08:39 / 09.01.2023
6469

Shvetsiya bosh vaziri: Turkiya NATO bo‘yicha real bo‘lmagan shartlar qo‘yyapti

Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi uchun Turkiyaning roziligi zarur. Biroq, Anqara Stokholm qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblayotgan shartlarni ilgari surmoqda.

Ulf Kristersson / Foto: Reuters

Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson 8 yanvar, yakshanba kuni Turkiyaning Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lishiga rozi bo‘lish uchun ilgari surgan ayrim shartlari Stokholm uchun bajarib bo‘lmas darajada, deb ma’lum qildi. «Turkiya bir vaqtning o‘zida ikkita narsani tan oladi – biz va’da qilganimizni bajardik va ular biz bera olmaydigan yoki bermoqchi bo‘lmagan narsani talab qilishyapti», — deya Kristerssonning so‘zlarini keltiradi Reutersagentligi. U qanday shartlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi.

Shunga qaramay, Shvetsiya bosh vaziri Anqara zarur rozilikni berishiga ishonch bildirdi. Shvetsiya va Finlandiya Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish tartibini Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishidan keyin boshladilar. Stokholm va Helsinki 18 may kuni rasmiy ariza topshirgan. NATOning barcha 30 ta davlati qarorni ratifikatsiya qilishi kerak - shu kungacha 28 davlat buni amalga oshirgan. Turkiya va Vengriya hozirgacha bu qadamdan o‘zini tiyib turibdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an avvalroq Shvetsiya to‘g‘ri yo‘nalishda «ijobiy qadamlar» tashlayotganini, biroq ittifoqqa a’zo bo‘lish uchun keyingi qadamlar zarurligini aytdi. Boshqa narsalar qatori, Anqara Stokholm va Helsinkidan kurd ekstremistlari va 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda.

Top