19:39 / 25.11.2022
2292
Ilon Mask Twitter platformasidagi bloklangan akkauntlar uchun «amnistiya» e’lon qildi

Xususan, «qonunni buzmagan va spam bilan shug‘ullanmagan» akkauntlar blokdan chiqariladi.

Foto: AP

Twitter platformasining yangi egasi va biznesmen Ilon Mask kelasi haftada bloklangan akkauntlar yana tiklanishi haqida xabar berdi.

Amerikalik milliarder foydalanuvchilar orasida «qonunni buzmagan va chidab bo‘lmas darajada spam bilan shug‘ullanmagan akkauntlar tiklashga arziydimi yoki yo‘qmi» degan so‘rov o‘tkazganidan so‘ng, shunday bayonot berdi.

So‘rovnomada ishtirok etgan 3,16 million foydalanuvchining 72 foizi tiklashni yoqlab ovoz berdi. Twitter ijtimoiy tarmog‘idan har kuni 450 million kishi foydalanadi.

«Xalq o‘z so‘zini aytdi. Amnistiya kelasi hafta boshlanadi. Vox Populi, Vox Dei», deb yozdi Mask ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Mask Twitter platformasini sotib olganidan keyin bir oy ichida monitoring guruhlari ijtimoiy tarmoqda irqchilikka, antisemitizmga oid va boshqa haqoratli so‘zlarning ko‘payganini qayd etdi. Bunday so‘zlarni ishlatgan foydalanuvchilar odatda ijtimoiy tarmoqda bloklanib kelar edi.

Bunday akkauntlarga nisbatan «amnistiya» qo‘llanishi Mask nafrat tiliga qarshi qanday siyosat ishlatayotganini diqqat bilan kuzatayotgan davlat idoralarini xavotirga solishi mumkin.

Avvalroq, 20 noyabr kuni Mask xuddi shunday so‘rovdan so‘ng, AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning akkauntini blokdan chiqargan edi.

Siyosatchining akkaunti 2021 yil yanvarida, Kapitoliy binosiga olomon bostirib kirganidan so‘ng, «zo‘ravonlikka undash xavfi» tufayli bloklangan edi. Shundan so‘ng, Tramp Twitter sahifasiga qaytmasligini aytdi, biroq akkauntini o‘chirmadi.

Mavzuga oid
Top