13:56 / 11.01.2023
19241

Do‘stlik buzildimi? Nega Gruziya Ukrainaga uning «Buk» tizimlarini qaytarib berishni xohlamayapti?

Gruziya 2008 yilgi Rossiya bilan urushdan oldin Ukrainadan olgan qurol-yarog‘larini Kiyevga qaytarishdan bosh tortdi. Tbilisi, shuningdek, Kiyevga Rossiyaga qarshi turishda yordam beruvchi boshqa qurollarni ham yetkazib bermoqchi emas.

Foto: Getty Images

Bir vaqtlar Ukrainadan yordam olgan Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili hozirgi Gruziya hukumatini Ukrainaga nisbatan nodo‘stona harakatlari uchun allaqachon qoraladi.

Ukrainaning Gruziyadagi muvaqqat ishlari vakili Andrey Kasyanovning 9 yanvar kuni (2022 yil martidan beri Ukrainaning Gruziyada elchisi yo‘q), ma’lum qilishicha, Kiyev Tbilisidan 2008 yilgi urush oldidan berilgan o‘zining «Buk» tizimlarini qaytarishni so‘ragan.

Ukraina so‘roviga AQSh tomonidan Gruziyaga berilgan Javelin tankka qarshi tizimlari ham kiritilgan. «Vashington nafaqat bu majmualarni Kiyevga topshirishga rozilik berdi, balki Gruziyaga ularni yanada zamonaviyroq qurollarga almashtirishni taklif qildi», deydi Kasyanov.

Ukrainalik diplomat Gruziya hukumati Ukrainaga qurol-yarog‘ bilan yordam berishni «qat’iyan rad etgani»dan shikoyat qilgan.

10 yanvar kuni Gruziya mudofaa vazirligi Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni rejalashtirmayotganini tasdiqlovchi bayonot berdi. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, gap faqat bitta «Buk» tizimi haqida bormoqda va bu tizimni Ukraina Gruziyaga shunchaki bermagan, balki bir necha million dollarlik shartnoma asosida sotgan.

Vazirlik shuningdek, Gruziya 2017 yilda AQShning tankka qarshi Javelin tizimlari uchun o‘n millionlab dollar to‘laganini ta’kidlagan.

«Gruziya o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Ukrainaga insonparvarlik va siyosiy yordam ko‘rsatishda davom ettiradi», — deyiladi mudofaa vazirligi bayonotida.

«Buk» mojarosi

O‘sha davrdagi Ukraina hukumatining rasmiy hisobotlariga ko‘ra, 2008 yilning 27 mayidan 8 avgustigacha Gruziyaga turli qurollar, shu jumladan bitta «Buk-M1» zenit-raketa majmuasi yetkazib berilgan.

Keyinchalik Oliy rada Ukraina harbiy texnikasining Gruziyaga yetkazib berilishini tekshirdi va tergov komissiyasining 2008 yil dekabr oyidagi hisobotida aytilishicha, qurollar jahon bozorida belgilangan narxlardan ancha past narxlarda yetkazib berilgan.

Xususan, «Buk-M1» havo hujumidan mudofaa tizimi Gruziyaga atigi 20 million dollarga sotilgan, Pokiston esa xuddi shu vaqtda tizim uchun 100 million dollar taklif qilgan.

Keyinchalik, 2019 yilda ushbu shartnoma «Ukraina qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligi, samaradorligi va davlat mudofaa qobiliyatining pasayishiga olib kelgan davlatga xiyonat, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani talon-toroj qilish» ishi doirasida qaytadan taftish qilindi.

Hozirda Gruziya qamoqxonasida saqlanayotgan Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Facebook’da bayonot berib, Gruziya rasmiylarining Ukrainaga qurol yetkazib berishni rad etish haqidagi qarorini qoraladi.

«Gruziya hukumati Ukrainaga uning «Buk» tizimini eng zarur paytda qaytarib berishdan bosh tortishi katta sharmandalik. 2008 yilda ushbu «Buk» tizimi bilan biz Rossiyaning 14 ta samolyotini, jumladan, TU-22 strategik bombardimonchi samolyotini urib tushirgandik», deyiladi sobiq prezident bayonotida. Rossiya mudofaa vazirligi 2008 yilda 4 ta samolyoti, xususan TU-22 samolyoti urib tushirilganini tasdiqlagan.

Gruziyaning hozirgi hukumati Rossiya bosqini davrida Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlamagani uchun tez-tez tanqid qilinadi.

Shu o‘rinda, 2008 yilgi urush paytida Kiyev Tbilisini qanday qo‘llab-quvvatlaganini eslash lozim. O‘shanda Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko Gruziyani qattiq qo‘llab-quvvatlagan va hatto Tbilisiga rus qo‘shinlari tomonidan hujum qilish xavfi tug‘ilganda shaharga kelgan edi.

Yushchenko Mixail Saakashvili bilan do‘stona aloqalarini keyin ham saqlab kelgan, biroq Tbilisi va Kiyev o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarni sovuq deb atash mumkin.

Ukraina rahbariyati, shu jumladan shaxsan Volodimir Zelenskiy gruziyalik hamkasblariga Ukraina fuqarosi bo‘lib qolayotgan Mixail Saakashvilini qamoqdan ozod etishni so‘rab bir necha bor murojaat qilgan, biroq Gruziya hukumati bu borada ham kelishuvga bormayapti.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top