Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: RF neft sektoriga bosimni kengaytirish kerak
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShni Rossiya neftiga qarata sanksiyalarni ikki kompaniyadan butun sektorgacha kengaytirishga, shuningdek, Ukrainani uzoq masofali Tomahawk raketalari bilan kuchaytirishga chaqirdi. Bu bayonotlarni u juma, 24 oktyabr kuni Londonda o‘tgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvi doirasidagi matbuot anjumanida bildirdi.
Foto: REUTERS
Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning RF neft sektoridagi eng yirik kompaniyalar — «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan joriy etgan sanksiyalarini «katta qadam» deb atadi. Ukraina prezidentiga ko‘ra, shunga o‘xshash bosim faqat shu ikki kompaniyaga emas, balki butun sektorga qo‘llanishi lozim.
«Bundan tashqari, biz dronlar va raketalardan foydalangan holda, bevosita Rossiya neft sektorini nishonga oluvchi o‘z bosim kampaniyamizni o‘tkazyapmiz», — dedi Zelenskiy. Shu fonda u yana bir bor AQShni Kiyevga uzoq masofali Tomahawk («Tomagavk») raketalarini berishga chaqirdi — u avvalroq bu raketa «Rossiyada qo‘rqinch uyg‘otadi» deb aytgan edi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte shu matbuot anjumanida Tramp bilan Ukrainaga Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasini muhokama qilganini, bu g‘oyadan to‘liq voz kechilgani haqida gapirish erta ekanini ta’kidladi.
«Xususan, “Tomagavk”lar haqida — prezident (Tramp — tahr.) va men buni muhokama qildik. Masala prezident ko‘rib chiqishida qolmoqda va yana bir bor aytaman — buni hal qilish AQSh ixtiyorida», — deya Ryuttening so‘zlarini Reuters keltiradi. U shuningdek, Ukrainaga qo‘llab-quvvatlovchi har bir ittifoqchi davlat qaysi turdagi qurolni yetkazishni o‘zi hal qilishini, «Tomagavk»larsiz ham AQSh Kiyevga salmoqli harbiy yordam berib kelayotganini urg‘uladi.
Ryutte, shuningdek, AQShning «Lukoyl» va «Rosneft»ga nisbatan sanksiyalari RF prezidenti Vladimir Putinga nisbatan bosimni kuchaytirishini qayd etdi. Unga ko‘ra, Rossiya rahbarining «puli, qo‘shinlari va g‘oyalari» tugab bormoqda, Ukrainaga ittifoqchilar tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash esa samarali bo‘lib qolmoqda.
Ukrainaga qo‘shimcha yordam berishga tayyor mamlakatlardan tashkil topgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» tarkibida 33 davlat bor; xususan, YeI a’zolari, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Turkiya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya. London sammitida shaxsan yoki onlayn tarzda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen, Niderlandiya bosh vaziri Dik Sxof va boshqa yetakchilar, jumladan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirok etdi.
Starmer sammit doirasida Putin tomonidan yana olg‘a surilgan — Rossiya qo‘shinlari hali kuch bilan egallay olmagan Donbass hududlarini jangsiz topshirish kabi — «ahmoqona talablar»ni «to‘la inqiroz» deb atadi. U Ukrainaga ko‘proq uzoq masofali qurol-yarog‘ berishga hamda Yevropada muzlatilgan rus aktivlari bo‘yicha kelishuvga erishib, «Ukraina mudofaasini moliyalash uchun milliardlab funtlarni ochish», mamlakatni «qishga borganida imkon qadar kuchli pozitsiyalar» bilan ta’minlash tarafdori ekanini bildirdi.
Starmerning chaqiruvini uning daniyalik hamkasbi Mette Frederiksen qo‘llab-quvvatladi. «(YeIda muzlatilgan RF aktivlari — tahr.) bo‘yicha yechimni Rojdestvogacha topish uchun ish olib borishimiz kerak — shunda keyingi yillarda Ukrainani moliyalashni ta’minlaymiz», — dedi u.
YeIda muzlatilgan rus aktivlarini Ukraina manfaati yo‘lida to‘liq ishlatish imkoniyatini muhokama qilishga bir necha oy kerak bo‘ldi. Gap — Kiyevga 140 mlrd yevro miqdorida kredit berish, uni ushbu aktivlar bilan ta’minlash haqida ketmoqda, uning qaytarilishi esa urush tugagach, Rossiya tomonidan to‘lanadigan reparatsiyalar hisobiga amalga oshiriladi. Biroq tanqidchilarni Moskva reaksiyasi xavotirga solmoqda — u javoban RFdagi Yevropa kompaniyalari aktivlarini milliylashtirishi mumkin, chunki Putin bu haqdagi qonunni avvaldan imzolab qo‘ygan. Berlinda ta’kidlanishicha, faqat nemis kompaniyalarining Rossiyadagi aktivlari 100 mlrd yevrodan ortiqni tashkil qiladi.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:21