13:41 / 30.11.2022
4370
Rossiya Federatsiyalar kengashi Kudrinni Hisob palatasi rahbari lavozimidan ozod qildi

Aleksey Kudrinning o‘zi Vladimir Putinga Hisob palatasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berdi. Endi Rossiyaning sobiq bosh auditori, OAV xabarlariga ko‘ra, «Yandeks»da ishlashga o‘tmoqda.

Foto: TASS

Federatsiyalar kengashi senatorlari 30 noyabr, chorshanba kuni Aleksey Kudrinni uning iltimosiga binoan Rossiya Hisob palatasi raisi lavozimidan muddatidan oldin ozod etish uchun ovoz berishdi. Bir kun avval Aleksey Kudrinning o‘zi ham lavozimini tark etishini ma’lum qilgan edi. «Endi men keng ma’noda xususiy tashabbuslarni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan, lekin ayni paytda odamlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan yirik loyihalarga e’tibor qaratmoqchiman», — deb yozdi u Telegram-kanalida. 

Kudrin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga tegishli ariza topshirganini qo‘shimcha qildi. Ayni vaqtda, Federatsiyalar kengashiga Putinning Kudrinni Hisob palatasi raisi lavozimidan ozod etish taklifi kelib tushdi, deb ma’lum qildi RIA «Novosti» agentligiga Rossiya parlamenti yuqori palatasi budjet va moliya bozori qo‘mitasi rahbari Anatoliy Artamonov. 

Aleksey Kudrin 2018 yilning may oyidan buyon Hisob palatasini boshqarib kelmoqda. «Yandeks» asoschilaridan biri Arkadiy Voloj Kudringa «Yandeks»ga o‘tishi hamda Rossiya va xalqaro biznesni ajratishda yordam berishi evaziga kompaniyaning rasmiy 5 foiz aksiyalarini taklif qilgan, deydi Forbes suhbatdoshlari va «Agentlik» internet nashri. 

25 noyabr kuni OAV anonim manbalarga tayanib, Kudrin Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Yandex internet kompaniyasi aktivlarini bo‘lish sxemasini ma’qullagani, shuningdek, uning rahbariyatiga o‘tishga kelishib olgani haqida xabar berdi. 

Mavzuga oid
Top