Jahon | 14:40
2442
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga doimiy a’zolik uchun 1 mlrd dollar talab qilmoqda

Kengashga uning o‘zi raislik qiladi. Kimni taklif qilishni ham u hal qiladi. AQSh prezidenti tanqidchilari u bu tashabbusi bilan BMTga muqobil tuzilma yaratishga urinayotganidan xavotirda.

Chip Somodevilla / Getty Image

Donald Tramp ma’muriyati «Tinchlik kengashi» (Board of Peace) deb nomlanadigan yangi xalqaro organda doimiy o‘rin egallashni istagan davlatlardan kamida bir milliard dollar miqdorida badal so‘ramoqda, deb yozadi Bloomberg nizom loyihasiga tayanib.

Tinchlik kengashini tuzish masalasi G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganidan beri muhokama qilinmoqda. O‘shanda Trampning rejasiga ko‘ra, sulhning ikkinchi bosqichida G‘azoni boshqarish uchun Trampning o‘zi boshchiligidagi maxsus xalqaro organ – Tinchlik kengashiga hisobdor bo‘lgan Falastin muvaqqat qo‘mitasi tuzilishi ko‘zda tutilgandi.

Tinchlik kengashi nizomida aytilishicha, har bir taklif qilingan davlatning a’zolik davri uch yildan ko‘p bo‘lmaydi. Ammo birinchi yil ichida Kengashning pul jamg‘armasiga bir milliard dollardan ortiq mablag‘ qo‘yganlarga bu cheklov qo‘llanmaydi.

Amerikalik rasmiylardan biri jurnalistlarga Tinchlik kengashiga kirish bepul bo‘lsa-da, milliard dollarlik badal doimiy a’zolikni kafolatlashini tasdiqlagan. Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar Kengashning G‘azoni tiklash bo‘yicha mandatini bajarishga yo‘naltiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tinchlik kengashi «yig‘ilgan deyarli har bir dollar»dan maqsadli foydalanishni ta’minlaydi.

Tinchlik kengashining birinchi raisi Trampning o‘zi bo‘ladi. U yerga kimni taklif qilishni o‘zi hal qiladi, deb yozadi Bloomberg. Qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi (bir mamlakat – bir ovoz), biroq bu qarorlarning barchasi rais tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Kengash ovoz berishni yiliga kamida bir marta, shuningdek, «rais ma’qul deb topgan qo‘shimcha muddatlarda va joylarda» o‘tkazadi. Kun tartibini ham rais tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Tramp kengash a’zolarini chiqarib yuborish huquqiga (agar bu qaror ovozlarning uchdan ikki qismi bilan bloklanmasa) ega bo‘ladi, deyiladi nizom loyihasida.

Hujjatda Tinchlik kengashi «barqarorlikka ko‘maklashish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda mojarolar ta’sir ko‘rsatgan yoki tahdid ostida bo‘lgan hududlarda mustahkam tinchlikni ta’minlashga intilayotgan xalqaro tashkilot» deb ta’riflangan. Trampning tanqidchilari esa AQSh prezidenti BMTga muqobil yoki raqobatchi yaratishga urinayotganidan xavotirda. Bir qator davlatlar ushbu kengash nizomi loyihasiga keskin qarshi chiqmoqda va bu takliflarga kollektiv javob berish ustida ishlamoqda, deb yozadi Bloomberg. Bu qaysi davlatlar ekaniga aniqlik kiritilmagan.

16 yanvar kuni Oq uy G‘azoni boshqarish bo‘yicha ijroiya qo‘mitasi tarkibini e’lon qildi (u yangi Tinchlik kengashining kengroq tuzilmasi doirasida tuziladi). Bu tuzilmadan AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff, AQSh prezidenti kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler o‘rin olgan.

Kengashga a’zo bo‘lish taklifi dunyoning boshqa yetakchilariga ham berilgan, ular orasida Argentina prezidenti Haviyer Miley, Kanada bosh vaziri Mark Karni va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bor. Reuters’ning to‘rtta manbasiga ko‘ra, Fransiya, Germaniya va Avstraliya rahbarlari ham takliflar yuborilgan. Agentlikning yozishicha, Yevropa Ittifoqi vakili sifatida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen taklif qilingan.

Bundan tashqari, Oq uy G‘azoda operativ boshqaruv bilan shug‘ullanadigan G‘azo bo‘yicha alohida ijroiya qo‘mitasi (Gaza Executive Board) a’zolari ro‘yxatini ham keltirgan. Uning tarkibiga Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, Qatarning yuqori martabali diplomati Ali Tavadi, Misr razvedkasi rahbari Hasan Rashad, shuningdek, Uitkoff, Kushner va Bler kabi yana sakkiz kishi kiritilgan. BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maxsus elchisi Nikolay Mladenov G‘azo bo‘yicha ijroiya qo‘mitasining amaldagi bosh direktori (va yuqori tuzilma bilan bog‘lovchi bo‘g‘in) bo‘ladi.

Isroildagilar Trampning rejalarini tanqid qilishdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi Tinchlik kengashiga bo‘ysunadigan ijroiya qo‘mitasi tarkibi haqidagi e’lon «Isroil bilan kelishilmagani va uning siyosatiga zidligi»ni ta’kidlagan. Netanyahu Isroil tashqi ishlar vaziriga bu masala bo‘yicha AQSh davlat kotibi bilan bog‘lanishni buyurgan.

Oq uy esa Netanyahuning e’tirozlariga raddiya berildi, deb yozadi Axios Tramp atrofidagi manbalarga tayanib. «Bu uning emas, bizning shou. So‘nggi oylarda biz G‘azoda hech kim amalga oshirish mumkin deb hisoblamagan ishlarni qildik va biz oldinga siljishda davom etamiz», – deydi AQShning yuqori martabali vakili. U Isroil bosh vaziri «Eron bilan shug‘ullanishi kerakligi», G‘azo bilan esa Amerika ma’muriyati shug‘ullanishini aytgan. «Biz u bilan bahslashmoqchi emasmiz. U o‘z siyosati bilan shug‘ullanadi, biz esa o‘z rejamiz bilan oldinga siljishda davom etamiz», – deya suhbatdoshning so‘zlarini keltiradi Axios.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp kelasi hafta, 19–23 yanvar kunlari Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid