12:06 / 09.11.2022
4912

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinmoqda: unda nimalar aks etgan?

Qonun loyihasi bilan raqobatga qarshi kelishuv va o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun javobgarlik yengillashtirilishi mumkin.

«Raqobat to‘g‘risida»gi va «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonunlar «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunga birlashtirilmoqda. Qonun loyihasi Oliy majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi, deya xabar bermoqda Antimonopol qo‘mita matbuot xizmati.

Qonun loyihasi 9 ta bob, 52 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash tartibi belgilanyapti.

Monopoliyaga qarshi komplayens instituti kiritilib, davlat ko‘magi ko‘rinishlari va ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ommaviy savdo tushunchasi kiritilib, nafaqat tanlov va tender, balki auksion va boshqa elektron tarzda o‘tkaziladigan savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham berish choralari ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bilan raqobatga qarshi kelishuv va o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun javobgarlik yengillashtirilishi mumkin.

Moliyaviy jarimalar kiritilishi munosabati bilan iqtisodiy konsentratsiyaga va tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish harakatlari hamda raqobatga qarshi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlanyapti.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishining (ko‘rsatilishining) noqonuniy cheklanishi hamda litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilinishi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi alohida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga asossiz ravishda eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar, preferensiyalar berishning oldini olishi mumkin.

Top