19:12 / 09.01.2023
8490

O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro aviaparvozlarni tiklamoqda

Toshkent va Pekin o‘rtasidagi parvozlar qariyb uch yil o‘tib tiklanmoqda. Uzbekistan Airways birinchi reysni 10 yanvar kuni amalga oshiradi.

Foto: Kun.uz

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent–Pekin–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklaydi. Bu haqda aviakompaniya axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 10 yanvar kuni ilk parvoz amalga oshiriladi.

Xitoyga kirish uchun yo‘lovchilarga viza va amal qilish muddati 48 soatdan ko‘p bo‘lmagan PZR-test natijasi kerak bo‘ladi.

Uzbekistan Airways saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, chiptalar narxi 6,7 mln so‘mdan boshlanadi. Keyingi reys 17 yanvarga mo‘ljallangan. «Gazeta.uz» aviakompaniya matbuot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, oy oxiriga qadar samolyotlar har haftaning seshanba kunida bir marta parvoz qiladi, fevral oyidan reyslar sonini haftasiga ikki martaga oshirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Xitoy muntazam aviaqatnovlarni 2020 yil fevralida koronavirus pandemiyasi avj olishi munosabati bilan to‘xtatgandi.

Top