11:11 / 03.01.2023
4702
Yevropa xalq partiyasi rahbari: YeI raketalarga qarshi qalqonga muhtoj

Yevropa xalq partiyasi rahbari Yevropa Ittifoqi Yevropa mudofaa ittifoqini qurishni boshlashi kerak, deb hisoblaydi. Manfred Veber Kiyevni zamonaviy qurollar bilan ta’minlashga chaqirdi.

Manfred Veber / Foto: Getty Images

Yevropa xalq partiyasi rahbari Manfred Veber Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi munosabati bilan Yevropa Ittifoqini yaqinroq harbiy hamkorlikka chaqirdi. 3 yanvar, seshanba kuni Bayern media-guruhi tomonidan Veber bilan intervyu e’lon qilindi.

«Yevropa Ittifoqi davlatlari nihoyat Yevropa mudofaa ittifoqini yaratishni boshlashi kerak», deb hisoblaydi siyosatchi. Gap, boshqa narsalar qatorida, umumiy Yevropa mudofaa sanoatini yaratish manfaati uchun qurol eksporti bo‘yicha umumiy Yevropa Ittifoqi qoidalari zarurligi haqida bormoqda. 

«Bizga Yevropa Ittifoqi uchun raketalardan mudofaa qalqoni qurish kabi qo‘shma loyihalar kerak», — deya qo‘shimcha qildi Veber. Uning fikricha, Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hozirgi bosqichda bunday imkoniyatni boy berishmoqda. 

Bundan tashqari, Yevroparlamentdagi eng yirik siyosiy kuch rahbari Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berishga chaqirdi. «Agar biz Ukrainani kuchaytirmasak, 2023 yil o‘tgan yildan ham yomonroq bo‘lishi mumkin», dedi u. Siyosatchi Germaniya hukumati zamonaviy tanklar bilan ta’minlashni NATO bo‘yicha hamkorlar orqali muvofiqlashtirishi kerakligini bildirdi.

Veberning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin «bu urushda g‘alaba qozona olmasligini» tushunishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, Ukraina uchun zamonaviyroq va takomillashtirilgan qurollar «afsuski, hozirda tezda tinchlikka qaytishning eng yaxshi usuli», dedi YeXP rahbari. 

Kiyev meri Vitaliy Klichko 2 yanvar kuni Germaniyani Ukrainani Leopard 2 tanklari bilan ta’minlashga chaqirdi. «Bunday turdagi tanklarsiz Ukrainaga qo‘shimcha hududlarni qaytarib olish juda qiyin bo‘ladi», deb yozdi Klichko Germaniyaning Bild am Sonntag haftalik gazetasining mehmonlar uchun mo‘ljallangan ruknida. Shu bilan birga, mer Kremlning Ukraina poytaxtini bosib olishga yangi urinishi ro‘y berishi mumkinligini inkor etmadi va Rossiyada qator ekspertlar fikricha, safarbarlik hali ham davom etayotganini eslatdi. «Kiyev Moskva uchun maqsad bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», dedi Vitaliy Klichko. 

Top