Jahon | 21:44 / 28.01.2026
2915
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev qo‘shni davlatdan Qozog‘iston orqali $14 mlrd xorijga o‘tkazilganini aytdi

U tarmoq idoralari va Milliy bankka tijorat banklarining noqonuniy yoki shubhali operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston banklaridan biri 7 trln tengeni (deyarli 14 mlrd dollar) «qo‘shni davlatdan» boshqa davlatlarga «o‘tkazishga» yordam berdi, dedi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev yig‘ilishda.

U tarmoq idoralari va Milliy bankka tijorat banklarining noqonuniy yoki shubhali operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.

«Qonun, iqtisodiyot, hatto siyosat nuqtai nazaridan bu, mening fikrimcha, dahshatli fakt. Afsuski, firibgarlik moliyaviy sxemalari bilan bog‘liq bunday faktlar hali ham ko‘p», deb ta’kidladi To‘qayev.

Qozog‘iston prezidenti qo‘shni davlat qaysi ekaniga aniqlik kiritmadi, shuningdek, bank nomini ham tilga olmadi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston kripto-operatsiyalar orqali mamlakatdan kapitalni noqonuniy olib chiqish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi, deb qo‘shimcha qildi u. Respublikada aylanmasi 62 milliard tengedan (taxminan 124 million dollar) ortiq bo‘lgan 130 dan ortiq noqonuniy kripto ayirboshlash vositalari yo‘q qilindi, deb tushuntirdi u.

2025 yil oktyabrida Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining 19-paketi doirasida Rossiyaning «VTB Bank» Qozog‘iston filiali Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishi mumkin bo‘lgan operatsiyalardagi ishtiroki tufayli Yevropa Ittifoqi cheklovlari ostiga tushdi. Ushbu sanksiyalar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kontragentlari bilan hisob-kitoblarni taqiqlashni nazarda tutadi, bu esa ro‘yxatga kiritilgan tuzilmalar uchun yevro va dollarda operatsiyalar o‘tkazish imkoniyatini cheklaydi.

Vaziyatga javoban Qozog‘iston Milliy banki vakillari VTB-Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi butun bank tizimi barqarorligiga tahdid solmasligini va omonatchilar mablag‘lariga ta’sir etmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, hukumat va regulyatorlar vaziyatni kuzatishda davom etayotgani hamda nazorat va xalqaro talablarga rioya qilishning ichki mexanizmlarini kuchaytirayotganini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid