22:52 / 26.11.2022
19277
Qozog‘istonda To‘qayevga qarshi qisqa muddatli norozilik namoyishi o‘tkazildi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Yangi saylangan prezidentning inauguratsiyasidan keyin o‘nlab odamlar 30-40 daqiqa davomida norozilik aksiyasini o‘tkazishgan. Hozir vaziyat tinchib qolgani aytilmoqda.

Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi namoyish yarim soatdan sal ko‘proq vaqt davom etdi. Hozir hammasi tinchib qoldi. Bu haqda mahalliy siyosatshunos Marat Shibutov Lenta.ru bilan suhbatda gapirib bergan.

«Ostonada «Tuman» mehmonxonasi va MEGA savdo markazi yaqinida namoyish 40 daqiqa davom etdi. Bu yerda «Kelajak me’morlari» guruhi yig‘ildi. Ular namoyish o‘tkazmoqchi edi. Albatta, ular bu haqda hech kimni oldindan ogohlantirmadi. Voqea joyiga politsiya yetib keldi va guruh yetakchilarining bir qismini bo‘limga olib ketdi. Qolganlar tarqab ketishdi. Hozir hech narsa yo‘q», dedi Shibutov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, rasmiylar vahima qilib, internetni o‘chirib qo‘yishgan. «Ostonadagi norozilik namoyishi tufayli internet taxminan 50 daqiqaga o‘chirildi. Lekin hozir hammasi ishlayapti», - dedi qozog‘istonlik siyosatshunos.

Qozog‘istonning yana bir fuqarosi Oyjon so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar soni 100 ga yetmaydi.

«Politsiya ishtirokchilarning ko‘pini ushladi va olib ketdi. Shaharda vahima yo‘q. Hozir tinchlik. Respublikada ommaviy norozilik namoyishlari yo‘q», - dedi u.

26 noyabr kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovda g‘alaba qozongan Qosim-Jo‘mart To‘qayev qasamyod qilib, davlat rahbari lavozimida ishga kirishdi.

Shu kuni soat 19.00 da Ostonada mobil aloqa va internet uzilib qolgani haqida xabar berildi. Davlat texnika xizmati buni nosozlik yuz bergani bilan izohlab, hozirda hammasi me’yorida ishlayotgani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid
Top