14:38 / 21.12.2022
8958

Har to‘rtta UJMShdan bittasi mulkdorlarning pulini “yeb yubormoqda”

O‘zbekistondagi mingga yaqin uy-joy mulkdorlar shirkatlarining chorak qismi 2022 yil davomida mulkdorlarga moliyaviy zarar yetkazgan. 50 ga yaqin shirkat rahbari ustidan jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Uy-joy fondi inspeksiyasi boshlig‘i Azlar Sodiqov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Uy-joy fondi inspeksiyasi boshlig‘i Azlar Sodiqov 19 dekabr kuni AOKAdagi brifingda chiqish qilib, 2022 yilning 1 dekabr holatiga qilingan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.

UJMShlardagi o‘g‘riliklar

Uy-joy fondi inspeksiyasi ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi jami 1000 ga yaqin boshqaruv organlari faoliyatini o‘rgandi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, 250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan jami 20 mlrd so‘m mablag‘ talon-taroj qilingan yoki uy-joy mulkdorlariga zarar yetkazilgan. Shundan, 50 ga yaqin shirkat rahbariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, 700 mln so‘mga yaqin mablag‘lar shirkatlar hisobiga qaytarilgan.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar va ularga tegishli tutash xududlarda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari o‘rganilganda, jami qiymati 14 mlrd so‘m miqdorda 57 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Hozirda pudrat tashkilotlariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Yuzga yaqin shirkat boshqaruv qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilgan

Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruv organlari tomonidan yig‘iladigan majburiy badallar mablag‘larining shaffofligini ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan “Mening uyim billing” tizimi orqali hisob yuritilishini ta’minlash maqsadida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, 3 oy mobaynida 1500 ta murojaat qabul qilingan. Shundan, 1200 tasi joyida ijobiy hal etilgan, 200 tasiga nisbatan majburiy ko‘rsatmalar berilgan, 100 ga yaqin shirkatlar boshqaruv qoidalarini buzgani uchun 300 mln so‘m miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llangan.

Yerto‘lalar: 247 ta holatda jarima qo‘llangan

Ko‘p kvartirali uylarning yerto‘lalaridan foydalanish tartibi o‘rganilganda 550 ta huquqbuzarlik va kamchiliklar aniqlangan. Shundan, 425 ta o‘zboshimchalik bilan yerto‘lalarni egallab olish yoki qayta rejalashtirish ishlari hamda 125 ta yerto‘lalarning sanitar tartibga rioya etilmagani aniqlangan.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan jami 670 mln so‘m miqdorda 247 ta ma’muriy jarima qo‘llangan, 290 ta yerto‘ladagi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar avvalgi holatiga qaytarilgan.

Noqonuniy qurilmalar: jarimalar umumiy miqdori – 6 mlrd so‘m

Ko‘p kvartirali uylar va tutash hududlarda jami 11 778 ta noqonuniy qurilma aniqlangan. Shulardan 3 500 tasiga 6,0 mlrd so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llangan, 6 800 tasi mulkdorlarning o‘zlari tomonidan avvalgi holatiga qaytarilgan.

Yangi uylar bo‘yicha arizalarning yarmidan ko‘pi rad etilgan

Yangi uylarni foydalanishga qabul qilish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha xulosalar olish maqsadida inspeksiyaga qurilish tashkilotlari tomonidan 1055 ta ariza kelib tushgan. Shundan, yangi uylardan foydalanish uchun 488 ta arizaga ijobiy xulosa berilgan. Qolgan 567 ta arizaga tegishli uylar foydalanishga tayyor emasligi uchun rad etish xulosalari berilgan.

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uylarni turardan noturarga, noturardan turarga o‘tkazish bo‘yicha 550 ta ariza kelib tushgan. Shundan 335 ta arizalar ixtisoslashtirishga mosligi uchun ijobiy xulosa berilgan. Qolgan 197 ta arizaga ixtisoslashtirish talablariga javob bermagani uchun rad etish xulosalari berilgan.

Mavzuga oid
Top