12:00 / 16.01.2023
5198

Qatar Yevroparlamentdagi ikki deputatning safari xarajatlarini to‘lab bergan

Belgiyadan Yevroparlament deputatlari Mark Tarabella va Mariya Arena amirlik hisobidan Qatarga e’lon qilinmagan safarni amalga oshirganliklarini tan olishdi.

Foto: AP

2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati bilan bog‘liq Yevropa Ittifoqidagi korrupsiya mojarosi fonida, Yevroparlamentning Belgiyadan ikki a’zosi o‘tgan hafta Qatarga safar qilganliklarini yashirib kelishganini tan olishdi. 15 yanvar, yakshanba kuni sotsialistlardan Yevroparlament deputati Mark Tarabellaning advokati Belgiyaning RTL telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, uning mijozi 2020 yil fevral oyida amirlik hisobidan Qatarga borgan, biroq parlamentga safar haqida xabar bermagan.

«Uni (Qatarga) kongressga taklif qilishdi. Tashkilotchilar pul to‘lashdi, - dedi Tarabellaning advokati. - U hali safarini e’lon qilmagan Keyin Ganaga ketdi, keyin esa - COVID-19. Uning hamkasbi unga buni qilishi kerakligini eslatdi, ammo vaqt tugagandi». Himoyachi ta’kidlaganidek, «tashkilotning sayohat uchun pul to‘lashida noqonuniy hech narsa yo‘q».

Bir necha kun oldin, YePning markaziy so‘l sotsial-demokratik fraksiyasi a’zosi Mariya Arena 2022 yil may oyida Qatar hukumati tomonidan moliyalashtirilgan shunga o‘xshash safarni amalga oshirgani haqida xabar berishni «unutganini» aytdi. Belgiya ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotida u «hujjatni to‘ldirish juda qiyin bo‘lganini» ta’kidladi. Shundan so‘ng, Arena YeP Inson huquqlari bo‘yicha quyi qo‘mitasi raisi lavozimini tark etish qarorini e’lon qildi.

2022 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Yevroparlament vitse-prezident Yeva Kayli lavozimidan chetlatildi. U qamoqqa olingan va Belgiya rasmiylari tomonidan jinoiy tashkilotga aloqadorlik, pul yuvish va korrupsiyada ayblangan to‘rtta gumonlanuvchidan biri. 22 dekabr kuni Bryusseldagi birinchi instansiya sudi dastlabki tergov palatasi Kaylining hibsga olish muddatini bir oyga uzaytirdi.

Yanvar oyi boshida YeP raisi Roberta Metsola korrupsiya mojarosini tergov qilayotgan Belgiya sud tizimining iltimosiga binoan ikki deputatni parlament daxlsizligidan mahrum qilish bo‘yicha «shoshilinch tartib» tashabbusi bilan chiqdi. Bu ikki deputat kim ekani aniqlashtirilmagan, ammo OAV xabar qilganidek, tergovga ayblanuvchilar sifatida Mark Tarabella va italiyalik Andrea Kotssolino jalb qilingan.

Yevroparlamentda Kayli Qatardagi mehnat bozoridagi vaziyatni kuzatuvchi vakillardan biri bo‘lgan, u yerda huquq himoyachilari Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarining ko‘plab buzilishi holatlarini qayd etishgan. 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri bilan uchrashdi va 22 noyabr kuni YePda so‘zga chiqib, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berib, uni «arab dunyosini ilhomlantiradi» deb atadi.

Noyabr oyida Tarabella Qatarning inson huquqlari holatini yaxshilash bo‘yicha qilgan «ijobiy qadamlari»ni ta’kidladi. Parlamentariyning advokatiga ko‘ra, bu «real siyosat» bo‘lib, mamlakat hukumatini «rag‘batlantirish» uchun mo‘ljallangan.

Top