Energetika vazirligi  ma’lumotiga ko‘ra, ular jami 2263,3 million yevroga teng 4 ta yirik loyiha, shu jumladan, Toshkent IESni modernizatsiya qilish, poytaxtning 6 ta tumanida gaz porshenli qurilma va suv isitish qozonlarini qurish loyihasi, Yunusobod tumanidagi 4-Issiqlik markazi hududida har birining quvvati 4,3 MVtga teng 24 ta gaz-porshenli qurilma va har birining quvvati 130 MVtga teng bo‘lgan 4 ta suv isitish qozonlarini bunyod etish ishlari amalga oshiriladi.

Toshkent IESni modernizatsiya qilishga oid kelishuvga ko‘ra, stansiyaning mavjud quvvatini qo‘shimcha 990 MVtga oshirish kutilyapti.

Bunda tabiiy gazni zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari hisobiga kombinatsiyalashgan siklda samarali yoqishni tashkil etish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish jarayoniga bosqichma-bosqich zamonaviy va yuqori samarador texnologiyalarni joriy etish orqali ko‘rsatkichlarni oshirish, Toshkent viloyati sanoat korxonalari va uy-joy kommunal xo‘jaliklarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash belgilangan. Umumiy qiymati 544,5 million yevroni tashkil etadigan loyiha asosida hududning ijtimoiy sohalarini yanada rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

4 ta loyiha Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahri markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalarini faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.