23:14 / 22.12.2022
24911

Nemis razvedkasi Rossiya uchun ishlagan josusni fosh qildi 

Germaniya razvedkasi xodimi maxfiy ma’lumotlarni Rossiya razvedkasiga yetkazib turgan. 

Foto: DPA

Spiegel nashri Germaniyada yuz bergan josuslik mojarosi haqida xabar berdi. Federal razvedka xizmati (BND) xodimi yashirincha Rossiya uchun ishlagani ma’lum bo‘ldi. Ofitser Karsten L. hibsga olinib, uning kvartirasi va BND ofisida tintuv o‘tkazildi. Nashrning yozishicha, Federal jinoiy politsiya boshqarmasi Karstenni 21 dekabr kuni davlatga xiyonatda gumon qilib hibsga olgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, u maxfiy ma’lumotlarni Rossiya razvedkasiga yetkazib turgan. Tergovning boshqa tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan. Spiegel nashriga ko‘ra, kansler Olaf Shols bir necha hafta oldin sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor qilingan. 

So‘nggi yillarda Germaniyada Rossiya foydasiga ishlayotgan josuslar bir necha bor fosh qilingan edi. 

Noyabr oyida Dyusseldorf sudi zaxiradagi podpolkovnikni bir yilu to‘qqiz oylik shartli qamoqqa hukm qildi. U Rossiya razvedkasi bilan bog‘lanib, ularga Germaniyaning zaxira askarlari haqida ma’lumot bergan. 

Bahorda Myunxen sudi Augsburg universiteti olimiga bir yillik shartli jazo tayinladi. U Rossiyaga Yevropa raketa tizimi haqida ma’lumot bergan. 

BND bilan bog‘liq so‘nggi shov-shuvli josuslik mojarosi 2014 yilda ro‘y berdi. Shu paytda tashqi aloqalar bo‘limida pochta va maxfiy ma’lumotlarni ro‘yxatga olish uchun mas’ul razvedka xodimi hibsga olindi. Ma’lum qilinishicha, u 2008 yildan beri AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi josusi bo‘lgan va amerikaliklarga deyarli 220 papka hujjat, jumladan 3500 nafar nemis agentlarining haqiqiy ismlarini bergan. 

Spiegel nashriga ko‘ra, keyinchalik u o‘zini ruslarga josus sifatida taklif qilgan va BND hujjatlaridan uchtasini Rossiyaning Myunxendagi bosh konsulligiga yuborgan. Myunxen sudi uni davlatga xiyonat qilgani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. 

Top