10:42 / 15.12.2022
7772

Qarshi davlat universitetida yangi o‘quv binosi va talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi

Qarshi davlat universiteti tibbiyot fakulteti uchun yangi o‘quv binosi hamda 600 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Murodjon Azimov, viloyat sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Foto: Qarshi davlat universiteti

2021 yilda Qarshi davlat universitetida mavjud 7 ta talabalar turar joyining umumiy quvvati 1057 o‘ringa ega bo‘lib, umumiy ehtiyojning atigi 33 foizi ta’minlangan edi. So‘nggi bir yil davomida talaba-yoshlarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida hududda keng ko‘lamda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, ikkita tashlandiq bino universitet tasarrufiga olinib, 770 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyiga aylantirildi.

Shuningdek, 2021 yilda talabalar turar joyidagi mavjud yashash xonalari ikki yarusli krovatlar bilan jihozlanishi natijasida 9 ta talabalar turar joyida jami 2438 ta o‘rin tashkil etilib, umumiy ehtiyojning 83 foizi qamrab oldi.

Joriy yilda yangidan qurib foydalanishga topshirilgan mazkur 600 o‘rinli talabalar uchun turar joyi qurilishiga universitet budjetdan tashqari homiylik mablag‘lari hisobidan 18 milliard 285 million so‘m sarflandi. Zamonaviy loyiha asosida qad rostlagan bu muhtasham turar joy 2 milliard 419 million 668 ming so‘mlik mebel jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizorlar va boshqa zaruriy ashyolar bilan jihozlandi. Qisqa muddat ichida barpo etilgan ko‘rkam yotoqxonada talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalari, yuqori tezlikda ishlaydigan Wi-Fi qurilmalari, yangi adabiyotlar bilan ta’minlangan o‘quv zallari, kir yuvish va dazmollash xonalari, tibbiyot, dushxona, oshxona hamda dam olish xonalari mavjud.

Ahamiyatlisi, mazkur turar joyning foydalanishga topshirilishi natijasida universitet talabalari uchun yotoqxonalar soni 10 taga yetdi va ularda 3038 nafar talaba yashashi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Natijada respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib Qarshi davlat universitetida talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetdi.

Shu kuni universitetning tibbiyot fakulteti uchun har tomonlama qulay, yangi o‘quv binosi ham ochildi. O‘quv binosida 2 ta ma’ruza zali, o‘ndan ortiq auditoriyalar, biokimyo va mikrobiologiya o‘quv-laboratoriya xonalari mavjud.

Bu yerdagi 1000 dan ortiq elektron va 180 dona o‘quv, ilmiy adabiyotlardan iborat shinam kutubxona va innovatsion loyihalarni yaratish hamda ularni rivojlantirish maqsadida bo‘lgan yoshlar uchun zamonaviy inkubatsion markazi tashkil qilingani ayni muddaodir. Avval 1500 o‘ringa ega bo‘lgan o‘quv binosini mukammal ta’mirlash natijasida qo‘shimcha 900 o‘rin yaratilib, binoning umumiy sig‘imi 2400 o‘ringa yetdi. Binoda soatiga 100 kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradigan quyosh panellari o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Binolarning tantanali ochilish marosimidan so‘ng “Hokim va yoshlar” muloqoti o‘tkazildi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda talabalarning taklif va tashabbuslari viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Qarshi davlat universiteti axborot xizmati Ⓣ

Top