08:08 / 27.12.2022
23938
Serbiya qurolli kuchlarini jangovar shay holatga keltirdi

Serbiya qurolli kuchlari va politsiyasi prezident Aleksandr Vuchich buyrug‘i bilan shay holatga keltirildi.

Serbiya mudofaa vaziri Milosh Vuchevich, markazda / Foto: AP

Serbiya qurolli kuchlari Kosovo bilan chegarada jangovar shay holatga keltirildi. Bu haqda mudofaa vaziri Milosh Vuchevich ma’lum qildi, deb xabar beradi AP 26 dekabr, dushanba kuni.

Serbiya ichki ishlar vaziri Bratislav Gashich ham «politsiya va boshqa xavfsizlik kuchlarini to‘liq shay holatga keltirishni» va ularni «operatsion rejasi»ga muvofiq armiya bosh shtab boshlig‘i qo‘mondonligiga topshirishni buyurganini aytdi. Tegishli buyruqlar mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich tomonidan berildi, deb xabar qildi respublika Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligi.

Mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, «bu mamlakatni Serbiya qurolli kuchlari tomonidan Serbiyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish, Serbiyaning barcha fuqarolarini himoya qilish va ular qayerda yashashlaridan qat’i nazar, serblarga qarshi terrorning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlarni eng yuqori darajaga ko‘taradi».

Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi mojaro shu yilning iyul oyida, Prishtina Serbiya fuqarolariga kirish uchun vaqtinchalik hujjatlarni joriy etishga qaror qilgan va serb ozchilikdan eski serb avtomobil raqamlarini mahalliy raqamlarga o‘zgartirishni talab qilgandan so‘ng kuchaygan. Kosovo serblari norozilik sifatida barrikadalar o‘rnatdilar, shundan so‘ng Prishtina hukumati yangi qoidalarni joriy etishni keyinga qoldirdi.

Noyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel Kosovo va Serbiya avtomobil raqamlari bo‘yicha kelishmovchilikni hal qilganini, biroq mintaqada mojarolar kelib chiqishda davom etganini aytdi, deb yozadi AP.

Oxirgi voqea 25 dekabr kuni kechki payt Zubin Potok hududida sodir bo‘lib, mahalliy etnik serblar ikki hafta davomida yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. NATO missiyasi (KFOR) vakillariga ko‘ra, ularning patrullaridan birining yonida noma’lum shaxslar o‘t ochgan, hech kim jabrlanmagan.

2008 yilda Kosovo Respublikasi bir tomonlama ravishda Serbiyadan mustaqilligini e’lon qildi. Uni Yevropaning ko‘plab davlatlari, jumladan, Germaniya, shuningdek, AQSh ham tan olgan. Belgrad Kosovoni o‘zining avtonom viloyati deb biladi va Prishtina mustaqilligini tan olmaydi. Serbiyaning pozitsiyasini Rossiya, possovet hududidagi aksariyat davlatlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqining beshta davlati, Xitoy va Hindiston qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid
Top