Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilingan uch kishi qo‘lga olindi
Fransiyada Rossiya manfaatlari yo‘lida josuslik va mamlakatni beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarda gumonlanayotgan SOS Donbass birlashmasiga nisbatan tergov olib borilmoqda.
Ikki erkak va bir ayol Fransiyada Rossiya foydasiga josuslikda hamda jamoatchilik fikriga Moskva manfaati yo‘lida ta’sir o‘tkazishga urinishda gumon qilingan holda qo‘lga olindi. Bu haqda AFP agentligi chorshanbaga o‘tar kechasi, 26 noyabrda xabar berdi.
Fransiya hokimiyatining ma’lum qilishicha, ushlab turish choralari fransuz-rus SOS Donbass birlashmasiga qarshi olib borilayotgan tergov doirasida amalga oshirilgan. Qo‘lga olinganlardan biri — 40 yoshli Rossiya fuqarosi Vyacheslav P. — Parij prokuraturasi tomonidan sentabr oyida Triumfal arkaga Rossiya pozitsiyasidagi shiorlar yozilgan plakatlarni yopishtirganlikda ayblanmoqda. Uni kuzatuv kameralari yozuvlari orqali aniqlashgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, plakatlarni yopishtirganidan so‘ng P. ikki boshqa gumonlanuvchiga, jumladan SOS Donbass birlashmasi rahbari, 40 yoshli Anna N.ga qo‘ng‘iroq qilgan. Anna N. Rossiya va Fransiya fuqaroligiga ega. U Fransiya iqtisodiyoti vakillaridan ma’lumot olishga urinishda ayblanmoqda.
Fransiya davlat xavfsizligi xizmati DGSI yil boshidan buyon N. ustidan kuzatuv olib bormoqda va uni «mamlakatning asosiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar»da gumon qilmoqda. Mart oyida uning ustidan «xorijiy davlat foydasiga josuslik»da gumon qilingan holda rasmiy tergov boshlangan. Unga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi xavf solmoqda.
Uchinchi qo‘lga olingan shaxs haqida ma’lum bo‘lgani — uning ismi Vinsent P., 63 yoshda va Parij atrofida yashaydi. To‘rtinchi gumonlanuvchi — 58 yoshli Bernar F. qamoqqa olishdan qutulib qolgan. Lekin u sud nazorati ostiga o‘tkazilgan va haftada bir marta politsiyaga borib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilib belgilanishga majbur.
SOS Donbass birlashmasi o‘zini urushdan jabr ko‘rgan Ukraina sharqiy hududlariga yordam yetkazuvchi gumanitar tashkilot sifatida ko‘rsatadi. Biroq DGSI Fransiya maxsus xizmati gumon qilishicha, aslida bu tashkilot josuslik bilan shug‘ullanadi va Fransiyani beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlar olib boradi.