SSSRni 32 yil boshqargan Iosif Stalin tom ma’noda yovuz odam edi. Aynan u boshqargan yillarda SSSRda 20 milliondan oshiq odam qatag‘on qilingan, ko‘plab sovet fuqarolari o‘ldirilgan.

Stalin SSSRga rahbar bo‘lganidan so‘ng ilk qatag‘onlarni siyosiy raqiblaridan o‘ch olishdan boshlagan edi. O‘shanda hech kimga shafqat qilinmaydi.

Stalin shaxsiyatini o‘rganar ekansiz, u raqiblaridan ayovsiz tarzda o‘ch olganini ko‘rish mumkin. U hatto xorijga chiqib ketgan shaxslarni ham o‘ldirtirgan. Ulardan biri Rossiyadagi Oktyabr to‘ntarishi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Lev Trotskiy edi.

Mensheviklardan bo‘lgan Trotskiy Stalin hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng bir necha yil u bilan murosa qilib ishlashga urinadi. Biroq 1920-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, xususiy mulk mahv etilib, mamlakatda jamoa xo‘jaliklari (kolxozlar) tuzila boshlangach, Trotskiy bu ishga qarshi chiqadi. Shunda uni xorijga quvib yuborishadi.

Stalin, Lenin va Trotskiy
Foto: alamy.com

Trotskiy xorijda tinimsiz ravishda sovetlarga qarshi targ‘ibot olib boradi. Oxir-oqibat 1940 yilda 60 yoshli Trotskiy NKVD xodimi tomonidan Meksikada o‘ldirib ketiladi.

Trotskiy

Haqiqiy ism-sharifi Lev Davidovich Bronshteyn bo‘lgan Trotskiy inqilobiy harakatga (aslida davlat to‘ntarish uchun boshlangan harakat) 1896 yilda qo‘shilgandi. O‘shanda u Rossiya janubida yashirin to‘garakka a’zo bo‘ladi va ishchilar orasida imperator tuzumiga qarshi targ‘ibot olib boradi.

1898 yilda Trotskiy ilk marta hibsga olinadi va sudgacha qariyb ikki yil Odessadagi qamoqxonada o‘tiradi. 1899 yilda sud uni Sibirga surgun qilish haqida hukm chiqaradi. Trotskiy Irkutsk guberniyasiga jo‘natib yuboriladi.

1902 yilda u Sibirdan qochadi. Irkutskda hammaslaklari unga Trotskiy nomiga olingan yangi pasport berishadi. Shu tariqa Bronshteyn yangi familiyaga ega bo‘ladi va Kiyev orqali Avstriyaga (u paytlarda Avstriya-Vengriya imperiyasi Rossiya bilan chegaradosh edi) o‘tib ketadi. So‘ng u yerdan Shveytsariyaga boradi.

Sal keyinroq Trotskiy Londonga keladi va shu yerda uning Lenin bilan ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng Trotskiy Lenin tashkil etgan «Iskra» gazetasida o‘z maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. Bu paytgacha u Rossiya sotsial-demokratik partiyasiga a’zo bo‘lgandi.