11:01 / 29.11.2022
10832

Respublikachilar Ukrainaga qurol yuborish ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi

Ammo Bayden ma’muriyati harbiy harakatlar hududiga qurolsiz inspektorlarni jo‘natishga qarshi.

Foto: Hannibal Hanschke / EPA / Scanpix / LETA

Yaqinda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda AQSh Kongressida biroz ustunlikka erishgan respublikachilar Ukrainaga qurol yetkazib berish ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi.

The Washington Post xabariga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati bo‘lajak tekshiruvlarga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rishni boshladi, Davlat departamenti va Pentagon Ukrainaga jo‘natilgan qariyb 20 milliard dollarlik qurol-yarog‘ taqdirini qanday tekshirmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Umuman olganda, Vashingtonda nazoratni kuchaytirish to‘g‘ri bo‘lishi haqida yakdillik bor. Biroq, u jiddiy cheklovlarga ega, chunki, barcha qurollarning yo‘qotishlarga uchramasligini amalda to‘liq ta’minlash qiyin. Shuning uchun ham Baydenning eng murosasiz respublikachi tanqidchilari katta ehtimol bilan norozi bo‘lib qoladi.

Ular orasida eng baland ovoz Jorjiya shtatidan Vakillar palatasi a’zosi Marjori Teylor-Gringa tegishli bo‘lib, u Oq uyning Ukrainaga yana 37 milliard dollar miqdorida yordam berish haqidagi so‘roviga javoban, sarflangan barcha mablag‘lar ustidan hisobotni talab qilmoqda. Vakillar palatasidagi muxolifat vakili, hozirda Respublikachilar fraksiyasi raisi Kevin Makkarti ham CNN telekanaliga bergan intervyusida aynan shunday ruhda gapirgan.

To‘g‘ri, Ukrainaga yuborilayotgan qurollar ustidan nazoratni kuchaytirish choralari Kongressda mudofaa xarajatlariga ruxsat beruvchi yillik qonun loyihasi doirasida allaqachon ko‘rib chiqilayotgandi. Va respublikachilar taklifidan farqli o‘laroq, bu loyiha ikkala partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli qabul qilinishi ehtimoli kattaroq.

Misol uchun, Kolorado shtatidan vakil va Iroq bilan Afg‘onistondagi urush faxriysi Jyeyson Krou yaqinda AQSh soliq to‘lovchilari mablag‘i qayerga sarflanayotganini bilishga loyiq ekanini aytdi. Aynan uning tashabbusi bilan mudofaa to‘g‘risidagi qonun loyihasida AQSh Mudofaa vazirligi bosh inspektoriga Pentagon tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan mablag‘larni muntazam tekshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar kiritilgan edi.

Shu bilan birga, Krou bunday tekshiruvlarning istiqbollari cheklanganini tushunadi. «Har bir uy, ko‘cha va xandaq uchun shafqatsiz jang ketmoqda. Albatta biror narsa yo‘qolib qolish ehtimoli bor. Har bir qurol ruslar qo‘liga tushmasligiga ishonch hosil qilishning iloji yo‘q, shuning uchun bizga bu keng miqyosda sodir bo‘lmayotganini aniqlash kifoya», dedi u WP nashriga bergan sharhida.

Bundan tashqari, Ukraina manfaatdor tomon sifatida allaqachon Amerika qurollaridan foydalanish haqida faol xabar bermoqda. Qurollarni mayda o‘g‘rilik orqali qora bozorda sotish ularning Rossiya bosqinini qaytarishga qaratilgan sa’y-harakatlariga putur yetkazishi mumkin. Ammo milliy g‘urur bunga yo‘l qo‘ymaydi, deb hisoblamoqda nashr.

Bundan tashqari, amerikaliklarning o‘zi uchun ham xavfsizlik masalalari bor. Pentagon matbuot kotibi, brigada generali Patrik Rayderning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi tekshiruvni vaziyat qulay bo‘lgan joy va front chizig‘idan uzoqda o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Davlat departamenti esa Ukrainada har bir qurol-yarog‘ jo‘natilishini kuzatib borish uchun resurslarga ega emas. Noyabr oyi oxiriga kelib, AQSh auditorlarining shaxsiy ishtirokida bor-yo‘g‘i ikkita tekshiruv o‘tkazilgan – Rossiya bosqini boshlanganidan buyon Ukrainaga yetkazilgan 22 mingdan ortiq qurol-yarog‘ bo‘yicha.

AQSh hamkorlariga yetkazib berilgan qurollardan foydalanish bo‘yicha monitoring «Qurol eksporti to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, prezident ma’muriyati harbiy yordam oluvchilar uni maqsadli sarflashi uchun «oqilona kafolatlar» berishi shart.

Ko‘p hollarda, bu qurollar partiyasi manzilga yetib borgani tasdiqlanishini anglatadi. Ammo strategik texnologiyadan foydalanadigan ba’zi qurollar maxsus nazorat tartib-qoidalariga bo‘ysunadi, jumladan, har bir qurolni seriya raqami bo‘yicha kuzatish va qanday sarflangani haqida hisobot berish. Bunday qurollarga, masalan, Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qo‘llanayotgan «Stinger», «Javelin» va boshqa ko‘chma raketa tizimlari kiradi.

Ukrainadan ko‘proq hisobdorlikni talab qilayotgan respublikachilar urushdan oldin mamlakat korrupsiya bo‘yicha jahon reytingida nisbatan past o‘rinlarda bo‘lganini ro‘kach qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar hatto Isroil kabi ancha benuqson obro‘ga ega bo‘lgan hamkorlaridan ham hisobot talab qiladi. Shu bilan birga, Florida shtatining Respublikachilar partiyasidan Kongressdagi vakili Mayk Uols shaxsan Ukraina armiyasini jangovar holatda saqlash tarafdori, biroq Bayden ma’muriyati amerikaliklarga harbiy budjetdan Ukrainaga ajratilgan mablag‘lar sarflanishi haqida ma’lumot berishda faolroq bo‘lishi mumkin edi, deb hisoblaydi.

Uols eslatadiki, Qo‘shma Shtatlardagi urush faxriylarining ko‘plab tashkilotlari vakillari Pentagon va Davlat departamenti nomidan inspektor sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Ammo Oq uy Ukrainadagi faol harbiy harakatlar zonasiga AQSh Mudofaa vazirligining auditorlari yoki boshqa vakillarini yuborishga qarshi.

WP manbalarining aytishicha, Ukrainadagi amerikalik mutaxassislar tekshiruvlarni qurolsiz o‘tkazmoqda, bu esa frontga yaqin joylarda xavfsiz emas. Shu bilan birga, Bayden ma’muriyati Kreml tomonidan Qo‘shma Shtatlarning urushga bevosita aralashuvi sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan qochadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top