12:51 / 04.12.2022
28948

Messi orzuga yaqinlashmoqda. Nimchorak finalning ilk o‘yinlari haqida

Qatardagi jahon chempionatining o‘n to‘rtinchi kunidagi asosiy voqealar.

Foto: AFP

Argentinaliklar chorakfinalga chiqishdi va Niderlandiya bilan o‘ynashadi.

JCh-2022. 1/8 final
Argentina — Avstraliya 2:1
Gollar:
Messi (35), Alvares (57) — Fernandes (77, avtogol).
Argentina – Emiliano Martines, Molina (Montel, 80), Otamendi, Romero, Akunya (Talyafiko, 72), De Paul, Mak Allister (Palasios, 80), Fernandes, Gomes (Lisandro Martines, 50), Messi, Alvares (Lautaro Martines, 71).
Avstraliya – Rayan, Degenek (Karachich, 72), Suttar, Roulz, Bexich, Makgri (Gudvin, 58), Muy, Bakkus (Xrustich, 58), Irvayn, Lekki (Kuol, 72), Dyuk (Maklaren, 72).
Ogohlantirishlar: Irvayn (15), Degenek (38).

Maradonaga qarshi o‘ynagan Arnold

Koreya Portugaliyani mag‘lub etdi. Yaponiya — nemislar va ispanlarni... Xohishga ko‘ra bunday ro‘yxatni davom ettirish mumkin, shunday ekan Avstraliya bosh murabbiyi Grem Arnold pley-off startidan oldin istagancha gapirishi mumkin edi. Chunki guruhdan chiqish vazifasi uddalangach, hech kim uni hech qanday gap uchun ayblamaydi.

«Albatta, biz Argentinani yengishimiz mumkin. O‘tgan yili men olimpiya jamoasini boshqarganman, o‘shanda biz argentinaliklarni 2:0 hisobida yenggandik. Bu sariq futbolkadagilarning oq-havorang futbolkadagilarga qarshi o‘yini, 11 kishiga qarshi 11 kishi», — dedi Arnold Avstraliya televideniyesi jonli efirida.

Ammo, 2006 yilgi jahon chempionatida Guus Hiddinkning yordamchisi bo‘lgan mutaxassis katta gapirgani yo‘q. U jahon chempionatida Messiga qarshi o‘ynash orzusi ushalganini aytdi. Qatardagi turnirga qadar hech kim avstraliyaliklar guruhda biror o‘yinda g‘alabaga erishishiga ishonmagani va bunday raqiblarga qarshi o‘yinda keladigan ilhom haqida gapirdi. Arnold nima haqida gapirayotganini biladi, chunki u 29 yil muqaddam 1994 yilgi jahon chempionati uchun qit’alararo o‘tish bahsida Diyego Maradona yetakchiligidagi argentinaliklarga qarshi o‘ynagandi. «Albiseleste» tarkibida o‘shanda hozirgi Argentina tarkibidagi futbolchilardan birining otasi — Karlos Makallister ham o‘ynagan.

Biroq Argentina bu turnirda boshqa mag‘lubiyatga uchramoqchi emas. Janubiy amerikaliklar yarimhimoyachisi De Paul hatto Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyat ma’lum ma’noda foydali bo‘lganini aytdi. Shuningdek, ikkinchi g‘alaba uzoq kutilgan xotirjamlikni keltirganini ta’kidladi. Jamoada ichki muhim avvalboshdan ajoyib edi va buni Messi yana bir bor eslatib o‘tdi. Leo polyaklarga qarshi o‘yinda penaltini aniq ijro etolmagan bo‘lsa-da, sardor o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi, u esa sovrinini shu o‘yindagi birinchi gol muallifi Aleksis Makallisterga topshirdi.

Har bir gol — yutuq

Argentinaning o‘yin oldidan yagona minusi Di Mariyadagi muammo edi. Unda jarohat yo‘q, faqat mushaklari og‘ir yuklama tufayli zo‘riqqan, bunday holatda esa u faqat zaxiradan o‘yinga qo‘shilib yordam berishi mumkin. Jamoaning muhim vaziyatlardagi xaloskori o‘rnini Papu Gomes egalladi va bu ikki karra majburiy tanlov edi.

Uning o‘rniga tushishi mumkin bo‘lgan Anxel Korreaning ham formasi joyida emas, Dibala esa taktik nuqtayi nazardan Lionel Skalonining uslubiga to‘g‘ri kelmayapti. Ushbu forvardni Argentina terma jamoasining hech bir murabbiyi Messi bilan bitta sxemaga joylashtira olmagan.

Avstraliyaga qarshi professional darajadagi 1000-o‘yinini o‘tkazgan Leo esa barchasini o‘zi hal qildi. «Sokkeruz» bu turnirdagi eng oddiy jamoalardan biri bo‘lmoqda. Jamoa bosh murabbiyi ortiqcha hech narsa o‘ylab topmayapti, ammo juda to‘g‘ri va uyushqoq futbol namoyish etib, futbolchilarning maksimal darajadagi fidoyiligi bilan natija ko‘rsatildi. Argentinaliklarga qarshi birinchi bo‘limning katta qismida bu yetarli bo‘ldi, chunki Janubiy Amerika chempionlariga tezkor harakatlar yetishmadi, har uchinchi kunda o‘yin o‘tkazilishini aqlga sig‘mas taqvim deb atagan bosh murabbiy Skaloni ham shundan xavfsiragandi.

Ammo dahoning oyog‘i o‘z ishini qiladi. Bir imkoniyat yuzaga keldi va to‘p darvoza to‘rida. Messi bunga qadar jahon chempionatlari pley-off o‘yinlarida gol urmagandi, shu tufayli tanqidlarga uchrardi. Ammo bu o‘yindan keyin u mundiallardagi samarali ochkolar soni bo‘yicha Maradonaga yetib oldi, unda golli uzatmalar ham bor (9+7). Rekordchilar — Pele, Ronaldo, Miroslav Kloze va Gerd Myullergacha — uch ochko qoldi. Parallel ravishda Messi Maradonani jahon chempionatlaridagi gollar soni bo‘yicha ortda qoldirdi.

Asabiy yakun

Shanba kungi muvaffaqiyat uchun Leo Otamendidan qarzdor, u to‘pni jarima maydonida sardori oyog‘iga tashlab berdi. Ammo shu himoyachi o‘z jarima maydonida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va uning baxtiga Emiliano Martines Dyukdan ildamroq harakat qilib, xavfli vaziyatni bartaraf etdi.

Argentina raqibning xatolaridan foydalanish bo‘yicha master-klass o‘tkazib, barchasi hal bo‘lgandek ko‘rindi. Alvaresning bo‘sh darvozaga urgan goli — De Paulning pressingi natijasi bo‘ldi, u tajribali Rayanni vahimaga tushib to‘pni oldirib qo‘yishiga sababchi bo‘ldi. Shundan keyin oq-havoranglila energiya tejash rejimiga o‘tib, Niderlandiyaga qarshi chorakfinal o‘yini uchun kuch saqlashi mumkin edi.

Messida esa energiya keragidan ko‘proq. Skaloni uni faqat o‘zi so‘raganida almashtirishi mumkinligini tan olgan. Leo esa o‘zining so‘nggi jahon chempionatida bir daqiqani ham yo‘qotishni istamayapti. Lekin o‘yin oxiri oson kechmadi. Gudvinning zarbasi Enso Fernandesga tegib, rikoshet orqali darvozadan joy oldi (bu vaziyatda ham Otamendi to‘pni uzoqlashtirishda xato qilgandi), yashil qit’a vakillarining keyingi hujumida Lisandro Martinesning oyog‘i bo‘lmaganida, Behich muvozanatni tiklashi mumkin edi.

O‘yin oxirida Lautaro Martines Messining ikki pasini yo‘qqa chiqarib, intrigani saqlab qoldi. O‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada Leo to‘p yo‘qotishi esa Martinesning aql bovar qilmas seyv amalga oshirishi bilan yakunlandi.

O‘yinda kutilganidek favorit g‘alabasi qayd etildi, ammo avstraliyaliklar ertagi qayg‘uli yakun topdi deb bo‘lmaydi. Yashil qit’a o‘z jamoasi bilan faxrlansa arziydi. Argentinaning orzu sari yurishi esa davom etadi. Yana uch qadam bor. Navbatdagisi — niderlandlarga qarshi.

Niderlandlarni zerikarli deyishmoqda, ammo van Gaal bunga tupurgan. U 1/4 finalda, amerikalik romantiklar esa uyga qaytadi

JCh-2022. 1/8 final
Niderlandiya – AQSh – 3:1

Gollar: 1:0 – 10 Depay, 2:0 – 45 Blind, 2:1 – 76 Rayt, 3:1 – 81 Dumfris.
Niderlandiya – Noppert, Dumfris, van Deyk, Ake, Timber, Blind, de Ron (Bergveyn, 46), Klassen (Kopmeyners, 46), de Yong, Depay (Simons, 83), Gakpo.
AQSh – Terner, Dest (Yyedlin, 75), Rim, Tsimmerman, Robinson, Adams, Makkenni (Rayt, 67), Musa, Pulishich, Vea (Aaronson, 67), Ferreyra (Reyna, 46).
Ogohlantirishlar: Kopmeyners (60), de Yong (87).

Niderlandlarga xos bo‘lmagan zerikarlilik

Jamoa bir vaqtning o‘zida ham zerikarli, ham umidsiz o‘ynashi mumkin, bu turnirni shunday o‘yinlar bilan boshlagan Belgiya va Daniya allaqachon uyga qaytdi. Shu bilan birga Levandovskini besh bo‘lim davomida to‘psiz o‘ynashga majbur qilgan polyaklar darvozabon Shchensining mahorati evaziga ko‘p yillar ichida ilk bor pley-offga chiqishdi.

Niderlandlarda ham o‘ziga xos zerikarlilik bor, shu vaqtga qadar romantik o‘yinlari bilan ajralib turgan «Apelsinranglilar»ning bu safargi tarkibi turnir guruh bosqichida muxlislar kutgan o‘yinni namoyish etishmadi. Albatta, tarkibda katta iste’dod sohibi bo‘lgan Gakpo bor va u uch o‘yinda uchta gol urdi, ammo u o‘zining yorqin o‘yinlarini namoyish etmayapti. Tartib, tashkiliy o‘yin, natija — barchasi bor. Ammo 90+10 daqiqa davomida raqib darvozasi tomon atigi 2 zarba bergan va shundan faqat bittasini darvoza sohasiga to‘g‘ri yo‘llagan jamoa o‘yinidan rohatlanish qiyin.

Faqat o‘sha o‘yindagi raqib (Ekvador) Qatarni tark etdi, Niderlandiya — pley-offda. Lui van Gaalning versiyasiga ko‘ra, shuning o‘zi — faxrlanish uchun sabab. Matbuot anjumanida jamoa o‘yinini zerikarli deb atagan jurnalistga u uyga qaytishni taklif etdi. U shuningdek jahon chempionatidagi g‘alabalardan keyin kelgusi faoliyatida bo‘ladigan takliflarga qanday qarashi haqidagi savolga ham hazil bilan javob qaytardi: «To‘g‘ri, agar Niderlandiya nashrlariga ishonilsa, biz chempion bo‘lmaymiz. 2014 yilda ham shunday bo‘lgandi».

Niderlandiya bilan bog‘liq o‘tmishga ega murabbiy

Amerikaliklar esa tomoshabop o‘yin ko‘rsatish bo‘yicha barcha o‘yinlarda ajralib turishdi. «Yulduz-yo‘lli» jamoa bosh murabbiyi Gregg Berhalter pley-offda ham sxemani o‘zgartirmadi, xuddi o‘z krossovkasi kabi. 49 yoshli mutaxassis o‘zi uchun sevimli bo‘lib qolgan hujumkor 4-3-3 sxemasi bilan ko‘proq odatiy niderlandlarga o‘xshab ketadi. Va bu tasodifiy ham emas, 1990-yillarda Berhalter Erediviziyada olti yil to‘p tepgan.

«Men universitetni tamomlashim bilan Niderlandiyaga ketganman va professional futbolga mutlaqo tayyor emasdim. Agar men u yerda bo‘lmaganimda, menda o‘z g‘oyalarimni shakllantirishga yordam bergan asoslar ham bo‘lmasdi», — deydi Berhalter murabbiylik faoliyatini boshlash haqida o‘ylab yurgan davrlari haqida.

Uning AQSh termasidagi eski qadrdonlaridan biri Frenki Heyduk esa Berhalter bilan hali yoshlar jamoasida o‘ynagan vaqti haqida shunday eslaydi: «Biz taktika haqida adoqsiz suhbatlashardik». Taniqli amerikalik mutaxassis, 2002 yilgi jahon chempionatida terma jamoa bilan tarixdagi eng yaxshi natija qayd etgan (o‘shanda terma jamoa Portugaliya va Polshani guruhda qoldirib, pley-offga chiqqan, nimchorak finalda Meksikani mag‘lub etgan, chorakfinalda Germaniyaga minimal hisobda mag‘lub bo‘lgandi), o‘sha tarkibda unga ustozlik qilgan Bryus Arena esa «Gelaksi»da o‘ynayotganidayoq Berhalterni o‘ynovchi murabbiy maqomiga chiqargandi.

Dumfrisning shousi

Ammo 20 yil oldingi muvaffaqiyatni takrorlash Berhalterga bosh murabbiy rolida takrorlash hozircha nasib qilmadi. U faoliyatida ikkinchi bor van Gaalni yenga olmadi. O‘yin oldidan amerikaliklar murabbiyi Rotterdamning «Sparta» klubi safida o‘ynaganida «Ayaks»ni oltin asrida mag‘lub etganini eslagandi.

Shanba kuni ham agar debyutda Pulishich o‘z imkoniyatidan foydalanganida o‘yin AQSh ssenariysi bo‘yicha kechishi mumkin edi. Ammo amerikaliklar yetakchisi Noppertni alday olmadi, «Apelsinranglilar» esa samarali hujum bilan javob qaytardi. Yevropaliklar raqibning o‘yin boshidagi shturmiga dosh berib turishdi va keyin Gakpo ham Dumfris ijrosida namunali hujum tashkillashtirishdi, uni Depay gol bilan yakunladi.

Van Gaal jamoasi amerikaliklarning barcha zaif nuqtalaridan xabardor bo‘lgan holda harakatlanishdi. Raqib tanaffusga shu hisob bilan chiqib ketishni xayol qilayotganida autdan maksimum natija chiqarilib, yana bir halokatli zarba berildi. Bu safar ham Dumfris golli pas berdi, hujumni ikkinchi tempda boshqa bir lateral — Blind qo‘llab-quvvatladi. Niderlandlarni pragmatik o‘yinda ayblaganlar uchun chiroyli hujumlar va gollar bilan javob qaytarildi. Barchasi geometrik aniqlikda amalga oshirildi, darvoza sohasiga yo‘llangan ikki zarba ham golga aylandi, terma jamoa tarixidagi ikkinchi to‘purar bo‘lib turgan Depay 43-golini urishida 20 ta aniq uzatma amalga oshirildi.

Ha, «Apelsinranglilar» ideal darajada emas. Shu Memfisning o‘zi ikkinchi bo‘limda xato pas bilan Raytni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, ammo endigina maydonga tushgan futbolchi darvozabonni aldab o‘tishga qaror qildi va uning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasini darvoza chizig‘i oldida himoyachilar qaytarib yuborishdi.

Ammo ko‘p o‘tmay ushbu hujumchi tovoni bilan basketbolga xos gol urib, jamoasini o‘yinga qaytardi.

Bu gol urilishida Niderlandiya erta xotirjamlikka berilgani sabab bo‘ldi. Ammo jamoa talab etilsa yana o‘yinni kuchaytira olishi mumkinligini ko‘rsatdi va Dumfrisga atalgan kecha uning goli bilan mantiqiy ko‘rinish oldi, unga narigi qanotdan Blind pas berib qarzini qaytardi va himoyachi jarima maydoni ichida hech qanday qarshilikka uchramay, to‘pni darvozaga joyladi.

Amerikalik romantiklar uyga qaytadi, van Gaal esa orzusi uchun yurishda davom etadi. Aytish kerakki, uning jamoasi o‘yindan o‘yinga qiziqarli bo‘lib bormoqda.

Mavzuga oid
Top