12:06 / 06.01.2023
8912
“Turmush o‘rtog‘im bir qo‘l bilan oila boqyapti” - qirq joni qiynoqda qolgan onalar

Ayolning qirq joni bo‘ladi deyishadi. Bu ayollarning qirq joni ham qiynoqda. Bir yondan farzandining og‘ir dardini o‘ylab azoblansa, bir yondan qo‘li kaltaligidan o‘kinadi.

Yana bir tomondan topganining bir uchini ro‘zg‘orga, bir uchini farzandining dorilariga tortib yetkazolmay qiynalayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rib yordam berolmaslik, ilojsizlikdan siqiladi.

“Gematologiyani ko‘rishni xohlamayman”

Qizalog‘ining ko‘zini operatsiya qildirib besh kunda qaytib ketishi kerak bo‘lgan Mahliyo Toshkentda hali uzoq qolishini, farzandini qanday tashxislar kutib turganini bilmasdi.

“Gematologiyani ko‘rishni xohlamayman. O‘sha binoga kirishni dushmanlarimga ham ravo ko‘rmayman. Ximiya nima ekanligini bilmasdim.

Muolajalarini boshlaganimizga qaramasdan ahvoli og‘irlashib ketaverdi. Ko‘zini operatsiya qildirib besh kunda qaytamiz deb o‘ylagandik. Shu sabab turmush o‘rtog‘im Navoiyda qolgandilar.

Ishlash kerak, bolamni ukol-dorilari ham juda qimmat. Turmush o‘rtog‘im ustachilik qiladilar. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Hatto dadasiga, ota-onamga ham tushuntirib berolmayman.

Bola yashashni istab mehr ko‘zlari bilan sizga shunday termilib turadi, lekin qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. Bundan ortiq azob yo‘q ekan, ona uchun”, — deydi Mahliyo o‘kinch bilan.

Soliha Usmonovaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0609 0940 3983 onasi Mahliyo Ochilova nomida

Humo: 9860 2301 0455 4939 ammasi Farangiz Nig‘matova nomida

Manzil: Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, Paraxun MFY, 154-uy.

 

“Ikki farzandimni sinov bilan berdi”

Ma’muraning to‘rt farzandi bor. Hayot bu ayolga ikki ne’matini sinov bilan berdi. Bu shunday sinovki, ham bolalar, ham ota-onaning joni azobda.

“Katta qizim 15 yoshda. Tug‘ma suyak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Displaziya diagnozini qo‘yishgan. O‘g‘limga oqqon xastaligini qo‘yishganda tush ko‘ryapman, deb o‘yladim. Juda ham og‘ir dard ekan.

Bo‘lishi mumkin emas, birinchi bolam nogiron, ikkinchisi ham dard chekadimi deb, shuda qattiq tushkunlikka tushdim. Turmush o‘rtog‘im ham qayg‘urib qandli diabet kasalini orttirib oldilar.

Farzandlarimni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqaman. Xudodan faqat bolalarimni olib qo‘yma, deb so‘rayman”, — deydi onaizor.

Ibrohim Karimovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0610 5524 5467 onasi Ma’mura Karimova nomida

Humo: 9860 0101 0224 3416 onasi Ma’mura Karimova nomida

Manzil: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Korxoja ota ko‘chasi 56-uy.

 

«Turmush o‘rtog‘im bir qo‘l bilan oila boqyapti»

Kulfat kelsa qo‘shaloq keladi, deyishgani rost ekan, Muhabbatning boshiga ketma-ket musibat yog‘ildi. Turmush o‘rtog‘i avariya bo‘lganidan ko‘p o‘tmay o‘g‘liga limfa tugunlari raki tashxisi qo‘yildi. Ahvoli og‘ir bola bilan Toshkentga yetib kelish ham oson bo‘lmadi.

“Nafas olmasdi, kislorodda bazo‘r olib keldik. Eng so‘nggi daqiqalarda yetkazib keldik. Jonlantirish bo‘limiga yotqizishdi. O‘n besh kun o‘sha yerda davolashdi. Keyin onkologiyadan to‘g‘ri gematologiyaning jonlantirish bo‘limiga o‘tkazishdi.

Turmush o‘rtog‘im zavodda ishlaydilar. Oktyabr oyida mashina urib ketgandi. Beton aralashtiradigan mashina 8-10 metr sudrab ketgan. Hozir qo‘li gipsda bo‘lsa ham bir qo‘li bilan oilamizni boqish uchun ishlayapti”, — deydi Muhabbat ko‘zyoshlarini tiyolmay.

Allan Maratovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 1309 7602 8086 onasi Muhabbat Allambergenova nomida

Humo: 9860 0801 7057 6831 onasi Muhabbat Allambergenova nomida

Manzil: Qoraqalpog‘iston respublikasi, Nukus shahri, A. Shamuratova ko‘chasi 45-uy.

 

“Otam bizni boqishga qiynalyapti”

Matluba opa tunlarni tonglarga ulab olti oyni qanday o‘tkazganini bilmaydi. 13 yoshli qizi O‘g‘iloy kechalari og‘riqdan uxlolmay dodlab chiqadi. Farzandi azoblanayotganini ko‘rish esa hech bir onaga oson emas.  

“9 martdan beri oqqon kasalligi bilan kurashamiz. Sharoitim juda og‘ir. To‘rt nafar qizim bor. Oilamizda faqat turmush o‘rtog‘im ishlaydi. Fermer xo‘jaligida qo‘y boqadi. Qo‘li kaltalik qilib qiynalib qolyapti. 

Kelgan vaqtimiz og‘riqqa chidolmay dodlab chiqardi. Ko‘ziga tikilib hayotga qaytarish uchun nima qilishni bilmasdim. Xudoga shukur, hozir yaxshi”, — deydi onaizor ko‘zyoshlarini yashirishga urinib.

O‘g‘iloy ayni o‘qib-izlanadigan, dugonalari bilan maktabga boradigan va onasiga dastyor bo‘lgan yoshda kasallik bilan kurashib vaqt o‘tkazayotganidan o‘kinsa, bir tomondan otasini o‘ylab qiynaladi.

“Sinfdoshlarim, o‘qituvchim telefon qilishadi. Qachon maktabga chiqasan, deb so‘rashadi. Ular bilan birga o‘qigim kelyapti. Maktabimni, dugonalarimni sog‘indim.

Dadam ham oilamizni boqishga, ham meni dorilarim uchun pul topishga qiynalyaptilar. Tinmay ishlasalar ham pullarini yetkazolmayaptilar”, — deydi O‘g‘iloy yig‘lab.

O‘g‘iloy Ergashevaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0607 4933 2921 onasi Matluba Bo‘riqulova nomida

Humo: 9860 1201 2398 8350 otasi Xursandbek Bo‘riqulov nomida

Manzil: Andijon viloyati, Marhamat tumani, Rohat mahallasi, Ko‘mirchi ko‘chasi 23-uy.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi, tasvirchi G‘iyos Safarov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top