13:10 / 01.01.2023
55757

Dalahovliga ko‘mib saqlangan arxiv: sobiq mayor KGBning maxfiy hujjatlarini nega britaniyaliklarga topshirgandi?

1956 yil, KPSSning XX s’yezdida SSSR rahbari Nikita Xrushchev «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari to‘g‘risida» nutq so‘zlaydi va Stalinni «qonxo‘r va vahshiy edi» deydi. Xrushchevning Stalin qatag‘onlari haqidagi gaplari ko‘plab insonlar qatori KGB xodimlaridan biriga ham qattiq ta’sir qiladi. U kommunistik tuzumni yomon ko‘rib qoladi va G‘arbga qochishni rejalashtiradi. Ammo o‘shanda buning iloji yo‘q edi. SSSR tarqab ketgach xodim KGBning juda katta arxivini MI-6 ga topshiradi va bu juda katta siyosiy mojarolarga sabab bo‘ladi.

XX asrda 70 yil yashagan SSSR G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy sohalarda raqobat qila olmagan. Sovetlar ular bilan asosan qurollanish, kosmosni o‘zlashtirish va KGB tomonidan keng qamrovda o‘tkazilgan maxfiy operatsiyalar bo‘yicha keskin raqobat olib borgan.

G‘arb maxfiy xizmatlari sovet josuslarini, KGB esa g‘arbliklarni o‘z tomoniga og‘dirishga uringan. Agar tarixga nazar tashlansa ko‘proq KGB xodimlari G‘arbga qochib ketganini ko‘rish mumkin.

Ayrim hollarda G‘arbga qochishni xohlasa-da SSSR tarqab ketguncha buning imkonini qila olmagan xodimlar ham uchragan. KGB mayori Vasiliy Mitroxin ana shulardan biri edi.

Mitroxin hech qachon o‘ta maxfiy operatsiyalarda, turli qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etmagan. Ammo uning qo‘lida KGBning juda ko‘p maxfiy ma’lumotlardan iborat arxivi bor edi.

1970-yillarda Mitroxin KGB bosh boshqarmasining arxiv bo‘limini yangi binoga ko‘chirish uchun mas’ul bo‘ladi. O‘shanda vaziyatdan foydalangan Mitroxin maxfiy ma’lumotlarni ko‘chiradi, nusxa oladi va birinchi bosh boshqarmadan yashirincha olib chiqadi. SSSR tarqagach ularni Britaniya maxfiy xizmatlariga beradi. Natijada juda katta siyosiy mojarolar kelib chiqadi.

Xrushchevning mashhur nutqidan keyin o‘zgargan Mitroxin

Vasiliy Mitroxin 1922 yilda Ryazan viloyatida tug‘iladi. Maktabni bitirgach Qozog‘iston davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida tahsil oladi va urushdan so‘ng Xarkovda harbiy prokuror bo‘lib ishlay boshlaydi.

1948 yilda Aloqa qo‘mitasida (1947-1951 yillar oralig‘ida sovet tashqi razvedka qo‘mitasi shunday nomlangan) ish boshlaydi.

1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etadi. Uning o‘rniga SSSR rahbari bo‘lgan Xrushchev mamlakatda islohotlarni boshlaydi. Stalin davrida nohaq jazolanganlarning ishi qayta ko‘rib chiqiladi.

Qisqa vaqtda millionlab insonlar qamoqdan ozod qilinadi. NKVD hibsxonalarida va qamoqxona lagerlarida vafot etganlar oqlanadi. Shu bilan birga Stalin tuzumining qonxo‘r ijrochilari bo‘lgan shaxslar – Beriya va uning qo‘l ostidagilar jazolanadi.

1956 yilda o‘tkazilgan KPSS XX s’yezdida SSSR rahbari Xrushchev «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari to‘g‘risida» nutq so‘zlaydi va shu yerda Stalinni «qonxo‘r va vahshiy edi» deydi.

Xrushchevning Stalin qatag‘onlari haqidagi gaplari ko‘p insonlar qatori KGB xodimi Vasiliy Mitroxinga ham qattiq ta’sir qiladi. Shundan so‘ng u kommunistik tuzumni yomon ko‘rib qoladi va G‘arbga qochishni rejalashtiradi. Ammo bu ish oson emasdi.

O‘sha mashhur s’yezddan biroz o‘tib Mitroxinni Yaqin Sharqqa jo‘natishadi. 1960-yillar boshida u sovetlar ta’sir doirasi ostida bo‘lgan Germaniya demokratik respublikasiga yuboriladi.

Mitroxin GDRda 10 yildan oshiqroq ishlaydi va u yerdan chaqirib olinib Avstraliyaga jo‘natiladi. 1974 yilda KGBning Birinchi bosh boshqarmasiga ishga o‘tkaziladi. Uni arxiv bo‘limini yangi binoga ko‘chirish ishlariga mas’ul qilib qo‘yishadi.

Foto: BBC

Maxfiy ma’lumotlarni dala hovliga ko‘mish

KGB bosh boshqarmasi Moskvadagi mashhur joylardan biri Lubyankadagi eski binoda joylashgandi. Bu bino oktyabr to‘ntarishidan buyon xavfsizlik qo‘mitasiga xizmat qilib kelar va xodimlar soni oshgani uchun torlik qila boshlaydi.

1960-yillar oxirida KGB rahbari Andropov bosh boshqarma uchun Moskvaning Yasenovo tumanida alohida bino qurdiradi. 1970-yillar boshida bosh boshqarma yangi binoga ko‘chib o‘ta boshlaydi.

Rahbariyat KGBning barcha arxivini yangi binoga ko‘chirishga qaror qiladi, ammo bu oson emasdi. O‘sha paytda Avstraliyadan qaytib kelib bosh boshqarmada ishlayotgan Mitroxin arxivni ko‘chirishga mas’ul etib tayinlanadi.

Mitroxin KGB bosh boshqarmasida ishlar ekan G‘arbga ketish fikridan qaytmagandi. KGB arxivini ko‘chirish jarayonida Mitroxinda maxfiy hujjatlarning barchasi bilan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Arxivni Lubyankadan Yasenovodagi binoga ko‘chirish asnosida Mitroxin maxfiy hujjatlarning muhimlarini ko‘chirib ola boshlaydi. Tartibga rioya qiluvchi, mehnatsevar va namunali xodimdan hech kim shubhalanmaydi.

Mitroxin maxfiy hujjatlarning nusxalarini ishxonasidan yashirincha olib chiqib, dala hovlisiga olib borib ko‘mib qo‘yaveradi.

U avvaliga hujjatlarni bittalab qo‘lda ko‘chirib chiqadi. Keyin esa ularning nusxasini ola boshlaydi. Mitroxin vaqtdan yutish va KGB bosh boshqarmasidan olib chiqayotgan qog‘ozlari ixcham bo‘lishi uchun ayrim hujjatlarni maxsus shriftda qisqartirib yozadi.

Mitroxin maxfiy hujjatlarni asosan ichki kiyimi ostiga va paypog‘iga tiqib olib chiqadi. Uyga borgan yozuv mashinkasi bilan maxsus shriftdagi yozuvlarni boshqatdan yozadi.

Arxivdagi maxfiy hujjatlar shunchalik ko‘p ediki, ularni Yasenovodagi yangi binoga ko‘chirish ishlari 1972 yildan 1984 yilgacha, 12 yil davom etadi.

Keyinchalik, Mitroxin o‘z esdaliklarida KGBning asosiy arxivida 1972 yildan 1984 yilgacha ishlaganini va 12 yil davomida maxfiy hujjatlarni ko‘chirib olib chiqqanini yozgan.

Mitroxin qog‘ozlarni ular chirib ketmasligi uchun avval oziq-ovqat saqlashga mo‘ljallangan qopqoqli idishlarga soladi. Keyin uni yerga ko‘madi.

Maxfiy hujjatlarni MI-6 xodimlariga berish

1984 yilda Mitroxin nafaqaga chiqadi. O‘sha paytlarda G‘arb davlatlari maxsus xizmat xodimlari bilan aloqaga chiqishga uning yuragi dov bermaydi. Mitroxin SSSRda ishlayotgan xorijlik josuslarni bilardi. Ikki tomonlama ishlaydi deb gumon qilgani uchun ham Mitroxin ular bilan aloqa bog‘lamaydi.

1991 yilda SSSR parchalanib ketadi. Shundan so‘ng KGB ham qaytadan tashkil etiladi va ko‘plab xodimlar ishdan bo‘shatiladi. Hamma o‘zi bilan ovora bo‘lib turgan o‘sha zamonda Mitroxin maxfiy hujjatlarni g‘arbliklarga berishga qaror qiladi.

1992 yilda u dala hovlidagi barcha hujjatlarni qazib oladi va chemodanlarga joylab Estoniyaga yo‘l oladi. U yerda AQShning Tallindagi elchixonasiga murojaat qilib, o‘zida KGBning ko‘plab maxfiy hujjatlari borligini ma’lum qiladi.

MBR xodimlari avvaliga Mitroxinga ishonishmaydi va u bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishadi. Mitroxin ularga bir-ikkita hujjatlarni ko‘rsatgandan keyin MRB xodimlari eski qog‘ozlar o‘zlarini qiziqtirmasligini ma’lum qilishadi.

MRB xodimlarini qo‘lidagi maxfiy hujjatlarga qiziqtira olmagan Mitroxin ularni qaytarib olib kelib dala hovlisiga ko‘madi.

Oradan biroz o‘tib yana tavakkal qiladi va bu safar Buyuk Britaniyaning Rigadagi elchixonasiga boradi. U yerda MI-6 xodimlari maxfiy hujjatlarga qiziqib qolishadi va Mitroxin bilan hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirishadi.

Shundan so‘ng MI-6 xodimlari Mitroxin bilan uning dala hovlisigacha birga kelishadi va u yerdagi hujjatlarni, shuningdek, Mitroxin va uning oila a’zolarini olib ketishadi.

Mitroxinning arxivida juda ko‘p maxfiy hujjatlar bor edi. MI-6 xodimlari Mitroxin va uning oila a’zolarini Britaniyaga olib ketishadi. U yerda ularga boshqa ism-shariflar bilan Britaniya pasportlari beriladi.

Mitroxin arxivi

MI-6 xodimlarining qo‘liga tushgan KGB arxivining bir qismi maxsus shriftlarda bo‘lgani uchun ularni Mitroxindan boshqa hech kim tushunmasdi. U Londonga olib ketilgach MI-6 ga o‘sha hujjatlarni oddiy alifboga o‘girib beradi.

MI-5 da ishlagan britaniyalik tarixchi Kristofer Endryu Mitroxin bilan hamkorlikda uning arxivi haqida ikkita asar yozgan. Ulardan biri «Qilich va qalqon», ikkinchisi «Dunyo bizni kuzatmoqda: KGB va uchinchi dunyo uchun kurash» deb nomlanadi.

Har ikki asarda Kristofer Endryu Mitroxin taqdim etgan hujjatlarga asoslanib, KGBning «Sovuq urush» davrida dunyo bo‘ylab o‘tkazgan turli qiziqarli operatsiyalari haqida hikoya qilgan.

2014 yil Kembrij universiteti tarkibiga kiruvchi Cherchill kolleji Mitroxin arxivining bir qismini rus tiliga o‘girib alohida saytga joylashtiradi.

Bu manba bugungi kunda KGBning ochiq manbalarda saqlanayotgan eng yirik arxivi hisoblanadi. Mitroxindan olingan hujjatlar esa MI-6 da hanuzgacha maxfiy hujjatlar maqomi ostida saqlanmoqda.

Mitroxin o‘z arxivi bilan KGBning juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarini oshkor qilgan. Jumladan, KGBga ishlagan g‘arblik josuslarning ism-shariflari oshkor bo‘ladi. KGBning dunyoning turli qismlarida olib borgan maxfiy ishlari, Afg‘onistonda Hafizulla Aminga, Yugoslaviya rahbari Iosif Broz Tito boshqa taniqli shaxslarga uyushtirilgan suiqasd tafsilotlari ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, arxivda KGB rejalashtirgan va sodir etgan qo‘poruvchilik harakatlari, AQSh ta’siri ostidagi davlatlarda «milliy ozodlik harakatlari»ni qo‘llagani, KGBning rus pravoslav cherkovi rahbarlaridan foydalangani haqidagi maxfiy hujjatlar ham bor edi.

Bundan tashqari, Mitroxin arxivi tufayli KGB tomonidan dunyoning ko‘plab davlat rahbarlarining telefon qo‘ng‘iroqlari maxfiy tarzda eshitilgani fosh bo‘ladi.

Mitroxinning arxivida KGB foydasiga ishlagan britaniyalik josuslarning nomlari bor edi. Britaniyaning yadro tadqiqotlarini SSSRga jo‘natib turgan ayol Melita Norvud, «Romeo» laqabi bilan mashhur bo‘lgan Jon Saymonds kabilarni ham garchi ancha kechikib bo‘lsa-da, Mitroxinning arxivi fosh etgan edi.

1992 yilda Melita Norvud va Jon Saymondslar fosh bo‘lganida Britaniyada juda jiddiy mojaro yuzaga keladi. O‘sha paytda Melita 80 yoshda edi va uni jazoga tortish masalasi ham ko‘tariladi. Faqat 1999 yilga kelib, Melita 87 yoshda bo‘lganida Britaniya ichki ishlar vaziri unga qarshi ochilgan jinoyat ishi yopilganini e’lon qiladi.

Ko‘pgina tadqiqotchilar SSSR tarqab ketgandan so‘ng Mitroxin taqdim etgan hujjatlarning katta qismi o‘z ahamiyatini yo‘qotganini aytib, G‘arb maxfiy xizmatlari ko‘plab hodisalarda KGB ishtiroki borligini avvaldan bilardi deyishadi.

Shundan bo‘lsa ham, Mitroxinning arxividagi hujjatlar KGB qay tarzda faoliyat yuritgani haqida muhim dalillar sifatida qolaveradi.

Mitroxin arxivi ochiqlangandan so‘ng sodir bo‘lgan xalqaro mojarolar

Mitroxinning arxivi e’lon qilinar ekan, u bir qator davlatlarda turli mojarolarni keltirib chiqaradi. Jumladan, Buyuk Britaniya vakillar palatasi «Mitroxin ishi bo‘yicha hisobotlar» nomi ostidan MI-6 dan hisobot talab qiladi.

Palata MI-6 nega Mitroxin arxivida ko‘rsatilgan KGB ning Britaniyadagi josuslari haqida avvaldan xabardor bo‘lsa-da, ularni tutish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmagani bo‘yicha hisobot so‘raydi.

2002 yilda Italiyada «Mitroxin arxivi» bo‘yicha komissiya tashkil etiladi va SSSR davrida KGB bilan hamkorlik qilgan italyan muxolifat partiyalari faoliyati tekshirila boshlanadi. Komissiyaga «Olg‘a Italiya» partiyasi lideri Paolo Gutssanti boshchilik qiladi.

O‘sha paytda Italiyada Silvio Berluskoni vosh vazir edi va oxir-oqibat hech kimga ayblov e’lon qilinmaydi. Aftidan italyanlar yopig‘lik qozon ochilsa ko‘p sirlar oshkor bo‘lib ketishi mumkinligidan xavotirlanishadi.

Oradan bir necha yil o‘tgach, FSB podpolkovnigi Aleksandr Litvinenko FSB general-polkovnigi Anatoliy Trofimov unga Roman Prodini «Italiyadagi o‘z odamimiz» deb ta’riflaganini aytib chiqadi. Roman Prodi 1996—1998, 2006—2008 yillarda Italiya bosh vaziri bo‘lgan.

Keyinchalik Trofimov Moskvada shubhali tarzda o‘ldirib ketildi. Litvinenko esa Britaniyada zaharlanib o‘ldirildi. Yevroparlamentning ayrim deputatlari Roman Prodining ayblanishi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilishini talab qilishdi, ammo bu amalga oshmadi.

Umuman olganda AQSh va Britaniya xavfsizlik xizmatlari «Mitroxin arxivi»ni KGB haqidagi eng qimmatli manba deb hisoblashadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top