Qrim federal universiteti tibbiyot akademiyasining o‘zbek talabalari ijtimoiy tarmoqlar orqali Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, hozirda Qrim hududi urush tufayli xavfli hududlar sirasiga kirayotgani bois ularning ham o‘qishini O‘zbekiston OTMlariga ko‘chirishda amaliy yordam so‘ragandi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan Qrim va Sevastopol hududlaridagi OTMda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ham o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi.
Ma’lumot uchun, bungacha Davlat komissiyasining 7-son bayoni bilan Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan chegaradosh Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berilgandi.