalar dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Mavzuga oid