08:12 / 21.12.2022
10594

OAV Zelenskiyning Vashingtonga bo‘lajak tashrifi haqida xabar topdi

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy urush boshlanganidan beri ilk bor 21 dekabr kuni Vashingtonga keladi va u yerda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashadi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 21 dekabr kuni Vashingtonda uchrashadi, deb xabar berdi CNN 20 dekabr, seshanba kuni ikki manbaga tayanib.

Zelenskiyning e’lon qilinmagan tashrifi Ukraina prezidentining 24 fevralda Rossiya hujumi boshlanganidan buyon birinchi xalqaro safari bo‘ladi. Oq uy ehtimoliy uchrashuv haqida izoh berishdan rasman bosh tortdi.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Kapitoliy tepaligi xavfsizlik xizmati Zelenskiyning tashrifiga hozirlik ko‘rmoqda, chunki Ukraina rahbari Kongressda chiqish qilishi mumkin. AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Kongressning barcha a’zolaridan «chorshanba kuni kechqurun yig‘ilishda jismonan hozir bo‘lishni» so‘radi, deb yozadi Axios Pelosining maktubiga tayanib.

CNN xabariga ko‘ra, uchrashuv Kiyevga AQShning Patriot zenit-raketa komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha muhokamalar fonida bo‘lib o‘tadi. Yetkazib berish muzokaralarda muhokama qilinadimi yoki qilinmaydimi, CNN bunga aniqlik kiritmadi. Avvalroq Amerika OAV xabar qilganidek, Oq uy shu hafta oxirigacha komplekslarni Ukrainaga topshirishni e’lon qilishi mumkin. Vashington tegishli rejalarni tayyorlashni yakunlamoqda.

Kiyev bir necha oydan beri Patriot tizimini so‘ramoqda. Vashington komplekslarni yetkazib berish va ishlatish bilan bog‘liq katta logistika qiyinchiliklariga qaramay, Rossiyaning ommaviy o‘qqa tutishi sharoitida talabni qondirishga qaror qildi, dedi Bayden ma’muriyatining yuqori martabali vakili CNN telekanaliga.

Kichik havo hujumidan mudofaa tizimlaridan farqli o‘laroq, Patriot tizimlari o‘nlab odamlarning ishlashini talab qiladi. Shu bilan birga, ular havo bo‘shlig‘ini ballistik va qanotli raketalardan, shuningdek, ba’zi samolyotlardan himoya qilishning eng samarali uzoq masofali vositalaridan biri hisoblanadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top