07:22 / 19.11.2022
2407
Ummon O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quruq mevalar eksporti hajmini oshirmoqchi

O‘zbekiston elchixonasida respublikada ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini oshirish hamda mahalliy korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ummonning Azhar kompaniyasi rahbari Solih al-Zajjaliy bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Suhbat davomida mamlakatda ishlab chiqarilayotgan va xorijga eksport qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, quritilgan mevalar sifati va bu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan korxonalar haqida ma’lumot berildi. Solih al-Zajjaliy aytishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda meva-sabzavotlarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘plangan va bu mahsulotlarni eksport qilish uchun yetarlicha salohiyat mavjud. Ular o‘z sifati va ta’mi jihatidan arab bozorlari e’tiborini tortmoqda.

Solih al-Zajjaliy Azhar kompaniyasining «sog‘lom ovqatlanish» dasturi doirasida kelgusida Ummon va Yaqin Sharq mintaqasi davlatlariga o‘rik, uzum, shaftoli, olxo‘ri, anjir va boshqa quritilgan mevalarni eksport qilish istagini bildirar ekan, bu mahsulotlar tayyorlanish jarayonlarini ko‘zdan kechirish va eksportchi kompaniyalar takliflarini o‘rganish maqsadida joriy yil noyabr oyi oxirida O‘zbekistonga borishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Top