22:41 / 01.12.2022
52143

Toshkent viloyatida kelini tomonidan 20 marta pichoqlangan qaynona tirik qoldi

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kelin uy yerto‘lasiga kirib olib, hamma qotib uxlashini 9 soat kutgan. Jinoyat sodir etayotgan vaqtda ayolning qo‘lida tibbiyot qo‘lqopi bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyatida kelin oilaviy kelishmovchilik oqibatida qaynonasini o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Hodisa tungi soat uchlarda yuz bergan.

«Millar» dasturi ijodkorlarining xabar berishicha, kelin qaynonasi yotgan xonaga sekinlik bilan kirgan bo‘lsa-da, ayol uyg‘onib ketadi.

“Eshik ochilishi bilan ko‘zim ochildi. “Kim” deyishga ulgurmadim. Menga pichoq urib ketdi. Men yordam so‘rab baqirdim va bor kuchimni yig‘ib uning jyemperidan ushladim. U meni ura boshladi. Keyin sochidan ushlab oldim va eshikka qarab sudray boshladim. Eshikka yetganimda voqea ustiga qizim kelib qoldi. Bu paytda u meni to‘xtamasdan pichoqlayotgandi.

Yigirma martadan ko‘proq pichoq urildi-da menga. Hozir o‘ntasining jarohati tikildi. O‘ntasi chuqur kesilmagan. Uni qattiq ushlab olganim uchun u menga o‘zi xohlagandek pichoq urolmagan. Agar uyg‘onmaganimda meni aniq o‘ldirib ketardi”, deydi keksa ayol.

“Narigi xonada qizim bilan yotgandim. Onam baqirganidan uyg‘onib ketdim. Zinaga chiqqanimdan keyin ovoz onamning xonasidan kelayotganini bilgach, o‘sha tarafga yugurdim. Yugurib xonaga kirib chiroqni yoqdim. Qarasam xonaning ostonasida kelinimiz onamni pichoqlab yotgandi. Shu zahoti uni ushlab pastga tortdim. Orqamdan ukam kelib qoldi. U kelinni ushlab oldi. Keyin onamga qaradik. 102 va 103ga telefon qildik. Onam bilan qo‘shilib shifoxonaga ketdim. Kelin uyda qolgandi. Eshitishimizcha, u hozir ozodlikda yurgan ekan. Qilmishiga qonuniy chora ko‘rilmayapti”, deydi pichoqlangan ayolning qizi.

Qayd etilishicha, qotillikka qasd yuz bergan xonadonda qaynona-kelin chiqisha olmay qolgan. Pichoqlangan qaynonaning aytishicha, 9 oydan beri kelini uning gaplariga kirmay qo‘ygan.

“Kelinim o‘zi ketib qolgan. 30 oktyabrda buvisi keldi. Nevarasini olib keldi. Nima bo‘lyapti deb so‘radi. Men: “Nevarangizni yo‘lga sololmadim, kechiring, quda xola”, dedim. O‘zlaring borib yo‘lga solinglar dedim. Keyin u olib ketmayman dedi. Yashasin dedi. Men endi yashatolmayman dedim. 9 oy, 10 oydan beri bittayam aytganimni qilmayapti, bolamnikiniyam qilmayapti. Hech bo‘lmasa bir oyga olib keting dedim. Ishlarni o‘rgating dedim. Tillarini qirqing dedim. Yaxshi kelin qilib menga olib kelib bering deb aytsam buvisi unamadi”, deydi jinoyatga qo‘l urgan kelinning qaynonasi.

Ayol tergov ishlaridan norozi ekanini ma’lum qilgan. U shuncha ishdan keyin ham ozodlikda yurgan kelini yana kelib uni o‘ldirib ketishidan xavotirda ekanini ta’kidlagan.

Toshkent viloyati IIBB boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganov ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani, voqea bo‘yicha jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.

Top