07:47 / 23.11.2022
4255
«Ukrenergo»: deyarli barcha yirik IES va GES shikastlangan

Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutishi natijasida deyarli barcha yirik issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalari zarar ko‘rdi. Bu haqda «Ukrenergo» MEK boshqaruvi rahbari Vladimir Kudritskiy brifingda ma’lum qildi. 

Foto: AP

«Oxirgi hujumdan so‘ng bizda deyarli barcha issiqlik va gidroelektr stansiyalari zarar ko‘rdi. Ya’ni, ko‘lamini va nima bilan ishlashimiz kerakligini tushunishingiz uchun, agar biz katta issiqlik va gidroenergetika obektlari haqida gapirayotgan bo‘lsak, unda deyarli barcha issiqlik va gidroenergetika ishlab chiqarishlari raketa zarbalariga uchradi», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Interfaks-Ukraina".

Kudritskiy, shuningdek, Ukrainada zarar yetmagan «Ukrenergo» tarmoq nimstansiyalari deyarli qolmaganini aytdi

«Ya’ni, har bir muhim nimstansiyaga biror narsa uchib keldi, ba’zilari hatto bir necha marta, uch, besh va hatto sakkiz marta zarbaga uchradi. Shuning uchun vayronagarchilik ko‘lami juda katta», dedi u.

Bundan oldin Rossiya qo‘shinlari 22 oktyabr, shanba kuni Ukraina g‘arbiy mintaqalari magistral tarmoqlarining energetika obektlariga navbatdagi raketa hujumini amalga oshirgandi. 

«Zarar ko‘lami 10-12 oktabr kunlari sodir bo‘lgan hujum oqibatlari bilan teng yoki hatto undan ham oshib ketishi mumkin», — deb xabar berdi «Ukrenergo» milliy energetika kompaniyasi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar davlat xizmati qutqaruvchilari raketa zarbalari oqibatlarini bartaraf etishi bilan «Ukrenergo»ning ta’mirlash brigadalari tiklash ishlarini boshlaydi. Qayd etilishicha, shu paytgacha elektr energiyasisiz qolgan hududlarda elektr ta’minotini tezroq tiklash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Kiyev va 10 ta oblast: Kiyev, Chernigov, Cherkasi, Jitomir, Sumi, Xarkiv, Poltava, Dnipropetrovsk, Zaporijjya va Kirovoxradda elektr ta’minoti majburiy ravishda cheklandi. «Iste’mol cheklovlari tarmoqlardagi yukni kamaytirish va elektr tarmoqlari terrorchilik raketa hujumlari natijasida shikastlanganidan keyin takroriy nosozliklar oldini olish uchun zarur», - deyiladi «Ukrenergo» bayonotida.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top