21:08 / 06.12.2022
6909

Toshkent viloyatida temiryo‘l simlarini o‘g‘irlagan shaxslar ozodlikdan mahrum etildi

Toshkent viloyatida elektrovozlarini yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlovchi simlarning jami 140 metrini o‘g‘rilagan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. Ularning har biri besh yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Angren temiryo‘l yo‘nalishida poyezdlar harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir qiluvchi o‘g‘rilik jinoyati sodir etgan shaxslar qamaldi.

DXX matbuot xizmati xabar berishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan uch kishi — Olmaliq shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam o‘g‘rilik uchun sudlangan K.J., Urganch shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan S.S. va Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan M.F. qo‘lga olingan.

Ular 2022 yilning mayida Toshkent viloyatidagi Aqcha—Obliq temiryo‘l bekatlari oralig‘idan o‘tuvchi beton ustunlardagi yuk va yo‘lovchi poyezdlar elektrovozlarini yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlovchi simlarning jami 140 metrini kesib olib, Damas’ga yuklab, olib ketayotganida ushlangan.

Mazkur shaxslar bunga qadar Kuchlik-To‘ytepa temiryo‘l bekatlari oralig‘idagi 87,5 metr elektr simlarini hamda Ohangaron—Aqcha temiryo‘l bekatlari oralig‘idagi 100 metr elektr simlarini ham kesib olib, sotib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan K.J., S.S. va M.F. Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi «a» bandi bilan aybli deb topilib, ularning har biriga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Top