11:52 / 22.12.2022
1668
O‘zbekiston va Tailand birgalikda arxeologik qazishmalar o‘tkazishni rejalashtiryapti

O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Termiz Arxeologiya muzeyi va Tailand Milliy muzeyi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Tailand Milliy muzeyi 1874 yilda Qirol Chulalangkorn (Rama V) farmoni asosida tashkil etilgan. Muzey o‘z fondi hamda arxeologiya va arxivshunoslik yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi ekspertlariga ega.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Tailand xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar qadim 2 ming yillik tarixga ega bo‘lib, buddizm Janubiy-Sharqiy Osiyoga tarqalish yo‘llaridan biri ham aynan Markaziy Osiyo, O‘zbekiston orqali o‘tgani tarix o‘zaro bog‘liqligi ifodasi ekani ta’kidlandi.

Imzolangan memorandumga muvofiq, buddaviylik obidalari saqlanishi, qayta tiklanishi hamda ularni muhofaza etish, mazkur hududlarga turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha O‘zbekistonga Tailand tajribasini jalb etish, ilmiy doiralar o‘rtasida o‘zaro tadqiqotlar, birgalikda arxeologik qazishmalar o‘tkazish, O‘zbekistondagi buddaviylik yodgorliklari to‘g‘risida Tailand jamoatchiligi xabardorligini oshirish maqsadida tay tomoni O‘zbekistonga safarini tashkil etish va boshqa loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda Fransiyaning Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosi ko‘rgazmasi o‘tkazilayotgani, unda mamlakat hududidan topilgan buddaviylik yodgorliklari ham taqdimot asosiy eksponatlari qatoridan joy olgani alohida qayd etildi. Kelgusida Tailand hududida ham O‘zbekiston madaniy merosi ko‘rgazmasi taqdimotini o‘tkazish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.

Top