21:58 / 16.11.2022
40334

Ikki «Buk», yigirma guvoh: MN17 ishi bo‘yicha suddan asosiy jihatlar

Donbass uzra «Boing-777» qulaganidan 8 yil o‘tib, nihoyat Niderlandiya sudi 17 noyabr kuni hukmni o‘qiydi. Bu ishni ko‘rib chiqish uchun ketgan ikki yarim yil ichida sudda hujjatlar sinchiklab o‘rganildi, fitna nazariyalari parchalandi, muqobil ssenariylar tadqiq etildi, ushlangan telefon suhbatlari eshitildi va voqea guvohlariga ham so‘z berildi.

Foto: Kun.uz

2014 yilning 17 iyulida Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan MH17 reysida halok bo‘lganlarning uchdan ikki qismi Niderlandiya fuqarolari edi, aynan shu sababli Niderlandiya prokurori surishtiruv ishlari olib borgan Xalqaro tergov guruhini boshqardi.

Garchi sud Moskva tomonidan taqdim etilgan dalillarning barchasini diqqat bilan o‘rganib chiqqan bo‘lsa-da, Rossiya ushbu ishni siyosiylashtirilgan, noxolis va birtomonlama deb atashda davom etmoqda.

Hukm o‘qilishi arafasida BBC ushbu sud jarayonining muhim jihatlari haqida hikoya qildi.

Demak, MH17 samolyoti urib tushirilishida quyidagi shaxslar aybdor deb sanalmoqda:

  • Igor Girkin (Strelkov) — Rossiya fuqarosi, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»ning sobiq mudofaa vaziri, FXXning iste’fodagi zobiti;
  • Sergey Dubinskiy — Rossiya fuqarosi, Rossiya armiyasi bosh razvedka boshqarmasining iste’fodagi katta zobiti;
  • Oleg Pulatov — Rossiya fuqarosi, Rossiya armiyasi havo-desant qo‘shinlarining zaxiradagi podpolkovnigi;
  • Leonid Xarchenko — Ukraina fuqarosi, «DXR» bosh razvedka boshqarmasi razvedka bo‘linmasi qo‘mondoni.

Niderlandiya prokuraturasi ularning har biriga umrbod qamoq jazosi so‘rgan, biroq ayblanayotganlarning hech biri «Boing» samolyotiga raketa uchirishda shaxsan qatnashmaganini ham ta’kidlagan.

«DXR» bir necha bor «Buk» so‘ragan. Rossiya kamida ikkita qurilma jo‘natgan

Samolyotning urib tushirilishiga aloqador shaxslar ustidan sudning dastlabki kunlarida ayirmachilar nazorat qilayotgan hududga Rossiyadan kamida ikkita «Buk» zenit-raketa komplekslari yo‘l olgani aniqlangan.

Niderlandiya prokuraturasi birinchi «Buk»ning jo‘natilishi uchun BRB zobiti Oleg Ivannikov mas’ul bo‘lganiga amin. Lekin uning kolonnasi «DXR»gacha yetib bormagan — yo‘lda buzilib qolgan. Buni telefon so‘zlashuvlarini xufiyona eshitib, shuningdek, tergovchilarga kelib tushgan foto- va videomateriallar asosida aniqlashgan.

Ikkinchi «Buk»ning jo‘natilishiga Rossiya bosh shtabi BRB iste’fodagi zobiti Sergey Dubinskiy javobgar bo‘lgan, deb aniqlagan prokuratura. Bu «Buk» Donetskkacha borgan, shundan so‘ng Snijne (Snejnoye) shahriga qaytgan. Bu ko‘plab foto va videolar bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Tarkibida «Buk» ketayotgan kolonnaning sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan tasviri ham bor. Unda «Buk» ZRK Snijne yaqinidagi raketa uchirilgan hududga qarab bormoqda.

Foto: GOOGLE via JIT

MH17 ishi bo‘yicha tergov ko‘plab tutib olingan telefon suhbatlarini eshitib ko‘rgan, ularga ko‘ra «DXR» harbiy bo‘linmalari qo‘mondonlari bir necha bor Rossiya mulozimlari va generallaridan Ukraina aviatsiyaga qarshi turish uchun «Buk» ZRK yetkazib berishni so‘rashgan.

Sudda eshittirilgan shunday yozuvlardan birida o‘sha vaqtda «DXR» deb ataluvchi hududning mudofaa vaziri bo‘lgan Igor Strelkov (Girkin) ovozi bilan so‘zlagan inson tanklarga qarshi artilleriya va «normal PVO (HHM) tizimi» so‘ragan. Strelkov «bularning barchasi mutaxassislar bilan, tayyor holda» yetkazilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

«Boing-777» urib tushirilishidan bir sutka avval BRB zobiti Sergey Dubinskiy ovozi bilan so‘zlagan inson: «Agar men ertalabgacha «Buk»ni olishga ulgursam, bu yaxshi bo‘ladi, aks holda...», degan. Frontdagi og‘ir holat haqida xizmatdoshiga so‘zlab berar ekan, u yana qo‘shimcha qilgan: «Ortiq hech narsa qo‘limizdan kelmaydi, hamma umid «Buk»dan».

«Buk» harakatlangan «DXR» nazorati ostidagi yo‘nalish ayirmachilar guruhining sobiq ishtirokchilari bo‘lgan guvohlarning ko‘rsatmalariga binoan, shuningdek, ZRK yonida bo‘lgan bir guruh insonlarning Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan ushlanib, yozib olingan so‘zlashuvlari hamda uyali telefonlari billingi bo‘yicha tiklangan.

Telefon yozuvlari — bosh axborot manbayi

Bu sudda dalil bazasining katta qismi UXX tomonidan ushlanib yozib olingan va sudga taqdim etilgan telefon muloqotlaridir.

Ayblanayotganlarning uch nafari — Strelkov, Dubinskiy va Pulatov audioyozuvlarning katta qismida ularning ovozi ekanini inkor etishmagan. Leonid Xarchenkoning pozitsiyasi noma’lum, u biror marta sud jarayoniga sharh bermagan.

To‘g‘ri, Sergey Dubinskiy yozuvlarning bir qismi turli vaqtlardagi so‘zlashuvlardan birlashtirib montaj qilinganini ta’kidlagan. Pulatov esa so‘zlashuvni eshitib turganlarini bilgani uchun ataylab yolg‘on gapirib turganini aytgan.

Bu ta’kidlarni tasdiqlash yoki rad etish uchun Niderlandiya prokuraturasi yozuvlarni fonoskopik ekspertizadan o‘tkazgan va montaj izlarini topmagan. Shundan so‘ng prokurorlar aybdorlarning ushlangan va ularga ma’lum barcha o‘zaro va boshqa harbiylar bilan so‘zlashuvlarini taqqoslab chiqishgan. Ularda raqib tomoni chalg‘itish uchun yolg‘on va haqiqatni aralashtirishda ishlatiladigan birorta mantiqiy nomutanosiblik topilmagan.

Boz ustiga, ayblanuvchilar «raqibni chalg‘itish uchun to‘qib chiqardik», deyilayotgan voqealar chindan ham ro‘y bergani 2014 yilning 16–18 iyulida voqea joyida guvohlar tomonidan tushirilgan foto- va videomateriallar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Ayblanuvchilarga tegishli uyali telefonlarning geopozitsiyalari ham ko‘p narsani hikoya qilmoqda. Xarchenkoning mobil telefoni billingini o‘rganib chiqib, tergov uning apparati Zugres, Shaxtarsk va Snijnedagi minoralarga ulanganini aniqlagan, bu esa «Buk» mavjud harbiy kolonnaning taxmin qilinayotgan yo‘nalishiga to‘liq mos.

«Boing-777» halokatga uchragach oradan yarim soat o‘tmay Xarchenko ovozi bilan gapirgan inson Dubinskiy ovoziga ega insonga hisobot bergan:

— Biz joydamiz, yana bitta «Sushka» («Su» qiruvchi uchog‘i nazarda tutilmoqda) urib tushirdik.

— Barakalla, ay, barakalla! Yana bitta «Sushka» urib tushirishibdi, barakalla! — deb javob bergan hamsuhbat.

«Boing»ga qarata raketa uchirilgan chog‘da Xarchenkoning telefoni o‘chirilgan bo‘lgan. Biroq voqeagacha va undan keyingi ushlashlar va geopozitsiya Xarchenko raketa uchirilgan joyda bo‘lgani haqida hikoya qilmoqda.

Pulatovning telefoni geopozitsiyasi u ham tarkibida «Buk» bo‘lgan kolonnani kuzatib borganidan dalolat beradi. Boz ustiga, sudning qayd etishicha, o‘z ko‘rsatmalarida Pulatov (u sud bilan hamkorlik qilgan yagona ayblanuvchi) tergovning asosiy ssenariysi («Buk»dan «DXR» nazorati ostidagi Snijne shaharchasidan raketa uchirilgani)ni shubha ostiga olmagan, faqat o‘zining bu ishga aloqador emasligini ta’kidlamoqda.

«Boing-777» qulaganidan ko‘p o‘tmasdan ayblanuvchilar urib tushirilgan samolyotni Ukraina qiruvchi uchog‘i deb o‘ylab, buni muvaffaqiyat o‘laroq qabul qilib quvongancha faol ravishda bir biri bilan qo‘ng‘iroq almashishgan.

«Men hozir Marinovkadaman. Samolyot urib tushirdik, «Sushka». Xuddi Saur-Mogila ustida. Biz «Buk-M» oldik-ku, mana», — degan Dubinskiy ovozi bilan gapirgan odam.

Boshqa versiyalar tekshirildi, lekin tasdiqlanmadi

Samolyot qulagan joyga kelib, «DXRchilar» urib tushirilgan bort harbiy emas, fuqarolik uchog‘i ekanini ko‘rishgan. Shundan so‘ng «DXR» harbiy bo‘linmalari zobitlari o‘zaro suhbatda MH17 Ukraina harbiy samolyoti tomonidan urib tushirilgani haqidagi versiyani muhokama qila boshlashadi. Rossiyadan jo‘natilgan «Buk» esa fuqarolik laynerini emas, aynan o‘sha shturmchi samolyotni urib tushirgan, deb taqdim etishadi.

Biroq fojia ro‘y bergan kunda ham, undan keyin o‘tgan sakkiz yil davomida ham Rossiya va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» jahonga «Boing-777»ga o‘t ochgan va urib tushirilgan» Ukraina harbiy samolyoti bo‘laklarini ko‘rsata olishmadi.

MH17 samolyoti bo‘laklari. Foto: BBC

Ukraina esa, aksincha, Niderlandiyaga o‘zi harbiy samolyotlarining 2014 yil 17 iyul kungi parvozlari haqidagi barcha ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu parvozlarning barchasi Ukraina janubiy-sharqiy qismidagi jangovar harakatlardan uzoqda amalga oshirilgan.

Shunga qaramasdan, xalqaro surishtiruv guruhi MH17 qulashiga doir ushbu muqobil versiyani ham o‘rganishni taklif etdi. Samolyot bo‘laklarini o‘rganish va tahlil qilishda mutaxassislar aviatsiya to‘pi yoki «Buk» raketasidan boshqa raketalar izini topa olishmagan.

Ekspertlar ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarning jasadlarini yorib o‘rganganda, ziyon yetkazuvchi elementlar faqat «Buk» raketasiga xosligini ko‘rishgan (masalan, kapalak shaklidagi metall parchalari).

Shundan so‘ng surishtiruvchilar Rossiya davlat nashrlarida ko‘p tilga olingan, «Boing-777» halokatidan so‘ng sirli ravishda yo‘qolgan dneprlik aviadispetcher Anna Petrenko, sirli, lekin hamma narsadan boxabar ispan dispetcheri «Karlos», ukrainalik harbiy uchuvchi Vladislav Voloshinni topishgan.

Uchuvchi Voloshin 2015 yildayoq tergovga 2014 yilning 17 iyul kuni parvoz qilmaganini ma’lum qilgan (Bu Ukraina HHKning Niderlandiyaga taqdim etgan hujjatlari bilan ham tasdiqlangan). Tergovga Voloshinning qo‘mondoni ham jon deb ko‘rsatma bergan. Dispetcher Petrenko esa o‘z radarida hech qanday harbiy samolyot ko‘rmaganini ta’kidlagan. O‘zini «dispetcher Karlos» deb atagan inson esa hech qachon dispetcher bo‘lmaganini tan olgan. Aniqlanishicha, u avval firibgarlik uchun sudlangan va hozir Ruminiyada istiqomat qiladi. Ularning har biri bilan suhbatlashgan tergov organi, bu insonlar MH17 qulashiga daxldor emas, degan xulosaga kelgan.

Surishtiruv guruhining fikricha, Donbass osmonida parvoz qilayotgan «Boing-777»ni urib tushirgan raketa parchasi. Foto: EPA

Tergov shuningdek «DXR» harbiylariga oid o‘nlab soat telefon yozuvlarini o‘rganib chiqqan — ularda MH17 halokatga uchrashidan avval Ukraina harbiy samolyotlari haqida biror narsa qayd etilmagan. MH17’ni o‘z radarida ko‘rib, uni Rossiya havo hududiga olib kirish uchun mas’ul bo‘lgan rossiyalik dispetcher ham Malayziya «Boing»i yonida boshqa samolyotlar bo‘lganini tilga olmagan.

Surishtiruvchilar Ukraina osmonida MH17 yaqinidan uchib o‘tgan boshqa bir fuqarolik samolyoti ekipajini ham so‘roqqa tutgan. Pilotlar va bort kuzatuvchilari shu kuni osmonda boshqa samolyot ko‘rishmaganini aytishgan. MN17 pilotlari suhbati yozuvida ham osmonda boshqa samolyotlar borligi tilga olinmagan.

2014 yilning 21 iyulida Rossiya mudofaa vazirligi «Rossiyaning havodagi vaziyatni nazorat qilish vositalari yordamida Ukraina HHKlariga tegishli, taxminan Su-25 samolyoti Malayziya «Boing-777» yo‘nalishida balandlikka erishgani qayd etilgani» haqida bayonot berdi. Niderlandiya prokuraturasi bu harbiy radarlar ma’lumotlarini Moskvadan bir necha bor so‘ragan. Biroq Rossiya mudofaa vazirligidan hanuz javob bo‘lmagan.

Ushbu omillarning jamlanmasi sudga «Boing-777» MH17 harbiy samolyot hujumi natijasida urib tushirilgan, degan versiyadan voz kechish imkoniyatini yaratdi. Samolyot yerdan turib uchirilgan raketa bilan urib tushirilgan.

Ukraina «Buk»lari Donetsk oblastida, bazada qolgan

Tergov «Boing-777» Ukrainaga tegishli «Buk»dan urib tushirilgan, degan versiyani ham tekshirib ko‘rdi. Rossiya mudofaa vazirligi va Oleg Pulatovning himoyachilari aynan mana shu versiyada hamon sobit turibdi.

Oleg Pulatovning shu va boshqa bir necha fotosuratlari u tugatgan Kiyev umumqo‘shin oliy o‘quv yurti saytida e’lon qilingan. Tergovchilar Malayziya «Boing»iga qarata raketa uchirilayotgan chog‘da aynan shu inson «Buk» oldida bo‘lgan, deb hisoblamoqda. Foto: kvoku.ru

Rossiya harbiylari 2014 yilning iyulida sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan bir necha fotosuratni e’lon qilindi. Unda «Boing» halokatga uchragan kunda Ukrainaga tegishli «Buk» Donetsk oblastidagi harbiy bazani kutilmaganda tark etgan.

Niderlandiya 2014 yilning oktyabrida Moskvadan bu fotosuratlarning originalini jo‘natishni so‘ragan. Rossiya mudofaa vazirligi oradan olti yil o‘tgach so‘rovga javob berib, fotosuratlarning originali saqlanib qolmaganini ta’kidlagan.

Biroq Ukraina bazasining 2014 iyul oyidagi fotosuratlarini Yevropa kosmik agentligi taqdim etgan. 17 iyuldagi fotosuratdan ko‘rinadiki, Ukrainaga tegishli «Buk» bazani tark etmagan. EKA’ning surati Rossiya MV surati bilan solishtirilganda, juz’iy farqlar topilgan.

Google suratlarida ham, EKA suratlarida ham Ukraina QK bazasi yonida shudgor qilingan dala ko‘rinib turibdi. Rossiya taqdim etgan surat nusxasida dala haydalmagan. Rossiya tomonidan e’lon qilingan faylning meta ma’lumotlari tahlil qilinganda tasvir tahrirlangani ma’lum bo‘ldi. Tergov Rossiya tomoni taqdim etgan suratni sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan boshqa suratlar bilan solishtirib, Moskva 2014 yil iyun oyida tushirilgan suratni keyinroq olingan surat sifatida taqdim etgan, degan xulosaga kelgan.

Birinchi foto YeKA tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan fotosurat, ikkinchisi Rossiya e’lon qilgan surat. Foto: JIT

Shu holatda ham, Niderlandiya prokuraturasi fojia yuz bergan kunda «Buk» raketasining neytral bo‘lakda yoki Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan hududlardan uchirish ssenariysini ham o‘rganib chiqqan.

Rossiya mulozimlari, Kremlga tobe nashrlar va «Almaz-Antey» konserni («Buk»ni shular ishlab chiqaradi) mutaxassislari samolyotga qarata faqat Amrosiyivka yaqinidagi daladan, Yenakiyeve, Snijnedan shimolroqdagi fabrikadan, Zaroshchenskedagi qishloq yaqinidan o‘q uzish mumkinligini ta’kidlashgan. Bu variantlarning barchasi asossiz bo‘lib chiqdi. Yo uchirish joyi raketaning imkonli trayektoriyasiga mos kelmasdi, yo mahalliy aholi hamda «DXR» harbiylaridan iborat guvohlar bu nuqtalardan zarba berish imkoniyatini rad etishdi.

Masalan, niderlandiyalik va belgiyalik ekspertlarning «Almaz-Antey» konserni ma’lumotlari bilan qo‘shib qilingan hisob-kitoblari, shuningdek, «Buk» raketasi xarakteristikasi hamda «Boing»ga yetkazilgan shikastlar Zaroshchenskedan raketa uchirish imkonsiz bo‘lganini ko‘rsatgan. Zaroshchenskedan raketa uchirilganiga guvohlar ham topilmagan. Zaroshchenske qishlog‘i aholisi bilan suhbatlashgan rossiyalik jurnalistlar ular raketa ovozini eshitmaganini, ushbu hudud Ukraina emas, «DXR» nazorati ostida bo‘lganini haqida xabar qilishgan.

MH17 reysi bilan uchgan samolyot parchalari. Foto: Reuters

2018 yilda Rossiya mudofaa vazirligi MH17 urib tushirilgan raketa SSSR chog‘ida ishlab chiqarilgani va bugungi Ukraina hududiga 1986 yilda berilganini ta’kidladi. Rossiya tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar sinchiklab o‘rganilganida Rossiya ta’kidlayotgan raketaning ishlab chiqarish raqami Malayziya «Boingi» qulagan joyda topilgan raketa raqami bilan mos kelmayotganini ko‘rishgan. Hujjatning o‘zi esa bir qator tuzatishlar va qachon kiritilgani noma’lum yozuvlarga to‘la.

Bu dalillarni o‘rganib chiqib, sud MN17 reysi Ukraina qurolli kuchlariga tegishli «Buk» bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani rad etdi.

Raketa uchirilganiga guvohlar

Sudda 2014 yilning 17 iyulida osmonda raketa uchirilishidan qolgan izni ko‘rgan 20 nafar guvohning ko‘rsatmasi taqdim etildi. Ulardan 8 nafari raketaning osmonda parvozini bevosita ko‘rgan, yana to‘rtovi gumburlagan ovoz eshitib, osmonda yorqin iz ko‘rishgan.

Guvohlarning tasvirlashicha, bu iz ZRK raketasi qoldiradigan izga o‘xshash bo‘lgan — u parvozdan keyin yana bir necha daqiqa saqlanib turadi. «Buk» snaryadlari otilishi ham qattiq zarba ovozi bilan birga sodir bo‘ladi, chunki raketa tovush tezligidan kattaroq tezlikka erishadi. Hujjatlarga va o‘tkazilgan sinovlarga ko‘ra, bu tovush 5 kilometr masofada 20 soniya ichida eshitilib turadi.

«Boing» qulagan joyda tergov guruhi ishlayotgan chog‘da samolyot bo‘laklarini o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»ning qurollangan tarafdorlari qo‘riqlab turgan. Foto: Getty Images

Raketa uchirilgan taxminiy joy haqida so‘ralganda, guvohlar Snijne aholi punktidan chaproqni ko‘rsatishgan (2014 yilning iyulida ham, hozir ham bu hudud o‘zini «DXR» deb atovchi kuchlar nazorati ostida).

Ayrimlar yanada aniqroq lokatsiyani ko‘rsatishgan — Saur-Mogilaga yaqin bo‘lgan nuqta yoki Pershotravnevoye (Pervomayskoye) qishlog‘i.

Sud X48 deb belgilangan guvohning ko‘rsatmalariga alohida e’tibor qaratgan. Guvohning ma’lum qilishicha, 17 iyul kuni, «Boing» urib tushirilishidan biroz avval (mahalliy vaqt bilan soat 16:20larda) u «DXR» kuchlari nazoratidagi Pershotravnevoye qishlog‘idagi blokpostda bo‘lgan. U yashil raketalarga ega harbiy mashina o‘tib ketayotganini ko‘rgan. U dala tomon yo‘l olib, daraxt ortiga berkingan.

Shundan so‘ng guvoh gumburlash ovozini eshitgan, so‘ngra hushtak ovoziga o‘xshash qattiq tovush yangragan va Torez shaharchasi tomon cho‘zilgan oq izni ko‘rgan (radarlar va «qora quti»lar ma’lumotiga ko‘ra «Boing» MH17 aynan shu yo‘nalishda bo‘lgan). Zum o‘tmay osmonda portlash ro‘y bergan va guvoh bulutlar orasidan samolyot bo‘laklari yerga qulayotganini ko‘rgan.

Bu muhim guvohning familiyasi sudda e’lon qilinmagan, chunki u o‘z xavfsizligidan xavotirda, biroq u o‘z guvohligini uning shaxsiyatiga aniqlik kiritgan uch nafar sudya qarshisida bergan.

Niderlandiyadagi sud. Foto: Reuters

Bu ko‘rsatmalarning ishonchli ekanini tekshirish uchun surishtiruvchi sudya ushbu guvoh telefonining billingi ma’lumotlarini o‘rgangan. Aniqlanishicha, 17 iyul kuni u o‘zi aytgan nuqtada bo‘lgan.

«Boing»ga raketalar Snijne va Pershotravnevoyedan uzoqda bo‘lmagan daladan turib uchirilgani haqidagi ma’lumotlarni AQSh 2014 yildayoq e’lon qilgan edi. Ular o‘zlarining harbiy sun’iy yo‘ldoshi raketa uchirilishini qayd etganini ta’kidlashgan. Sud bir necha bor Vashingtondan fotosuratni e’lon qilishni so‘ragan, biroq amerikaliklar Pentagon ixtiyoridagi sun’iy yo‘ldoshlarning texnik imkoniyatlari oshkor bo‘lishini vaj qilib, so‘rovni rad etgan.

Alaloqibat, AQSh harbiylari fotosuratni Niderlandiyaning terrorizm bo‘yicha bosh prokurorining o‘ziga ko‘rsatishgan, sudga esa mavjud ma’lumotlar matn ko‘rinishida tushirilgan rasmiy memorandum taqdim etilgan.

Suratni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan prokuror memorandumdagi axborot u tanishgan manbadagi ma’lumotlarga mos ekanini tasdiqlagan.

Natijada, sud tergovning «Boing» faqat Snijne yaqinida turgan «Buk»dan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyasini qabul qilgan. Bu hudud o‘sha paytda (hozir ham) «DXR» kuchlari nazoratida bo‘lgan.

Prokuratura Rossiya nomuntazam harbiy bo‘linmalarni qo‘llab va ularga qurol-yarog‘ bilan yordam berib «Ukraina sharqida urushning boshlanishi va davom etishida asosiy rolni o‘ynagani»ni alohida qayd etgan.

Top