Jahon | 20:37 / 13.01.2026
21143
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston osmonida O‘zbekiston va Rossiya samolyotlari xavfli yaqinlashgani ma’lum bo‘ldi

10 yanvar kuni Qozog‘iston osmonida Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasi samolyoti Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyoti bilan xavfli darajada yaqinlashgan. Qozog‘iston mas’ul idorasi tergov boshlanganini e’lon qildi.

Foto: Kirill Kallinikov

Qozog‘iston Transport vazirligining Transport hodisalari va insidentlarini tergov qilish departamenti 13 yanvar kuni Qozog‘iston havo hududida Moskvaga/Moskvadan uchib kelgan ikkita yo‘lovchi samolyotining xavfli yaqinlashuvi bilan bog‘liq jiddiy aviatsiya insidentini tekshirish uchun maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Nur.

10 yanvar kuni erta tongda Qozog‘istonning Chimkent tumani dispetcherlik markazi mas’uliyat zonasida «Pobeda» aviakompaniyasining Vnukovodan Samarqandga DP-997 reysini amalga oshirayotgan Boeing 737-800 samolyoti va Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Termizdan Vnukovoga HY-9609 reysini amalga oshirayotgan Airbus A320neo samolyoti o‘rtasida minimal eshelon intervali buzilgan.

Bortlar qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlangan: birinchisi 350 eshelonda (35 000 fut yoki 10 668 metr), ikkinchisi esa qarama-qarshi 360 eshelonda (36 000 fut yoki 10 972 metr). «Pobeda» ekipaji ko‘p o‘tmay qozog‘istonlik dispetcherdan 370 eshelonga (37 000 fut yoki 11 277 metr) ko‘tarilishni so‘ragan va u adashib, unga band bo‘lgan qarama-qarshi eshelonni kesib o‘tish uchun ruxsat bergan.

Balandlikka ko‘tarilish boshlanganidan so‘ng, ikkala samolyotda ham Resolution Advisory (RA) rejimida havodagi samolyotlar to‘qnashuvining oldini olish tizimi (TCAS) ishga tushgan.

Ushbu rejimda TCAS samolyotlar o‘rtasida vertikal bo‘yicha 600 fut (yoki 183 metr) va undan kam, gorizontal bo‘yicha esa 2,1 milya (3,38 km) va undan kam masofa qolganda yoki havo kemalarining tezligini hisobga olgan holda ehtimoliy to‘qnashuvga 25 soniya va undan kam vaqt qolganda ishlaydi. Aynan RA rejimida TCAS ekipajni haqiqiy to‘qnashuv xavfi haqida ogohlantiradi va unga darhol balandlikka ko‘tarilish yoki pastga tushish buyrug‘ini beradi. Ushbu TCAS buyruqlari dispetcherlik ko‘rsatmalaridan ustun turadi.

Maksimal 35 323 fut balandlikka ko‘tarilishga ulgurgan «Pobeda» samolyotida TCAS uchuvchilarga zudlik bilan pastga tushishni, Uzbekistan Airways ekipajiga esa aksincha, zudlik bilan balandlikka ko‘tarilishni buyurdi. Uchuvchilar belgilangan manyovrlarni bajardi, shundan so‘ng minimal intervallar yana tiklandi va TCAS signalizatsiyasi to‘xtadi. Ta’kidlanishicha, shundan so‘ng ekipajlar dispetcherga hodisa haqida hisobot berdi va parvozni odatdagidek davom ettirib, belgilangan manzilga qo‘ndi.

Endi hodisa Qozog‘iston Transport hodisalari va insidentlarini tergov qilish departamenti tomonidan o‘rganiladi.

Mavzuga oid